www.ziyouz.com kutubxonasi
14
U deraza oldiga keldi-da, tashqariga qaradi.
— Kun yonayapti, — dedi fazogirlardan biri.
— Gapirmang, — erinchoqlik bilan qo‘lini so‘rdi, tushki oftobdan holsizlangan ikkinchisi.
Tepadagilarning ovozlari bo‘g‘iq g‘o‘ldirashga aylandi, so‘ng butunlay tinchib qoldi. Butun uyda tiq
etgan tovush eshitilmaydi. Har kim faqat o‘zining nafasinigina eshitadi, xolos.
Shu alpozda bir soat o‘tdi.
— Biz tufayli biror kor-hol ro‘y bermadimikan? — dedi komandir mehmonxona eshigi yoniga
yaqinlasharkan va o‘sha tomonga qaradi.
Missis Ttt gullariga suv quyib xona o‘rtasida turardi.
— Men bo‘lsam bunaqasini unutib yuborganman deb yuribman... — dedi ayol kapitanni ko‘rib. U
oshxonaga chiqdi. — Kechirasiz. — Ayol unga bir parcha qog‘ozni uzatdi. — Mister Ttt juda band. —
U o‘zining idish-tovoqlariga o‘girildi. — Baribir sizga u emas, balki Mister Aaa kerakdir. Mana bu
qog‘ozni olib, moviy anhor yonidagi qo‘shni qo‘rg‘onga boring-da, u yerda mister Aaa siz bilmoqchi
bo‘lgan hamma narsani aytib beradi.
— Biz hech narsani bilishimiz kerak emas, — e’tiroz bildirdi komandir do‘rdoq lablarini shishirib. —
Busiz ham biz hamma narsani bilamiz.
— Qog‘ozni oldingiz, sizga tag‘in nima kerak? — keskin ohangda so‘radi ayol. Ular ayoldan
shundan boshqa narsa ola olmas edilar.
— Bo‘pti, — dedi komandir. Uning hamon ketgisi yo‘q edi. U go‘yo bir narsani kutayotgandek
joyidan qimir etmasdi. Xuddi yangi yil archasini tomosha qilayotgan go‘dakdek angrayib qarab
turardi. — Bo‘pti, — takrorladi u. — Qani ketdik yigitlar.
Shunday qilib to‘rtovlon yerlik uydan chiqishdi-da, diqqinafas jimjit yoz kuni qo‘yniga sho‘ng‘ib
ketishdi.
Yarim soatdan keyin o‘zining kutubxonasida savlat to‘kib o‘tirgan mister Aaa temir piyolasidan
elektr alangasini ho‘plagancha tosh terilgan yo‘lakdan ovozlar kelayotganini eshitdi. U gavdasini
derazadan chiqarib, bir xil kiyingan to‘rttala odamga ko‘zlarini qisib qaray boshladi.
— Mister Aaa sizmisiz? — so‘rashdi ular.
— Men.
— Bizni sizga mister Ttt yubordi, — qichqirdi komandir.
— Nima sababdan? — so‘radi Aaa.
— U band ekan!
— Hm, bilasizmi, bu... — g‘ijinib dedi mister Aaa. — Allaqaerdagi bekorchixo‘jalarning ko‘ngillarini
olishdan mening boshqa tashvishim yo‘q deb o‘yladimikan?
— Hozir buning ahamiyati yo‘q, ser! — qichqirdi komandir.
— Menga esa ahamiyati bor. Bir dunyo kitob yig‘ilib qolgan, ularni o‘qib chiqishim kerak. Mister Ttt
hech kim bilan hisoblashmay qo‘ygan. U menga birinchi marta bunday surbetlarcha muomala
qilayotgani yo‘q. Iltimos, qo‘lingizni silkitmang, janob! Meni tinch qo‘ying! Siz bularni e’tiborga
olmasangiz bo‘lmaydi. Men gapirayotganimda odamlar quloq solishiga o‘rganib qolganman. Iltimos,
gapimni oxirigacha eshiting! Aks holda men siz bilan umuman gaplashmayman.
To‘rttala kishi pastda og‘izlarini ochgancha sarosima ichida depsinar edilar. Kapitanning
peshonasidagi tomirlar bo‘rtib chiqdi. Hatto ko‘zlarida yosh yiltilladi.
— Ana shunaqa, — nasihat qilishda davom etdi mister Aaa. — Xo‘sh, o‘ylab qarang-a, mister
Tttning meni shunday pisand qilmasligi yaxshi ishmi?
To‘rttala kelgindi jazirama kuni hovuri orasidan unga hayrat bilan qarab turardi. Kapitanning toqati
toq bo‘ldi:
— Biz Yerdan uchib keldik!
— Menimcha, u juda ham odobsizlikni haddidan oshirib yubordi, — ming‘irladi mister Aaa.
— Samoviy kema. Biz raketada uchib keldik. Ana u!
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |