www.ziyouz.com
kutubxonasi
127
Zirg‘om unga:
— Lekin bu qulni shu yerda qoldirib xato qilgansan: U hushiga kelib, bu yerni tanib
qo‘ysa, seni chaqishi mumkin. Bu joyni bilmagani durust. Yaxshisi, u hozir uyqu va
kayfda ekan, boshqa joyga eltib qo‘y. Qaytib kelguningcha men shu yerda tura turaman,
— dedi.
Vardon: — Ma’qul, — dedi-da, irg‘ib turib, uni uyg‘ota boshladi. Lekin u hamon o‘ziga
kelavermagandan goh turg‘izib, goh yetaklab, goh sudrab, o‘zining chodiridan Abbosning
chodiri yaqiniga olib borib tashladi-da, qaytib keldi. Vaqt yarim kecha bo‘lib,
lashkargohdagilarning hammasi uxlagandi.
Zirg‘om unga:
— Men o‘z chodirimga boraman, sen tong otguncha shu yerda bo‘l, — dedi.
Vardon:
— Bosh ustiga, xo‘p, jonim bilan, — deb javob qildi.
Zirg‘om xayolga cho‘mgancha o‘z chodiri tomon yo‘l oldi. U chodirga yetmasdanoq
qo‘rg‘on yaqinida g‘ovur-g‘uvur ovoz eshitdi. Qarasa, lashkargoh soqchilaridan bir to‘dasi
bir kishini bo‘ynidan bo‘g‘ib, haydab kelishyapti. U kishi esa: «Meni Sohibga olib
boringlar», deb baqirardi.
Uning tovushini eshitib, Zirg‘om bezovta bo‘lib qoldi, chunki u Hammodning tovushi edi.
Zirg‘om chodiriga yugurib kirdi-da, ularning yetib kelishini kutib turdi. Bir ozdan keyin
ulardan bittasi Zirg‘omning oldiga kirib:
— Biz bir ayg‘oqchini ushladik, u shahar tomondan lashkargohga kirgan. Men Sohibning
oldiga kelayotgandim deydi,— dedi.
Zirg‘om:
— Qani, uni bu yoqqa olib kiringlar-chi, — dedi.
U kirdi. Zirg‘om sinchiklab qarab, Hammodning o‘zi ekanini aniqladi-da: «Qoldirib
ketaveringlar», — deb soqchilarni jo‘natib yubordi. Ular ketgandan keyin Hammod bilan
salomlashib, hol-ahvol so‘radi va yoniga o‘tqazib, undan Jahon to‘g‘risida savol qildi.
— Jahon hali ham pop Notis yonida turipti, — dedi Hammod.
— Bizning xabarimizni unga yetkazganing yo‘qmi?
— Yo‘q, hech shunga muvaffaq bo‘la olmadim. Kecha sizlarning askarlaringizni ko‘rib,
bayroqlarga qattiq tikilib qaradim, lekin qo‘sh bayroqni faqat shu kechagina ko‘rdim. Bu
yerga chiqib kelishning ilojini topa olmay, hozirgina bir amallab chiqqandim, adashib
qoldim. Soqchilar qo‘liga tushganimdan keyin: «Meni Sohibning oldiga olib boringlar», —
deb talab qildim. Mana, huzuringdaman.
Zirg‘om:
—Xush kelding, demak, Jahon hamon Notis qasrida ekan-da.
— Ha, Haylona ham u bilan birga. Pop ikkalasiga qattiq hirs qo‘ygan. Xafa bo‘lma, yaqin
orada sevgilingga muyassar bo‘lasan.
— Qanday qilib? Qo‘rg‘onlarning istehkomi qattiqqa o‘xshayapti-ku, qamal ancha vaqtga
cho‘zilsa kerak.
— Xudo xohlasa, buni o‘zim qisqartaman.
— U yoqqa osonroq kiradigan yo‘lni bilasanmi?
— Fathni yengillashtiradigan yo‘lni bilaman, hozir senga uni ko‘rsatib qo‘yaymi?
— Men ertaga barvaqt xalifaning oldiga boraman. Dushman to‘g‘risida ma’lumotga ega
ekaningdan uni xabardor qilaman. Shu gapni xalifa sendan rozi bo‘lishiga vosita qilamiz-
da, o‘tmishdagi ishlaringdan kechib yuboradi,— dedi.
Hammod bu maslahatga rozi bo‘ldi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |