www.ziyouz.com
kutubxonasi
129
sustkashlik qilib, vaqtni o‘tkazib yuborgan. Podshoning Qustantiniyadan* chiqqanini
eshitgan omil uning Ammuriyyaga kelib, bu vayrona qo‘rg‘onni ko‘rib qolishdan hurkib,
uni nari-beri ishlatib qo‘ya qolgan, ya’ni yuzini tosh bilan ishlaganu, lekin teshik
rahnalarini esa yog‘och bilan to‘sib qo‘ygan. Agar istasalar, uni shu yerdan turib ko‘rsata
olaman, — dedi.
Xalifa o‘rnidan turib:
— Qani, menga uni ko‘rsat-chi, — dedi.
Hammod olisdan uni xalifaga ko‘rsatdi. Xalifa uni ko‘rgandan keyin Hammodga
tashakkur aytdi va: — Gaping to‘g‘ri chiqsa yaxshigina mukofot olasan, — dedi.
Zirg‘om:— Gapining rostligiga men kafilman. Mukofotni darhol berishga buyursalar
mumkin bo‘larmikin, — dedi.
— Xo‘p, sen tufayli uni tezlataylik, nima mukofot bersak bo‘larkin?
— U mol talab qilmaydi, faqat ruxsat bersangiz, cho‘ringiz Yoqutani o‘ziga xotin qilib
olsa.
Xalifa:
— Yoqutani — xotiningnimi? — deb hang-mang bo‘lib qoldi.
Zirg‘om ozgina jim turdi-da:
— Ha, menga xotin bo‘lsin, deb janoblari buyurgan Yoqutani. U mana shu o‘rtog‘imning
sevgilisi bo‘lgani uchun janoblarining saxovatpeshaliklariga suyanib, uni xotin
qilmaganman. Uni omonat tariqasida uyimda saqlab keldim. Agar janoblari bizni
boshimizdan oyog‘imizgacha in’omlari bilan ko‘mmoqchi bo‘lsalar, bu urushdan sog‘-
salomat qaytib borganimizdan keyin gunohimizni kechib, Yoqutaning Hammodga
tanmahram bo‘lishiga ijozat bersalar, — dedi.
Xalifa Zirg‘omning vijdoniga, xulq-odobiga qoyil qolib, jilmaydi-da:
— Ikkalangizning gunohlaringdan kechdim, ayni vaqtda Hammod mening imtiyozli
kishilarimdan biri bo‘lishini istayman, ko‘p in’omlar beraman, — dedi.
Ikkalasi uning marhamatiga tashakkur aytishdi. Keyin Mu’tasim: «Qani, ishga o‘taylik»,
dedi-da, o‘z chodirini buzilgan qo‘rg‘on oldiga ko‘chirilib, oldiga manjaniqlar o‘rnatishni
va qo‘rg‘onning qolgan qismini ham vayron qilishni buyurdi. Rumliklar qo‘rg‘on o‘rniga
bir-biriga zich qilib xodalar taxlashdi. Manjaniq u xodalarni ham sindiravergach,
rumliklar uning ustiga barzax o‘rnatishdi. Yana manjaniqlardan toshlar otilavergach,
qo‘rg‘on yorildi. Keyin Mu’tasim qamal qilishni kuchaytirdi.
Rumliklar qo‘rg‘on atrofida o‘tib bo‘lmaydigan bir xandaq kovlashgandi. Agar o‘sha
xandaq bo‘lmaganda, shahar ilbatta olingan bo‘lardi.
Zirg‘om xalifaga o‘sha xandaqning ichiga tuproq to‘ldirilgan qo‘y terilari bilan yopishni
maslahat berdi. Xalifa shu maslahat bo‘yicha ish ko‘rdi hamda teri ustidan qo‘rg‘on
tomonga yumalatish uchun har birining ichiga o‘ntadan odam sig‘adigan katta dabboblar
qildirib, bittasini yumalatib ko‘rishdi. U dabboblar xandaqning yarmiga borganda o‘sha
terilarga ilindi. Xandaq ichidagi kishilar arang undan qochib qutuldi. U yana bir qancha
narvon va manjaniqlar ishlatdi.
Zirg‘om Jahonga tezroq erishish uchun hujumni boshlashga ruxsat berishni xalifadan
hadeb iltimos qilardi. Xalifa uni ayab, hujumga ruxsat bermadi, keyin u urush ochishni
buyurdi. Birinchi bo‘lib hujum qilgan Ashnos bo‘ldi. Ma’raka maydoni tang bo‘lgani uchun
urush qilish qiyin bo‘ldi. Shuning uchun Mu’tasim qo‘rg‘on atrofidagi manjaniqlar bilan
unga yordam berdi. U qo‘rg‘onning teshilgan yeri ustiga manjaniqlarni to‘platdi. Ikkinchi
kuni Mu’tasim Afshinga o‘z odamlari bilan hujumga o‘tishni buyurdi. Uchinchi kuni esa
Mu’tasimning o‘zi qo‘l ostidagi lashkari, jumladan, mag‘ribliklar, turklar bilan birga
hujumga kirdi. Mu’tasimning qo‘l ostida bo‘lgan Zirg‘om shu qadar abjirlik va matonat
ko‘rsatdiki, unga har qanday qahramon ham havas qilsa arzirdi. Hammodning ishidan
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |