1.14.1. – Parallel "zebra" chiziqlar
Ushbu parallel "zebra" chiziqlar yo’lning harakat tartibga solinmagan qismida piyodalarning o’tish joyini belgilaydi. Bu chiziq 5.16. "Piyodalar o’tish joyi" axborot – ishora belgisi bilan birga qo’llanilishi mumkin. Yo’lning bunday joylarida haydovchi shu yo’nalishning qatnov qismida bo’lgan piyodalarni o’tkazib yuborishi kerak. Piyodalar o’tish joylaridan yurish qoidalarini buzgan haydovchiga eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima solinadi.
1.14.2. – Parallel "zebra" yo’naltirgichli chiziqlar
Ushbu parallel "zebra" yo’naltirgichli chiziqlar yo’lning harakat tartibga solinmagan qismida, piyodalarning o’tish joyini belgilab beradi. Belgining ishorali yo’naltirgichlari piyodalarning harakatlanish yo’nalishini ko’rsatadi. Piyodalar o’tish joylaridan yurish qoidalarini buzgan haydovchiga eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima solinadi.
1.14.3. – To’g’ri to’rtburchak shakldagi shtrix chiziq
To’g’ri to’rtburchak shaklidagi shtrix chiziq piyodalarning harakati svetofor yordamida tartibga solingan o’tish joyini bildiradi. Bunday chiziqlar chizilgan joylarda svetoforning qizil chirog’i yashilga almashib, piyodalar yo’lning qatnov qismdan o’tishga ulgurolmay qolsa, haydovchi ularni shu yo’nalish bo’yicha o’tib ketishlariga imkon berishi kerak. Piyodalar o’tish joylaridan yurish qoidalarini buzgan haydovchiga eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima solinadi.
1.15. – Kvadratlar shakldagi chiziq
Kvadratlar bilan belgilangan chiziq yo’lning velosiped yo’lkasi kesib o’tadigan joyini bildiradi. CHorrahadan tashqarida velosipedchilar shu yo’ldagi transport vositalariga yo’l berishlari kerak. CHorrahalarda esa transport vositalari haydovchilari piyodalar bilan birga velosipedchilarga ham yo’l beradilar. Ushbu qoida buzilgan taqdirda eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
1.16.1 – 1.16.3. – Qiya chiziqlar
Enli qiya chiziqlar transport vositalari oqimi ajraladigan yoki qo’shiladigan, shu bilan birga, qarama-qarshi oqimni ajratuvchi va yo’naltiruvchi orolchalarni bildiradi. Jumladan, 1.16.1. – Qiya chizig’idan iborat orolcha transport vositalari oqimining qarama-qarshi harakatini ajratsa, 1.16.2. – Qiya chiziqli orolcha transport vositalari oqimi ikkiga ajraladigan nuqtaga chiziladi. Bunda bir yo’nalishda kelayotgan transport vositalari oqimi shu chiziq chizilgan joydan tegishli yo’nalish lar bo’yicha ajraladi. 1.16.3. – Qiya chiziqli orolcha aksincha, harakat oqimi o’zaro qo’shiladigan joyni bildiradi. Bir yo’nalishda, lekin alohida yo’llarda harakatlanayotgan transport vositalari oqimi shu chiziqlar o’rnatilgan joydan umumiy oqimni tashkil qiladi. Transport vositalarining oqimi qiya chiziqlarning yo’nalishi bo’ylab amalga oshiriladi. Orolchalarning chegarasi esa ravon chiziq bilan belgilanadi va uni kesib o’tish yoki ustida to’xtash taqiqlanadi. Yo’l chiziqlari bilan belgilab qo’yilgan talablarga rioya qilmaganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |