www.ziyouz.com
kutubxonasi
135
ham tushirishdi. Vardon esa xalifaga qarshi uyushtirilayotgan yangi fitni xususida
Zirg‘omga hikoya qilib berdi. Bu haqda uni ilgari ham ogohlantirgan edi. U «xalifaning
hayoti xavf ostida, bundan albatta o‘zini xabardor qilib qo‘yish kerak», — dedi.
Hammod:
— Bu xabarni xalifaga men yetkazaman, lekin uning oldiga meni Zirg‘omning o‘zi hech
kim yo‘q paytida olib borishi kerak, — dedi.
Zirg‘om:
— Qani yur, hozir boramiz, — dedi.
Vaqt xufton payti edi. Ular xalifaning chodiriga borib yetishdi-da, Zirg‘om kirishga ruxsat
so‘radi. Ruxsatdan keyin Zirg‘om yonida Hammod bilan birga kirdi. Xalifa:
— Xo‘sh, keling, Sohib, — dedi.
Zirg‘om:
— Do‘stim Hammodda janob oliylariga ma’lum qilishi zarur bo‘lgan maxfiy gaplar bor
agar ruxsat bersalar, aytmoqchi, — dedi.
Xalifa Hamodga qaradi:
— Gapir, lekin yolg‘on aralashtirishdan ehtiyot bo‘l!
Hammod sarkardalar xalifani o‘ldirib, o‘rniga Abbosni o‘tqazish to‘g‘risida kelishib
olganini va suiqasd qilganlarning nomini, shu jumladan, Shoh bin Ismoil Xurosoniyni,
Horis as-Samarqandiy, Ujayf bin Anbasa va boshqalarni aytib berdi. Mu’tasim bu ishga
shitob bilan kirishib, gumonsiragan kishilarini chaqirtirdi, ularni turli vositalar bilan
tergov qildi. Ular qilmishlariga iqror bo‘lgandan keyin, hammasini o‘ldirtirdiki, bu
o‘ldirtirish vositalarini batafsil bayon etishga hojat yo‘q. Ammo Abbosni Somurroga
borguncha saqlab turdi va uni mal’un, deb atadi. Shundan keyin u Ma’munning bolalarini
tutib, uy-uylarida umrbod qamoqqa hukm qildi. Vaqtida ogohlantirganliklari uchun
Zirg‘om bilan Hammodni maqtab, ularga mukofotlar berdi.
Afshin Vardon bilan Hammodning qilgan ishlarini ba’zi odamlardan eshitdi, lekin
Somurroga yetib borguncha sabr qilib, u yerga borgandan keyin ularni ham, Zirg‘omni
ham o‘xshatib xalifaga chaqmoqchi bo‘ldi. Qofila Somurroga yaqinlashganda Zirg‘omning
yuragi duk-duk ura boshladi, chunki uzoq hijrondan keyin Jahon bilan ko‘rishadigan vaqt
kelayotganini u bilardi.
* * *
Jahon Vardon bilan Hammodning qo‘liga o‘tgandan keyin, azaliy orzulari yana jo‘sh urdi.
Avvaliga ularning askarlari bilan hujum qilayotganini ko‘rib, «yana qanday baloga duchor
bo‘lyapman», deb xudodan panoh tiladi va ulardan o‘zini mudofaa qilmoqchi bo‘ldi.
Keyin birdan Vardonning tovushini eshitib qoldi. O‘sha tovushni xotini Haylona ham
eshitib qoldi-da, ikkalasi uning tomoniga burilishdi. Tirikligidan umid uzib qo‘ygan
Vardonning ovozini eshitgan Haylona qalbida paydo bo‘lgan sevinch va hayajonni aslo
so‘ramang. Er-xotin bir-birlarini quchib, qadimiy va mangu muhabbat alomatlarini zohir
etishardi. Shu payt Vardon Somonni ushlab, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yishni o‘z
sheriklariga topshirdi-da, Jahonning yoniga bordi. Jahon unga qarab:
— Rostdan Vardonning o‘zimisan? — deb so‘radi.
Vardon:
— Ha, menman, sayidam, salomatlik va diydor ko‘rishish sizga muborak bo‘lsin? — dedi.
Jahon to‘lqinlanib so‘radi:
— «Ko‘rishish», Zirg‘omim, u qaerda?
Vardon:
— U sog‘-salomat, bir necha kundan keyin keladi. Men sizning uning Somurrodagi
hovlisiga eltib qo‘yaman, u yetib borguncha o‘sha yerda onasi yonida turasiz.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |