www.ziyouz.com kutubxonasi
3
bag‘riga bosishiga, yuz-ko‘zlarini silab erkalashga vaqt topa olishiga imoni komil edi.
Afsus! Ayol boshini chayqadi, hafsalasi pir bo‘lgandek bilinar-bilinmas yelkalarini uchirib qo‘ydi,
oltinrang kiprikli ko‘zlarini asta berkitdi. Nikoh hattoki ilgaridan tanish bo‘lgan yosh yigit-qizlarni ham
keksa qilib qo‘yadi...
Ayol o‘rindiqqa cho‘kdi, o‘rindiq bamisoli uning butun vujudini bag‘riga oldi. U asabiy qoshlarini
chimirdi va ko‘zlarini yumdi. Ayol tush ko‘ra boshladi. Qoracha barmoqlari titrab ketdi, beixtiyor
havoda o‘ynay boshladi. Lahza o‘tib, ayol o‘rindiqda cho‘chib qaddini rostladi va og‘ir-og‘ir nafas ola
boshladi.
U xuddi birovni ko‘rmoqchi bo‘lgandek shosha-pisha xonaga razm solib chiqdi. Taajjub: ustunlar
oralig‘i bo‘m-bo‘sh edi.
Uchburchak eshikda eri ko‘rindi.
— Sen meni chaqirdingmi? — g‘ijinib so‘radi eri.
— Yo‘q! — deyarli qichqirib javob berdi ayol.
— Menga xuddi qichqirgandek bo‘lib tuyulding.
— Rostdanmi? Men mizg‘ib tush ko‘rayotgan edim.
— Kunduziya? Senda ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi-ku.
Ayolning ko‘zlaridan uning o‘zi ham tush ko‘rganidan taajjublangani shundoq ko‘rinib turardi.
— Qiziq, judayam qiziq, — g‘udrandi ayol. — Bu tush...
— Xo‘sh? — eri kitobga qaytib borishga toqatsizlanayotgan edi.
— Tushimga bir erkak kiribdiki...
— Erkak?
— Baland bir erkak. Bo‘yi olti fut bir dyuym1 keladi.
— Bu qanaqasi: butun boshli bir dev, alvasti-ku!
— Nimagadir, — ayol dona-dona qilib so‘zlay boshladi, — u alvastiga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, bo‘yi
juda baland edi. Uning — eh, bilaman, bu gaplar senga alahsirashga o‘xshaydi — uning ko‘zlari ko‘m-
ko‘k edi!
— Ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi, — takrorladi mister K. — Ey xudoyim, keyingi gal qanaqa tush ko‘rar
ekansan-a?! Hali qop-qora sochli odam ham ko‘rdim dersan.
— Buni qanday bilding? — dedi ayol.
— Shunchaki to‘g‘ri kelgan rangni aytdim-qo‘ydim-da, — quruqqina javob berdi er.
— Ha, sochlari qop-qora! — qichqirib dedi ayol. — Badani esa oppoq. Judayam g‘alati odam!
Egnidagi kiyimlari ham g‘alati, u osmondan inib tushdi-da, men bilan muloyim gaplasha ketdi.
Ayol jilmaydi.
— Osmondan emish. Shu ham gap bo‘ldi-yu.
— U quyoshda charaqlab turgan ma’dan mashinada uchib keldi, — eslay boshladi missis K. U
ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirish uchun ko‘zlarini yumdi. — Tushimga osmon kirdi. Shunda bir narsa
yalt etdi. Xuddi havoga otilgan tangadek. Keyin u kattalasha boshladi. Kattalashib-kattalashib yerga
ravon tushib keldi, — bu uzun kumushrang dumaloq kema, begona kema edi. So‘ng biqindagi eshik
ochildi-da, undan baland bo‘yli bir erkak chiqib keldi.
— Ko‘proq ishlaganingda bunday ahmoqona tushlar ko‘rmas eding.
— Menga esa bu juda yoqdi, — javob berdi ayol o‘rindiqqa o‘zini tashlab. — Shunday narsalarni
tasavvur qilaman deb hech xayolimga kelmagandi. Qop-qora sochlar, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, oppoq badan!
Qanday ajoyib erkak, buning ustiga, juda chiroyli ham.
— Senga shunaqa tuyulgan.
— Voy ichi qora-ey. Men shunday bo‘lishini xohlaganmidim, pinakka ketganimda u o‘zi paydo bo‘lib
qoldi. Hatto bu tushga ham o‘xshamaydi. Birdan kutilmaganda, g‘ayri oddiy bir tarzda... U menga
qaradi-da: shunday dedi: “Men bu kemada uchinchi sayyoradan uchib keldim. Mening ismim Nataniel
Yor...”
— Bema’ni ism, — e’tiroz bildirdi eri. — Bunaqa bo‘lishi mumkin emas.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |