www.ziyouz.com kutubxonasi
4
— Albatta, bema’ni-da, axir bu tush edi-ku, — itoatkorona qo‘shildi ayol. — U yana: «Bu koinot
orqali birinchi parvozimiz. Kemada biz ikki kishi edik, men va do‘stim Berg», — dedi.
— Bunisi undan ham bema’niroq ism ekan.
— U shunday dedi: «Biz yerdagi shahardan keldik, sayyoramizning nomi shunaqa», — davom etdi
missis K. — Bu uning so‘zlari. Ha, shunday dedi — Yer. Keyin u bizning tilimizda gapirmadi. Lekin
men bir amallab uni tushundim. Zehnim-da. Bu telepatiya, albatta.
Mister K. orqasiga o‘girilib, keta boshladi. Biroq xotinining ovozidan u yana to‘xtadi.
— Ill! — asta chaqirdi ayol. — Sen hech uchinchi sayyorada odam bor-yo‘qligi haqida o‘ylab
ko‘rganmisan?
— Uchinchi sayyorada hayot bo‘lishi mumkin emas. — Bosiqlik bilan tushuntira boshladi eri. —
Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari ko‘p. U yerda odamlar
yashaganida qanday zo‘r bo‘lar edi-ya! Qanaqadir g‘alati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda
nur ustiga nur bo‘lardi.
— Menga qara, Ill, o‘zing yaxshi bilasan, men bunaqa safsatalarni jinimdan yomon ko‘raman.
Undan ko‘ra ishdan gapir.
Ayol yomg‘ir tomchilib turgan ustunlar oralig‘ida odimlab yurganida kech kirib qolgan edi. O’sha-
o‘sha kuy, o‘sha-o‘sha ohang.
— Shu ham qo‘shiq bo‘ldi-yu. — Chidayolmay to‘ng‘illadi eri, olov stolga borar ekan.
— Bilmadim.
Ayol beixtiyor go‘sht bo‘laklarini qaynab turgan olovga tashladi.
— Bilmayman. — Ikkinchi lahzada go‘sht pishib tayyor bo‘lgan edi. Ayol uni olov ichidan oldi-da,
likopchaga solib eriga tutdi. — Eh, balki bu ko‘nglimga o‘z-o‘zidan kelib qolgan safsatadan boshqa
hech narsa emasdir, nimagaligini o‘zim ham bilmayman.
Eri boshqa hech nima demadi. Xotinining go‘shtni vishillab turgan olov halqobi ichiga qanday
tashlayotganini tomosha qilib turardi. Quyosh ufq ortiga yashirindi.
Xonaga asta-sekin tun kirib kela boshladi, u ustun va er-xotinni yamlagancha o‘zining tundek qora
sharobi bilan xona shiftigacha limmo-lim to‘ldi. Faqat kumushrang olov ularning yuzlarini g‘ira-shira
yoritib turardi.
Ayol yana g‘alati qo‘shiqni kuylay boshladi.
Er o‘rnidan sapchib turdi-da, g‘azab bilan eshik tomon yo‘naldi.
Bir ozdan so‘ng er kechlik ovqatni o‘zi tanovul qildi.
Stoldan turdi-da, kerishdi, xotiniga qaradi va esnab turib taklif kiritdi:
— Olov qushlarga minib shaharda bir chigilyozdi qilib kelmaymizmi?
— Jiddiy aytayapsanmi? — so‘radi xotin, — isitmang yo‘qmi?
— Buning nimasiga ajablanasan?
— Axir biz yarim yildan beri hech qayoqqa borganimiz yo‘q-ku?
— Bu ham chakki fikr emas.
O’zidan hayron bo‘lganicha ayol eriga qaradi. Ensasi qotib, qo‘lini og‘ziga olib bordi. Quyosh
botmoqda edi. Atrofni qorong‘ilik qoplagan sayin xuddi ulkan gul kabi uy yopilib borar edi. Ustunlar
oralig‘ida shabada esdi, olov stolda bir mittigina kumushrang olov ko‘lchasi qaynar edi. Shamol missis
K.ning qizg‘ish sochlarini taragancha, uning qulog‘iga nimalaridir shivirlar edi. Oltinrang xira nigohini
ufqqa, dengizning oqish-sarg‘ish yuziga tikkancha u jimgina turar edi. Shunda xotirasida qandaydir
qo‘shiq satrlari jonlandi:
Nigohimda qadah sunarman,
Ishqingga shul erur javobim,
— deya ayol past va mayin ovozda xirgoyi qila boshladi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |