Ma’ruza 1. “Umumiy gidrologiya va iqlimshunoslik” faniga kirish
Reja:
1.1. Fanning maqsadi, vazifalari, bo’linishi va boshqa tabiiy fanlar bilan bog’liqligi
1.2. Gidrologiya fanining shakllanish tarixi va rivojlanish bosqichlari;
1.3. O’zbekistonda gidrologiyaning shakllanish tarixi va rivojlanish bosqichlari;
1.4. Gidrologiya qo’llaniladigan tadqiqot usullar.
Tayanch tushunchalar (kalit so’zlar): gidrologiya tushunchasi, gidrosfera okeanologiya, gidrologik tadqiqot usullari.
Fanning maqsadi, vazifalari, bo’linishi va boshqa tabiiy
fanlar bilan bog’liqligi
Gidrologiya Yer haqidagi fanlar turkumiga kiradi. U Yer yuzasida suvning taqsimlanishi, harakati, tarkibi va uning atrof muhit bilan o’zaro bog’liqligini o’rganadi. "Gidrologiya" yunoncha so’z bo’lib, "gidro" – suv va "logos" – bilim yoki fan degan ma’noni anglatadi. Umumiy qilib aytganda, gidrologiya – suv, aniqrog’i Yerning suv qobig’i – gidrosfera haqidagi fandir.
Gidrosfera bir necha qismlardan tashkil topgan va undagi har bir suv ob’ekti faqat o’ziga xos xususiyatlargagina ega bo’ladi. Shu sababli gidrologiya faniga, kengroq ma’noda, quyidagicha ta’rif berish mumkin: gidrologiya – gidrosferadagi suvlarni, ya’ni okeanlar va dengizlarni, daryolar va ko’llarni, doimiy qorliklar va muzliklarni, botqoqliklarni, yer osti suvlarini, ularning joylashishini, o’ziga xos xususiyatlarini hamda ularda sodir bo’ladigan hodisa va jarayonlarning atmosfera, litosfera va biosferadagi boshqa hodisalar bilan o’zaro aloqasini o’rganuvchi fandir.
Gidrologiya fani o’rganadigan ob’ektlariga bog’liq holda ikki qismga – okeanologiya (okeanlar va dengizlar gidrologiyasi) hamda quruqlik gidrologiyasiga bo’linadi.
Okeanologiya - okeanlar va dengizlarning umumiy xususiyatlarini hamda ularda sodir bo’ladigan hodisa va jarayonlarni atrof-muhit bilan aloqador holda o’rganadi.
Quruqlik gidrologiyasi esa, o’z navbatida, quruqlikdagi suv ob’ektlarining turiga ko’ra quyidagilarga bo’linadi:
- daryolar gidrologiyasi (potamologiya);
- ko’llar va suv omborlari gidrologiyasi (ko’lshunoslik yoki limnologiya);
- muzliklar va qor qoplami gidrologiyasi (glyatsiologiya);
- botqoqliklar gidrologiyasi (talmatologiya);
- yer osti suvlari gidrologiyasi (gidrogeologiya).
Qayd etish lozimki, ko’p hollarda gidrologiya deganda, quruqlik gidrologiyasi nazarda tutiladi.
Hozirgi kunda, o’rganadigan muammolari, tadqiqot ob’ekti va usullariga bog’liq holda, gidrologiyaning quyidagi bo’limlari mustaqil fan sifatida shakllangan:
- gidrografiya;
- gidrometriya;
- gidrologik hisoblashlar;
- gidrologik prognozlar;
- gidrofizika;
- gidrokimyo;
- gidrobiologiya;
- gidroekologiya.
Gidrologiyaga tegishli bo’lgan tadqiqotlarni amalga oshirishda, gidrologik jarayonlarning tabiiy mohiyatini o’rganishda geologiya, iqlimshunoslik, meteorologiya, okeanologiya va boshcha birqancha fanlar bilan zich bog’langan. Suv havzalaridagi suv massalarining harakati qonuniyatlarini o’rganishda gidrologiya, gidrodinamika va gidravlika fanlari yutuqlaridan, gidrologik hisoblashlar va prognozlar usullarini takomillashtirishda esa ehtimollar nazariyasi va matematik statistika usullaridan keng foydalanadi. Zamonaviy gidrologik tadqiqotlar va fanning kelajak istiqbolini kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur etib bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |