www.ziyouz.com kutubxonasi
10
Qadamlar uy oldida jur’atsiz sekinlasha boshladi.
Gapirsinmi? “Kir, kira qolsang-chi”, desinmi?
Ayol oldinga qarab yurdi.
Odimlar endi dahlizdan eshitildi. Qo‘l lo‘kidonni surdi.
Ayol eshikka jilmaydi.
Eshik ochildi. Ayolning yuzidagi tabassum g‘oyib bo‘ldi.
Bu uning eri edi. Kumushrang niqob xira yaraqlardi.
Eri ichkariga kirdi-da, xotiniga birrovgina nazar tashlab qo‘ydi. Keskin harakat bilan g‘ilofni ochdi,
ikkita o‘lik asalarini siltab tashladi. Ularning yerga to‘p-to‘p tushganini eshitib, oyog‘i bilan bosib
ezg‘iladi va o‘qdan bo‘shagan qurolni xona burchagiga qo‘yib qo‘ydi, Illa engashgancha singan qadah
parchalarini to‘plashga behuda urinardi.
— Nima qilding? — so‘radi ayol.
— Hech narsa, — javob berdi er unga orqa o‘girib turarkan. U yuzidan niqobni oldi.
— Miltiqni... qanday otganingni eshitdim. Ikki marta.
— Ov ovladim. Bo‘ldi, shu. Goh-goh xumor qilib turadi. Doktor Nlle kelmadimi?
— Yo‘q.
— Shoshma, shoshmay tur. — U nafrat bilan barmog‘ini qirsillatib qo‘ydi. — E-ha, endi esimga
keldi, biz u bilan ertaga kelishib qo‘ygandik-ku. Sira esimda yo‘g‘-a.
Ular stolga o‘tirishdi. Ayol o‘z likopchasiga qarab turardi, biroq ovqatga qo‘l uray demasdi.
— Nima gap? — so‘radi u ko‘zini ko‘tarmasdan, go‘sht bo‘laklarini gurillagan olovga tashlarkan.
— Bilmadim. Ishtaham yo‘q, — javob berdi ayol.
— Nimaga?
— Bilmasam. Shunchaki ishtaham yo‘q.
Shamol bulutlarni hayday boshladi; quyosh botib bo‘lgandi. Xona birdaniga tor, muzdek bo‘lib
qoldi.
— Men eslashga harakat qilayapman, — dedi ayol xonadagi jimlikni buzib va erining sovuq
chehrasi, oltin ko‘zlariga qarab qo‘ydi.
— Nimani eslamoqchi bo‘lding? — u sharob xo‘plardi.
— Qo‘shiqni. Haligi chiroyli, ajoyib qo‘shiqni. — Ayol ko‘zlarini yumdi va qo‘shiq ayta boshladi,
biroq qo‘shiq yaxshi chiqmadi. — Unutibman. Lekin men nimagadir uni unutgim kelmaydi. Uni
umrbod esda saqlab qolsam deyman. Go‘yo harakatlar maromi unga yordam berishi mumkin
bo‘lgandek, qo‘llarini ravon havoda o‘ynatib qo‘ydi. So‘ng o‘rindiqqa o‘zini tashladi. — Yo‘q,
eslolmayapman.
Ayol yig‘lab yubordi.
— Nega yig‘layapsan? — so‘radi er.
— Bilmayman, bilmayman. Hech o‘zimni qo‘lga ololmayapman. Yuragim g‘ash. Negaligini o‘zim
ham bilmayman, yig‘layman-u, negaligini bilmayman, lekin yig‘layveraman.
U kaftlari bilan boshini g‘ijimladi, yelkalari titradi.
— Ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan, — dedi er.
U eriga qaramadi. Uning nigohlari faqat yaydoq cho‘lga va tim qora osmonga sochilgan yorqin
yulduzlarga qadalgandi, uzoqdan esa sovuq shamol va uzun anhorlardagi muzdek suvning
shaloplashlari quloqqa chalinardi. Ayol butun vujudi qalt-qalt titragancha ko‘zlarini yumdi.
— Ha, — takrorladi u, — ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |