Orqa miya 31-33 segmentdan iborat. Ularning 8 tasi bo‘yin qismida, 12 tasi ko‘krak, 5 tasi bel, 5 tasi dumg‘aza va 1- 3 tasi dum qismida bo‘ladi. Orqa miya ko‘ndalangiga kesilsa, u ikki xil moddadan tuzilganligi ko‘rinadi: 1. Tashqi qismi oq modda. 2. Ichki qismi kulrang modda. Kulrang modda kapalak yoki “H” harfiga o‘xshash bo‘lib, u nerv hujayralaridan tashkil topgan. Orqa miya kulrang moddasining bir juft oldingi, bir juft orqa va bir juft yon shoxlari bo‘ladi. Oldingi shoxlarida harakatlantiruvchi nerv hujayralari, orqa shoxlarida sezuvchi, yon shoxlarida vegetativ nerv hujayralari joylashgan. Nerv hujayralarining kalta o‘simtalari hujayralarni bir-biri bilan tutashtiradi. Ular umurtqa pog‘onasining kanalidan tashqariga chiqmaydi. Nerv hujayralarining uzun o‘simtalari sezuvchi, harakatlantiruvchi va vegetativ nerv tolalarini tashkil etib, ular umurtqa pog‘onasidan tashqariga chiqib tananing to‘qima va a’zolariga boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |