www.ziyouz.com kutubxonasi
15
— Koshki u birinchi marta menga nisbatan shunday nopisandlik qilayotgan bo‘lsa?
— Tushunayapsizmi — Yerdan!
— U mendan ko‘radi hali, men unga qo‘ng‘iroq qilaman-da, boplab tuzlayman, ha, ha!
— Biz to‘rttamiz — men va mana bu uchalasi. Kemam ekipaji.
— Mana hozir trubkani olaman-u, qo‘ng‘iroq qilaman.
— Yer. Raketa. Odamlar. Parvoz. Samo.
— Qo‘ng‘iroq qilaman-da, boplab ta’zirini beraman. — Qichqirdi mister Aaa va xuddi teatrdagi
qo‘g‘irchoqdek derazadan g‘oyib bo‘ldi.
Qandaydir noma’lum apparatda ikki kishining qattiq aytishayotgani baralla eshitilib turardi. Kapitan
va uning komandasi o‘zlarining nafis sarvqomat va jonajon raketalariga mungli qaragancha hovlida tik
turishardi.
Mister Aaa derazadan gavdasini chiqarib, tantanavor e’lon qildi:
— Men uni duelga chaqirdim. Vijdonim haqqi. Eshitdingizmi, duelga.
— Mister Aaa, — bosiqlik bilan gap boshladi kapitan.
— Shartta otib tashlayman, mana meni aytdi dersiz!
— Mister Aaa, iltimos, gapimga quloq soling. Biz oltmish million millik yo‘lni bosib kelayapmiz.
Mister Aaa birinchi marta kapitanga e’tibor qildi.
— Shoshmang, nima dedingiz? Ie, qaerdan keldik dedingiz?
Kapitan oppoq tishlarini ko‘rsatib jilmaydi. U o‘zicha shivirladi:
— Hayriyat-ey, endi o‘ziga keldi! — so‘ng baland ovozda dedi: — Oltmish million millik naridagi Yer
sayyorasidan keldik!
Mister Aaa esnadi.
Yilning shu faslida — zo‘rg‘a ellik million, undan ortiq emas. U qo‘liga qandaydir dahshatli qurolni
oldi.
— Bo‘pti, men ketdim. Mana bu ahmoqona xatingizni oling. Bilmadim, bu xat sizga nima karomat
ko‘rsatadi, keyin anovi tepalikdan shaharchaga o‘tib boring. U Iopr deb ataladi. U yerda dardingizni
mister Iiiga aytasiz. U aynan sizga kerak odam. Sizga anovi mister Tttning keragi yo‘q edi. Tomi
ketgan, uni narigi dunyoga, albatta, jo‘natmay qo‘ymayman. Lekin buni men qilmayman. Bu mening
vazifamga kirmaydi.
— Vazifa, vazifa! — ermak qilib dedi komandir. — Yerdan kelgan odamlarni qabul qilish kerak
bo‘lganda allaqanday vazifaga balo bormi?
— Bunaqa bema’ni gaplaringizni qo‘ying! Buni hamma biladi. — Mister Aaa zinadan pastga qarab
chopdi. Yaxshi qoling!
Shunday deya u it quvlagan soqovdek pildirab ketdi.
Fazogirlar mutlaqo hangumang bo‘lib qolishdi. Oxiri kapitan dedi:
— Yo‘q, baribir, gapimizga quloq soladigan odamni topmay qo‘ymaymiz.
— Hozircha ketib, keyin qaytib kelsak-chi? — mungli holda dedi o‘rtoqlaridan biri. — Uchib ketib
yana qo‘nsak, uchib ketib yana qo‘nsak. Bungacha ularning aqli kirib, bizlarni kutib olishga taraddud
ko‘risharmidi.
— Ha, shunday qilmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, — to‘ng‘illab dedi g‘amgin kapitan.
Shaharcha jiz-biz edi. Marsliklar uylariga goh kirib, goh chiqar, bir-biri bilan salomlashardilar, ular
yuzlariga yoqimli xilma-xillik uchun oltin, moviy, qizil rangdagi niqoblar kiyib olgan edilar, bundan
tashqari, kumush labli va brinch qoshli, kulib turgan va tumshaygan niqoblar ham bor edi. Xullas, har
bir niqob o‘z egasining axloqini namoyish etib turardi. Uzoq yo‘l bosib, qora terga botgan yerliklar
to‘xtadilar va yoshgina qizaloqdan mister Iiining qaerda yashashini so‘radilar.
— Hov, ana u yerda, — boshi bilan imlab ko‘rsatdi qizaloq.
Kapitan toqatsizlik bilan, ehtiyotkorona bir tizzasiga cho‘kdi-da, qizaloqning ma’sumgina chehrasiga
qaradi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |