Yo’l chiziqlarining turlari
Yo’l chiziqlari yotiq va tik chiziq guruhlariga bo’linadi. Yo’l chiziqlari va yo’l belgilari ma’no jihatidan bir – biriga zid kelganda, haydovchilar mavjud yo’l belgilariga amal qilishlari shart. Yodingizda tuting, yo’lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo’yilgan talablarga rioya etilmasa, eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Yotiq chiziqlar
Yotiq chiziqlar yo’lning qatnov qismi yuzasiga chiziladi.
Yo’l yuzasidagi yotiq 1.4. – Sidirg’a sariq chiziq, 1.10. – Sariq uzuq-uzuq, shtrix chiziq va 1.17. – Sariq rangdagi, arrasimon siniq chiziqlar sariq rangda, boshqalari oq rangda bo’ladi.
Yotiq chiziqlarning vazifasi
Bular ko’ndalang, bo’ylama yotiq chiziqlar, ishoralar, yo’naltirgichlar hamda boshqa belgilar ko’rinishida bo’ladi va harakatlanish tartibini belgilaydi.
Har bir yotiq chiziqning ranggi va qo’llanish shartlari
1.1. – Sidirg’a chiziq
Qoidaga ko’ra ingichka sidirg’a chiziqning kengligi 10 sm. bo’ladi. Ushbu yotiq chiziqlar 5 ta vazifani bajaradi:
- CHiziq ikki yoki uch bo’lakli ikki tomonlama harakat tashkil qilingan yo’llarda, qarama-qarshi harakatni ajratadi va bunday joylarda chiziqni kesib o’tish taqiqlanadi.
- Yotiq sidirg’a chiziq yo’lning xavfli qismlaridagi harakatlanish bo’lagining chegarasini bildiradi va haydovchilarga faqat shu yo’l bo’lagi bo’yicha harakatlanish majburiyatini yuklaydi. CHiziqni kesib o’tish taqiqlanadi.
- Yotiq sidirg’a chiziq "Orolcha" chegaralarini belgilaydi, ya’ni yo’lning kirish taqiqlangan qismini chegaralaydi. Transport vositalarining ushbu orolchaga kirishlari taqiqlanadi.
- Yotiq sidirg’a chiziq transport vositalarining to’xtab turish joylarini belgilab beradi. Bu chiziq maxsus maydonchalarda chiziladi va chiziqni kesib o’tish taqiqlanadi.
- Yotiq sidirg’a chiziq avtomagistrallardan boshqa yo’llarda harakat qismining chegarasini bildiradi. Yo’l qatnov qismi chekkasiga chizilgan sidirg’a oq chiziq harakatlanish qismining chetini bildiradi va ushbu holatdagina transport vositalari sidirg’a – ravon chiziqni kesib o’tishlari mumkin.
1.1. – Sidirg’a chiziqni kesib yo’lning qarama-qarshi tomoniga o’tgan haydovchi eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Yo’l chiziqlari bilan belgilab qo’yilgan talablarga rioya qilmaganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |