www.ziyouz.com kutubxonasi
13
Hayal o‘tmay, bu qo‘rqinchli odam yana eshikni taqillata boshladi.
Ayol eshikni ochdi.
— Tag‘in nima kerak? — so‘radi u.
Kishi o‘sha joyda turar va jilmayishga harakat qilardi, ammo undagi avvalgi dadillik ko‘rinmasdi. U
ayolga qo‘lini uzatdi.
— Nazarimda, siz meni yaxshi tushunmadingiz...
— Nimani? — shartta dedi ayol.
Erkak hayratdan ko‘zlarini katta-katta ochdi.
— Biz yerdan uchib keldik!
— Vaqtim yo‘q, — dedi ayol. — Ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi — tushlik, uyni yig‘ishtirish,
tikish, ming xil mayda-chuyda ishlar... Sizga, ehtimol, mister Ttt kerakdir. U tepada o‘zining xonasida
o‘tiribdi.
— Ha, ha, — bir narsani anglagandek ko‘zlarini pirpiratib dedi Yerdan kelgan odam. — Xudo haqqi,
mister Tttni chaqiring.
— U band. — Shunday deya ayol yana eshikni qarsillatib yopdi.
Bu gal mehmon eshikni odatdagidan qo‘polroq tarzda taqillata boshladi.
— Bilasizmi nima? — qichqirib dedi mehmon eshik ochilar-ochilmas. U go‘yo mezbonni hang-mang
qilib qo‘ymoqchidek dahlizga bostirib kirdi. — Mehmon deganni bunday kutmaydilar-da!
— Polni yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘yganman! — Qovog‘ini uyib dedi ayol. — Aft-angoringizni
qarang, hammayog‘ingiz iflos, yo‘qolinglar ko‘zimdan! Agar uyimga kirmoqchi bo‘lsangiz, avval
oyog‘ingizni tozalab keling!
Mehmon vahima bilan o‘zining iflos oyoq kiyimiga qarab qo‘ydi.
— Hozir adi-badi aytishib o‘tiradigan payt emas, — qat’iy ohangda dedi kishi. — Vaziyat shunaqa.
Buni nishonlashimiz kerak!
Ularning ko‘ngillaridagini so‘zsiz anglashi uchun mehmon ayolga qattiq tikilib qaradi.
— Agar mening billur kulchalarim kuyib ketgan bo‘lsa,— dedi qichqirib ayol, — sizlarni kaltak
bilan!..
Shunday deya ayol vishillab turgan mo‘‘jazgina pechka tomon yugurdi. So‘ng terga botgan,
bo‘g‘riqqan holda qaytib keldi. Uning ko‘zlari sap-sariq, badani qoracha, o‘zi ozg‘in va chaqqon, xuddi
hasharot deysiz... Ovozi chinnidek jaranglardi.
— Shu yerda kutib turinglar. Men borib qaray-chi, balki biron daqiqadan keyin mister Tttning
huzuriga kirishingiz mumkin bo‘lar, — unda nima ishingiz bor edi o‘zi?
— Unga ayting, biz Yerdan birinchi marta bu yerga uchib keldik!
— Nima birinchi marta? — Ayol oftobda kuygan qo‘lini balandga ko‘tardi. — Bo‘pti, bunisi muhim
emas, men hozir kelaman.
Tosh uynig yo‘laklaridan uning qadam tovushlari quloqqa chalinib turdi.
Tepada esa haddan tashqari ko‘k, jazirama mars osmoni — xuddi chuqur issiq dengiz qotib
qolgandek. Bamisoli ulkan qaynoq qozon ustida turgandek Mars cho‘li uzra parda yoyilib kela
boshladi. Sal naridagi tepaning cho‘qqisida uchini osmonga qadagancha uncha katta bo‘lmagan
samoviy kema turardi. Undan tosh uy eshigi tomonga yirik-yirik oyoq izlari tizilib kelgan edi.
Tepadagi ikkinchi qavatda baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilardi. Eshik tagidagi odamlar bir-biriga
qarar, og‘irliklarini goh u oyoqlariga goh bu oyoqlariga solar, kamarlarini to‘g‘rilar edilar. Tepada
qandaydir erkak ovozining o‘shqirgani eshitildi. Unga ayol ovozi javob aytdi: chorak soatdan keyin
yerliklar nima qilishini bilmay, oshxonada u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladilar.
— Chekamizmi? — dedi ulardan biri.
Ikkinchisi sigareta oldi — ular cheka boshlashdi. Barchalari shoshmaygina oppoq tutunni ichga
tortar edilar. Kurtkalarining g‘ijimlarini yoyishdi, yoqalarini to‘g‘rilashdi, tepadagi ovozlar hamon
guvillar, shang‘illar edi. Komandir soatiga qaradi.
— Yigirma besh daqiqa, — dedi u. — U yoqda nima bo‘layotgan ekan-a?
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |