Marsga hujum (roman).
Rey Bredberi
www.ziyouz.com kutubxonasi
11
Odamlar tosh ayvonlarda to‘da-to‘da bo‘lib turar edilar, moviy tepaliklar orasidan ularni ilg‘ash ham
qiyin edi. Marmar amfiteatr ortida qop-qora zulmat ichidan yastangan shaharcha va muhtasham
uylarning ko‘lkalari ko‘zga chalinardi, sokin ko‘llar
kumush rang berib jimirlar, ufqdan ufqqacha
cho‘zilgan anhorlar yalt-yult qilar edi. Beg‘amlik va sokinlik hukmron Mars sayyorasida yoz oqshomi.
Anhorlarning yam-yashil sathi bo‘ylab bamisoli nafis brinch gullardek qayiqlar u yoqdan-bu yoqqa
qarab suzadi. Yonbag‘ir bo‘ylab ilang-bilang saf tortgan uylardagi salqin tun to‘shaklarida yotgancha
oshiq-ma’shuqlar erinchoqlik bilan bir-biriga shivirlashar edi. Xiyobonlardagi mash’alalar
tagida
qo‘llarida oltin o‘rgimchak to‘rlarini tutgan yosh bolalar u yoqdan-bu yoqqa chopib o‘ynashardi.
Unda-bunda kumushrang olov biqirlab qaynagan stollarda kechki ovqat tayyorlanmoqda. Marsning
tungi qismidagi yuzlab shaharlarning amfiteatrida oftobda qoraygan marsliklar tillarang ko‘zlarini
chaqnatgancha estrada atrofidagi go‘shalarda to‘plangan, u yoqdan mashshoqlarning mohir qo‘llariga
itoatkorona bo‘ysungan sozlar bamisoli gullarning atri kabi sokin havoda ravon kuy taratar edi.
Sahnalardan birida bir ayol qo‘shiq aytmoqda.
Tinglovchilar safi bo‘ylab shivirlar to‘lqini suzib o‘tadi.
Qo‘shiq uzildi. Xonanda ayol qo‘lini tomog‘iga olib bordi. So‘ng mashshoqlarga qarab im qoqdi, ular
kuyni yangidan boshlab chala ketdi.
Mashshoqlar
zavq bilan kuy chalar, ayol ilhom bilan qo‘shiq aytardi, bu safar tomoshabinlar oh deb
yubordi, o‘zlarini oldinga tashlashdi, kimdir oyoqqa turdi — amfiteatr
uzra bamisoli qish qirovi
qo‘ngandek bo‘ldi. Chunki ayol kuylayotgan qo‘shiq g‘alati, qo‘rqinchli, g‘ayrioddiy edi. U kuylashdan
to‘xtashga qanchalik urinmasin, baribir so‘zlar uning lablaridan beixtiyor uchib chiqmoqda edi:
Yulduzlar
chaqnagan tungi osmonda,
Porlaydi olamni nurga ko‘mib oy.
Nur bilan zulmatning kurashi aro
Yanada ko‘rk ochar samoviy chiroy.
Qo‘shiqchi ayolning qo‘llari og‘zini yopdi. U butunlay karaxt va sarosima ichida qolgan edi.
— Bu qanaqa so‘zlar bo‘ldi? — hayron bo‘ldi mashshoqlar.
— Shu ham qo‘shiqmi?
— Kimning tilida aytilayapti?
Ular o‘zlarining oltin trubalariga yana puflay ketdilar, yana shu g‘aroyib
musiqa yangray boshladi
va asta-sekin endi ovozlarini baralla qo‘yib gaplashayotgan va oyoqqa turgan tomoshabinlar uzra
suzib ketdi.
— Senga nima bo‘ldi? — so‘rar edi bir-birlaridan mashshoqlar.
— Qanaqa kuy chalgan eding o‘zi?
— O’zing qanaqa kuy chalgan eding?
Ayol yig‘lab yubordi va sahnadan chopib tushib ketdi. Tomoshabinlar amfiteatrni tark etdilar.
Junbushga kelgan barcha Mars shaharchalarida xuddi mana shu hol sodir bo‘lgan edi. Osmonda
oppoq qor yoqqan kabi hamma sovuq domiga giriftor bo‘lgan edi.
Zim-ziyo xiyobonlardagi
mash’alalar tagida bolalar qo‘shiq aytar edilar:
Kelib qarasam javonim bo‘m-bo‘sh,
O’tiribdi yolg‘iz ko‘ppagim nochor.
— Bolalar! — ovozlar yangradi. — Bu qanaqa qo‘shiq bo‘ldi? Qaerdan o‘rgandingiz uni?
— Ular miyamizga o‘zidan-o‘zi kelib qoldi. Hatto so‘zlarini o‘zimiz ham tushunmaymiz!
Eshiklar yopildi. Ko‘cha huvillab qoldi. Moviy qirlar uzra yashil yulduz ko‘rindi.
Marsning butun tungi tomonida erkaklar zulmat qo‘ynida yonlarida yotgan ma’shuqalarining
qo‘shiq kuylashlaridan uyg‘onib ketishdi.