www.ziyouz.com kutubxonasi
9
hukmron. Shu tob bosim sezilar-sezilmas o‘zgaradi — bu sayyora uzra uchib borayotgan yomon ob-
havoning nafasi, uning soyasi, shamoli, pardasi. Havo quloqlariga bosim beradi, sen esa yaqinlashib
kelayotgan bo‘ronni kutgancha tordek tarang tortilasan. Vujudingni titroq qoplaydi. Osmon rangin,
bulutlar quyuqlashadi, tog‘lar cho‘yan rangiga kiradi. Katak-katak gullar ogohlantirgan kuyi asta
xo‘rsinadilar. Boshdagi sochlar xiyol qimirlaydi. Uyning allaqaeridagi soat tinimsiz bong uradi: “Vaqt,
vaqt, vaqt, vaqt...” Soat ovozi shu qadar mayin eshitiladiki, go‘yo baxmal ustiga tushgan suv
tomchisidek.
To‘satdan, momoqaldiroq! Elektr yalt-yult qiladi va osmon uzra qora to‘lqin va momoqaldiroqli
bulutning hamma narsani yamlab yuboruvchi mavjlari ustma-ust yopirilib tusha boshlaydi.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Garchi osmon ochiq bo‘lsa-da, bo‘ron yaqinlashib kelardi. Garchi bulut
bo‘lmasa-da, chaqmoq chaqishi aniq edi.
Illa sukunat hukmron yozgi xonadon xonalari bo‘ylab kezinardi. Har daqiqa osmondan chaqmoq
kelib tushishi, havoni gumburlagan ovoz bilan larzaga solishi, to‘p-to‘p bulutlar bosishi mumkin edi.
Jimjitlik, yo‘lakdagi odimlar, billur eshikning qoqilishi — barchasi uni ta’qib etardi va u o‘qday
otilgancha ularga peshvoz chiqardi...
“Jinni Illa! — xayolan kinoyali jilmayib qo‘ydi ayol, — sening bu tentak xayolingga nimalar
kelmaydi.
Shu tob o‘sha narsa yuz berdi. Jazirama issiq havo xuddi ulkan alanga singari yonidan uchib o‘tdi.
Shiddatli tovush quloqni teshdi. Osmon yorishib, ma’danlar chaqnadi.
Illa beixtiyor qichqirib yubordi.
U ustunlar orasidan yugurib o‘tdi-da, eshikni lang ochib yubordi. Ayol tog‘larga tikildi. Lekin u
yerda hech narsa yo‘q edi...
Qiyalikdan pastga otilmoqchi bo‘ldi, biroq va’dasi esiga tushib qoldi. U shu yerda bo‘lishi, hech
qayoqqa ketmasligi kerak. Doktor har daqiqada kelib qolishi kerak, agar u bu yerdan ketib qolsa,
erining jahli chiqadi.
U tez-tez nafas olgancha va bir qo‘lini oldinga cho‘zgancha eshik oldida to‘xtab qoldi.
Yashil vodiy yastangan joyda nimanidir ko‘rishga harakat qildi, lekin hech narsani ko‘rmadi.
“Jinni! — u xonaga qaytib keldi — bular hammasi bo‘lmag‘ur xayollar, hech narsa bo‘lmagan. Faqat
shunchaki qush varaq, shamol yoki anhordagi baliq. O’tirgin-da, o‘zingga kelib ol”.
Ayol o‘tirdi.
O’q tovushi yangradi.
Aniq, baland ayanchli ovoz.
Ayol titrab ketdi.
O’q ovozi uzoqdan kelgan edi. Bir martagina otildi. Tezuchar asalarilarning uzoqdan kelayotgan
g‘o‘ng‘illashiga o‘xshash birgina o‘q ovozi. Undan keyin esa yanada aniqroq, sovuqroq, uzoqroqdan
kelgan ikkinchi o‘q ovozi yangradi.
Ayol yana titrab ketdi va nimagadir qichqirgancha va bu qichqiriqni bo‘lmaslikka harakat qilgancha
sakrab oyoqqa turdi. Xonama-xona o‘qday uchib, eshikka yaqinlashdi va uni yana lang ochib yubordi.
O’q ovozining aks sadosi tobora uzoqlashib borardi...
Oxiri tindi ham.
Ayol bir necha lahza bo‘zday oqargancha hovlida turib qoldi.
Nihoyat, bitta-bitta bosgancha boshini solintirib, u atrofini ustunlar o‘rab olgan xobgohlar aro yurib
ketdi. Birma-bir o‘tib borar ekan, uning qo‘llari beixtiyor tarzda narsalarga tegar, lablari titrar edi.
Zulmat quyuqlashib borayotgan sharobxonada u bir o‘zi o‘tirgisi keldi. U kutar edi. Keyin yoqut
qadahni oldi-da, uni sharfining uchi bilan ishqalay boshladi.
Bir vaqt uzoqdan qadamlar tovushi, oyoqlar ostida ezilgan mayda qamishlarning chirs-chirs singani
qulog‘iga chalindi.
Ayol o‘rnidan turdi. Jimjit xonaning o‘rtasiga borib turib oldi. Qo‘lidagi qadah yerga tushib chil-chil
bo‘ldi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |