1.10. – Sariq uzuq-uzuq shtrix chiziq Sariq rangli ushbu uzuq-uzuq shtrix shaklli chiziq yo’lning harakatlanish qismi chetiga yoki yo’l chetidagi to’siq, ya’ni bordyur ustiga chiziladi. CHiziq transport vositalarining to’xtab turishini taqiqlaydi. Taksometri ishlab turgan taksilar va nogironlar boshqarayotgan transport vositalariga bu belgining daxli yo’q. Ushbu chiziq yakka holda yoki 3.28. "To’xtab turish taqiqlangan" yo’l belgisi bilan birga qo’llaniladi. Bunday holda belgining ta’sir oralig’i chiziq uzunligi bilan belgilanadi. CHiziq qoidasini buzgan holda, bunday joyda to’xtab turgan transport vositalariga eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
1.11. – Sidirg’a va shtrixli parallel chiziqlar Sidirg’a va uzuq-uzuq parallel chiziq faqat biror bo’lakka qayta tizilishga ruxsat beradi. Ushbu chiziq bir yo’nalishdagi yoki qarama-qarshi yo’nalishdagi transport oqimlarini ajratadi. SHu bilan birga transport vositalari haydovchilariga qayrilib olish, to’xtash maydonchalari va jamoat transporti uchun ajratilgan bo’laklarda manyovr faqat bir tomondan ruxsat etilganligini ko’rsatadi. Ushbu chiziqni zarur hollarda uzuq-uzuq chiziq tomonidan kesib o’tish mumkin. Sidirg’a va uzuq-uzuq parallel chiziqni sidirg’a chiziq tomonidan kesib, yo’lning qarama-qarshi tomoniga o’tgan haydovchi eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
1.12. – To’xtash chizig’i Ko’ndalang enli chiziq svetofor oldida, tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida, "To’xtamasdan o’tish taqiqlangan" belgisi o’rnatilgan hamda tartibga solinmagan chorrahalarda haydovchi to’xtashi lozim bo’lgan joyni ko’rsatadi. Bu chiziq mavjudligini bildirish uchun, zarur hollarda 5.33. "To’xtash" axborot – ishora belgisi ham birga qo’llanilishi mumkin. Yo’l chiziqlari bilan belgilab qo’yilgan talablarga rioya qilmaganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
1.13. – Ko’ndalang bir qator bo’lib terilgan uchburchak Bu chiziqlar "To’xtash" chizig’i kabi transport vositalarining to’xtash joyini ko’rsatadi, biroq undan farqli o’laroq to’xtashga majburlamaydi. 2.4. "Yo’l bering" belgisi bilan birga qo’llaniladigan ushbu chiziqlar asosiy yo’lda harakatlanayotgan transport vositalarini o’tkazib yuborishi uchun ikkinchi darajali yo’ldagi haydovchilarning zarur hollarda to’xtashi lozim bo’lgan joyni ko’rsatadi.