www.ziyouz.com kutubxonasi
5
Lablarimdan may simir, jonim,
O’zga maydan gapirma zinhor.
Missis K. takror xirgoyi qildi. Biroq endi so‘zlarsiz, ko‘zlarini yumib kuyladi, qo‘llari esa bamisoli
havoda raqs tushar edi. Oxiri u jim bo‘lib qoldi.
Kuy chindan ham ajoyib edi.
— Bu qo‘shiqni endi eshitayapman. Sen o‘zing to‘qidingmi? — jiddiy ohangda so‘radi eri undan,
sinovchan boqib.
— Yo‘q... Ha... To‘g‘risi, bilmayman! — Ayol sarosimada edi. — Men so‘zlarini ham bilmayman —
allaqanday begona tildagi qo‘shiq edi.
— Qanaqa tilda?
— Bugun quyosh qayoqdan chiqdi?
— Kel endi, — qo‘l siltab dedi er. — Borasanmi-yo‘qmi, shuni ayt.
Ayol oqishtob cho‘lga razm soldi. Ikki oppoq oy ufq ortidan ko‘tarilib chiqdi. Muzdek suv oyoq
panjalarini silar edi. Uning badani yengil jimirlab ketdi. Hammadan ham ayol shu yerda qolishni,
churq etmay bir joyda jim o‘tirishni xohlar edi, u kuni bilan o‘ylagan narsasining, — sodir bo‘lishi lozim
va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsaning amalga oshishini kutmoqda edi... Qo‘shiqning nafis
ohangidan yuragi hapriqib ketdi.
— Men...
— Senga yaxshi bo‘ladi, — dedi eri. — Qani, ketdik.
— Men charchadim, — javob berdi xotini, — boshqa safar boramiz.
— Mana bu sharfing, — er unga shisha idishchani tutdi. — Necha oydirki, ikkalamiz hech yerga
chiqqanimiz yo‘q.
— Sening haftasiga ikki martadan Ksi-Sitiga qilgan safarlaringni hisobga olmaganda, — dedi u
eriga, undan ko‘zini olib qochgancha.
— Ish bor, — dedi eri.
— Ish bor, — shivirladi ayol.
Shisha idishchadan suyuqlik otilib chiqdi. Moviy zulmatga aylandi-da, ayolning bo‘yni atrofidan
vishillab aylanib doira yasadi.
Tep-tekis, muzdek qum uzra, xuddi laqqa cho‘g‘dek charaqlab, olov qushlar muntazir edi.
Qushlarga ko‘plab yashil tasmalar bilan bog‘lab qo‘yilgan oppoq chodir tungi shamol epkinidan
qappayib hilpirardi.
Illa chodir ostida yotardi, erining buyrug‘i bilan olov ufurgan qushlar tim qora osmonga ko‘tarildi.
Tasmalar taranglashdi, chodir havoda suzib borardi. Qumlar shuvullagancha pastga to‘kildi. Moviy
tepaliklar ularning uyini yomg‘irli ustunlarni, qafasdagi gullarni, kuylovchi kitoblarni, yerdagi unsiz,
irmoqlarni orqada qoldirgancha shundoq yonginalaridan bir-bir o‘tib borar edi. Ayol eriga qaramasdi.
Erining qushlarga qarab qichqirishlarini eshitib turardi. Qushlar esa tobora ko‘tarilib borar, shu
parvozda ular bamisoli laqqa cho‘g‘lardek qip-qizil mushaklarga o‘xshab krinar edi.
Ayol pastda miltirab ko‘rinib turgan qadimgi o‘lik shaharlarga, xuddi suyakdan yasalgan shatranj
donalari kabi uylarga qaramasdi, bo‘shliq va ermaklarga limmo-lim qadimgi anhorlar ham uning
uchun bir pul edi. Bamisoli oy nuriday porloq mash’al kabi ular qurib qolgan daryolar va suvsiz ko‘llar
ustidan uchib o‘tmoqda edilar.
Ayol faqat osmonga qarar edi.
Er nimadir dedi.
Ayolning ko‘zi osmonda.
— Nima deganini eshitdingmi?
— Nimani?
Er qattiq xo‘rsindi.
— Sal hushingni yig‘sang bo‘larmidi...
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |