Nazorat savollari
1. Qor qoplami qanday hosil bo’ladi?
2. Qor chizig’i yoki qor chegarasining tabiiy mohiyatini tushuntirib bering.
3. Qor chizig’i balandligi geografik kengliklar bo’yicha qanday o’zgaradi?
4. Qor ko’chkilari qanday turlarga bo’linadi?
5. Qor ko’chkilarining oldini olish maqsadida qanday tadbirlar amalga oshiriladi?
6. Firn-qotgan qor qanday hosil bo’ladi?
7. Gletcherning zichligi qanday oraliqlarda o’zgaradi?
8 . Muzliklardagi yoriqlar qanday hosil bo’ladi?
9. Muzliklar hosil bo’lishini belgilovchi omillarni eslang.
10. Firn chizig’ining tabiiy mohiyatini tushuntiring.
Ma’ruza 14. Botqoqliklar
Reja:
1. Botqoqliklarning paydo bo’lishi, morfologiyasi va turlari;
2. Botqoqliklarning to’yinishi, gidrologik rejimi va suv balansi;
3. Botqoqliklarning daryolar suv rejimiga ta’siri;
4. O’rta Osiyoda botqoqliklarning taqsimlanishi.
Tayanch iboralar: botqoqliklar morfologiyasi, turlari, botqoqliklarning to’yinishi, gidrologik rejimi, suv balansi
Botqoqliklarning paydo bo’lishi, morfologiyasi va turlari
Botqoqliklar yer sirti yuza qatlamlarining ortiqcha namlikka ega bo’lishi natijasida hosil bo’ladi. Ularda torf hosil bo’lishi jarayoni mavjud bo’lib, ortiqcha namlikka hamda tuproqda kislorod yetishmasligiga moslashgan o’simliklar rivojlanadi.
Yer yuzasida botqoqliklarning umumiy maydoni N.Kats ma’lumotlariga ko’ra 350 mln gektardan ortiqdir. Botqoqliklarning ko’p qismi Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikada joylashgan. Davlat Gidrologiya instituti (DGI) ma’lumotlariga ko’ra, sobiq Ittifoq davlatlari hududida botqoqliklar maydoni 210 mln gektar (2,1 mln. km2) ga teng bo’lib, umumiy maydonining 9,5 % ni tashkil etadi. Shuning 0,6 mln. km2 yoki 12 % i Yevropa qismiga, 1,5 mln. km2 yoki 9 % i Osiyo qismiga to’g’ri keladi.
Botqoqliklarning shakllanish va rivojlanish bosqichlariga bog’liq holda quyidagi ikki holat bir-biridan farq qiladi:
1) botqoqlasha boshlagan yerlar;
2) botqoqlik massivlari.
Botqoqlasha boshlagan yerlarda torf qatlami yupqa bo’lib, ko’pchilik o’simliklar uning ostida joylashgan tuproq-gruntlardagi minerallardan oziqlanadi. Botqoqlasha boshlagan yerlar botqoqliklar shakllanishining boshlang’ich fazasi bo’lib, ulardan o’simliklari bilan farq qiladi. Bu o’simliklarning ildizi minerallarga boy bo’lgan gruntlargacha yetib boradi va shu tufayli oziqlanish sharoiti ham yetarli darajada bo’ladi.
Yer sirtining boqtqoqliklar egallagan va torf qatlamlari bilan chegaralangan qismi botqoqlik massivlari deb ataladi. Botqoqlik massivlari oddiy va murakkab ko’rinishda bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |