www.ziyouz.com
kutubxonasi
131
Zirg‘om:
— O‘z xojasi oldida quldan aslo xafalik zohir bo‘lmaydi. Xafa emasman, lekin bir oz
bezovtaroqman, — dedi javob qildi.
— Nima uchun hayajonlanding, Sohibim?
— Afshinning zulm-taaddisi meni hayajonga soldi.
— Uning taaddisi nimadan iborat? Sen donosan, birovlar bilan «san-manga»
bormasliging menga ma’lum.
— Men u bilan na martaba, na o‘lja talashmayman. Men oshiq bo‘lgan qiz falakning
gardishi bilan Ammuriyya-ga kelib qolgan ekan, Afshin mening sevgimdan voqif bo‘la
turib, asir tushirib, o‘ziniki qilib olibdi.
Mu’tasim hayron bo‘ldi: «Qanday qilib Ammuriyyada buning ma’shuqasi bo‘ladi?» deb
o‘yladi-da, unga qarab: «Ochiqroq gapir, men tushuna olmadim», dedi.
Zirg‘om gap boshladi:
— Janob oliylari, xudo baxtu davlatlarini bundan ham ziyoda qilsin, Somurroda
kaminaga Yoqutani tanmahramlikka taqdim etgan edilar. Men kecha o‘zlariga
aytganimdek, buyruqlariga xilof ish qilgandim. Xilof ish qilganimning boisini o‘sha vaqtda
o‘zimdan so‘ramadilar. Uning boisi cho‘rilar olib kelish uchun meni Farg‘onaga yuborgan
vaqtingizda u yerda bir qizga oshiq bo‘lib qolgandim va u bilan ikkimiz umr yo‘ldoshi
bo‘lishga ahd qilgan edik. Baxtga qarshi shu payt qizning otasi vafot etib qoldi.
Farg‘onadan qaytib kelishim to‘g‘risida o‘zlarining farmoni oliylari bo‘lib, to‘y masalasini
keyinga qoldirib, Somurroga qaytib kelgandim. Shundan keyin ko‘p hodisalar yuz berib,
oxiri bu qiz taqdirning taqozosi bilan Ammuriyyaga kelib qoladi. Qiz Ammuriyya popi
Notisning qasrida qamalib yotgan ekan.
Ammuriyyani fath qilgan vaqtimizda men qizni qasrdan axtarib topa olmadim.
Surishtirsam, u Afshinning qo‘liga tushib qolibdi. Unga borib, qizni talab qilmoqchi
bo‘ldim, lekin ittifoq bo‘lishimiz juda zarur bo‘lib turgan bir paytda askarlar orasida nizo
chiqarmay deb, maslahatlarini olish uchun hozir o‘zlariga arz qilgani keldim.
Mu’tasim bir lahza boshini yerga solib turdi-da:
— Bu oson hal bo‘ladigan ish. Afshin sening ma’shuqangni o‘zida ushlab turmaydi, asir
olingan ayollar behisob, arzimas pulga sotib ham yuborilyapti-ku, — dedi-da, chapak
chalib tashqaridagi g‘ulomlaridan birini chaqirdi-da, Afshinni chaqirib kelishni buyurdi.
Bir ozdan keyin Afshin kirib, xalifaga salom berdi, Yonida o‘tirgan Zirg‘omni ko‘rib, nima
uchun chaqirilganini sezdi-yu, bilmaslikka olib jim turdi. Xalifa unga qarab: «Sohibga
aloqador bir ish ustida sizni chaqirdim. Uning men uchun qadrli bir kishi ekanini o‘zingiz
yaxshi bilasiz»,— dedi.
Afshin tabassum qilib:
— Sohib men uchun ham muhtaram, buni o‘zi ham yaxshi biladi, — dedi.
— Sizning ixtiyoringizga tushgan asiralar orasida bir qiz bor ekan, Sohib sizdan o‘shani
so‘rayapti .
— Asiralar to‘lib yotibdi, arzimaydigan pulga sotilib ham ketyapti, agar u mendan
beshtasini so‘rasa, o‘ntasini berishga tayyorman.
Zirg‘om Afshinning chalg‘itayotganini tushunib:
— O‘zingiz yaxshi biladigan bir qiz menga kerak, — dedi.
— U kim ekan?
— Hokimning qizi Jahonni aytmoqchiman.
Afshin hayron bo‘lgan bo‘ldi:
— U ham asiralar ichida ekanmi?
— O‘shalarning ichida bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman, u bilan birga Haylona degan rumlik
yana bir ayol ham bor.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |