anionlar: kationlar:
xlor ioni Cl' natriy ioni Na'
sulfat ioni SO4'' kaltsiy ioni Ca''
gidrokarbonat ioni HCO3' magniy ioni Mg''
karbonat ioni CO3'' kaliy ioni K'
Quruqlikdagi suvlarning kimyoviy tarkibi Dunyo okeani suvidan keskin farq qiladi. Bu farq quruqlik suvlarida karbonatlarning, okeanlar va dengizlar suvlarida esa xloridlarning ko’pligida o’z aksini topgan.
Suvning tabiiy jarayonlar va inson hayotidagi ahamiyati
Suv sayyoramizda eng ko’p tarqalgan tabiiy kimyoviy birikma hisoblanadi. Tabiiy suvlar okeanlar, dengizlar, ko’llar, daryolar, suv omborlari, botqoqliklar va muzliklarni shakllantiradi. Ular suv bug’lari ko’rinishida atmosfera tarkibida ham mavjuddir. Ayni paytda, tuproqning fizik xususiyatlarini belgilovchi asosiy omillardan biri ham ularning namligi, ya’ni tuproq qoplamida mavjud bo’lgan suvdir.
Suvsiz sayyoramizning tirik organizmlar tarqalgan qobig’i, ya’ni biosferani va, umuman, yerdagi hayotni tasavvur etib bo’lmaydi. Yerning geografik qobig’ining shakllanishida va sayyoramizning tashqi ko’rinishida suvning o’rni juda muhimdir.
Suv tabiiy muhitni belgilovchi eng asosiy elementlardan bo’lishi bilan bir qatorda, eng faol geologik va geografik omil hisoblanadi. Bu holatlar quyidagilarda aks etadi. Birinchidan, suv mexanik va issiqlik energiyasi manbaidir. Ikkinchidan, suv energiya manbai bo’lganligi uchun ish bajarish qobiliyatiga ega. Ayni paytda, suv bilan birga turli moddalar va birikmalar bir joydan ikkinchi joyga ko’chadi. Bir so’z bilan aytganda, suvning Yerdagi hayot uchun ahamiyati beqiyosdir.
Suv, o’zining uzluksiz harakati tufayli, Yer sharida kuzatiladigan barcha tabiiy jarayonlarda ishtirok etadi. Akademik V.I.Vernadskiyning ta’biri bilan aytganda: “suvning geografik qobiqdagi ishini miqdor jihatdan Quyosh radiatsiyasi bilan taqqoslasa bo’ladi, sifat jihatdan esa uning o’rnini hech narsa bosa olmaydi”.
Suvning inson hayotidagi ahamiyati hammaga ma’lum. Bilamizki, inson qadim zamonlardan boshlab suvdan turmush ehtiyojlarini qondirishda eng sodda usullarni qo’llab foydalanib kelgan. Hozirgi kunga kelib, suv maxsus inshoot va qurilmalar yordamida tinitilib, tabiiy yoki sun’iy ravishda tozalanib, kerak bo’lgan hollarda zararsizlantirilib ishlatilmoqda.
Qishloq xo’jaligi va sanoatda suvning o’rnini hech narsa bosa olmaydi. Masalan, bug’doydan olinadigan hosilning har bir tonnasi uchun 1500 tonna, 1 tonna sholi uchun 4000 tonna, 1 tonna paxta tolasini yetishtirish uchun 10000 tonnagacha suv talab etiladi. Sanoatda 1 tonna g’isht tayyorlash uchun 12 tonna, 1 tonna ko’mir qazib chiqarish uchun 3 tonna, 1 tonna po’lat yoki qog’oz ishlab chiqarish uchun esa 250-300 tonna suv zarur bo’ladi. Yengil sanoatda 1 tonna sintetik tola ishlab chiqarish jarayonida 4000 tonnagacha suv talab etilsa, 1 tonna ip gazlama tayyorlash uchun esa 10 tonnagacha suv sarflanadi. Ayrim sintetik tolalardan 1 tonna gazlama tayyorlash uchun 3000 tonnagacha suv sarflanadi.
Suv havzalarining eng arzon transport vositasi ekanligi ham hammaga ma’lum. Shu tufayli suv transporti xalq xo’jaligi turli sohalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Suv transortini rivojlantirish maqsadida dunyodagi dengizlar, ko’pgina daryolar kanallar orqali birbiri bilan tutashtirilgan. Masalan, Suvaysh kanali O’rta Yer dengizi bilan Qizil dengizni tutashtirsa, Panama kanali Karib dengizi bilan Tinch okeanni tutashtiradi. Yoki Volga-Don kanali Volga va Don daryolarini tutashtiradi.
Daryolar juda katta energiya manbaidir. Shu sababli juda ko’p daryolarda eng arzon elektr energiyasi beruvchi gidravlik elektr stantsiyalar - GESlar qurilgan va qurilmoqda.
Suv ob’ektlarining mudofaa maqsadlaridagi ahamiyati ham nihoyatda kattadir. Chunki dunyodagi juda ko’p davlatlar chegaralarining asosiy qismi daryolar orqali o’tadi. Ana shu chegaralarni sergaklik bilan qo’riqlash uchun daryo tarmoqlari gidrografiyasini va ularning suv rejimi xususiyatlarini yaxshi o’rganish talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |