13.1-rasm. Qor chizig’i balandligining And va Kordiler tog’lari orqali o’tkazilgan kengliklar bo’yicha o’zgarishi (V.M.Kotlyakov ma’lumoti).
1 - yer yuzasi relefi, 2 - muzlik qoplagan yerlar, 3 - qor chizig’i
Sababi, janubiy yarim shar iqlimiga asosiy ta’sirini okean ko’rsatadi. Qor chizig’ining eng baland nuqtasi subtropiklarda joylashgan (6400 m gacha). Ekvator havosi nam bo’lib, u yerda yog’in miqdori bir muncha ortadi va qor chizig’i balandligi 4400-4900 m gacha tushib qoladi. Tog’li hudududlarda qor chegarasi balandligi yil fasllari bo’yicha o’zgarib turadi (13.2 - rasm).
Yer sirtining qor to’planadigan qismida qor qoplami va muzliklar zahirasi doimiy ravishda kamayib turadi. Bu kamayish ikki xil yo’l bilan-qor ko’chkilari va muzliklarning qor chizig’idan pastga siljishi ko’rinishida kuzatiladi.
Qor ko’chkilari (lavinalar) deb, tog’ yonbag’irlarining qiya yuzalari bo’ylab surilib tushadigan qor uyumlariga aytiladi. Ko’chkilar qiyaligi 150 dan katta va qor qalinligi 0,5 m dan ko’p bo’lgan tog’li va qutb oldi hududlari uchun xarakterlidir.
13.2-rasm, Qashqadaryo havzasida mavsumiy qor
chegarasining fasliy o’zgarishi.
1 - o’rtacha ko’p yillik, 2 - eng kichik, 3 - eng katta.
Ko’chkilarning paydo bo’lishi sabablari turlichadir. Masalan, quruq ko’chkilar yangi yoqqan qor bilan eski qor orasida ishqalanish kuchi kichikligi va shu tufayli yaxshi jipslashmaganligi sababli vujudga keladi. Shamolning kuchli esishi ham ma’lum sharoitlarda ko’chkilarga sabab bo’lishi mumkin. Ba’zan havo haroratining ko’tarilishi yer sirti bilan qor qatlami o’rtasida erigan suv hosil bo’lishiga olib keladi. Suv esa tungi soatlarda yoki haroratning keskin pasayishi natijasida muzlaydi. Bu bilan qorning surilishiga va "xo’l ko’chkilar" hosil bo’lishiga sharoit yaratiladi. Ko’chkilar hosil bo’lishining boshqa juda ko’p sabablari mavjud.
Qor uyumlarining yonbag’irlarda surilish holatiga ko’ra G.K.Tushinskiy ko’chkilarni uch turga bo’ladi: qor surilmalari, novsimon yonbag’irlar ko’chkilari va sakrovchi ko’chkilar.
Qor surilmalari qor juda ko’p miqdorda yoqqan yillari kuzatilib, bunda qor qoplami yonbag’irda keng front bo’ylab suriladi. Ikkinchi holda esa qor ma’lum novsimon yonbag’rda suriladi va uning tubida konussimon uyilma hosil qiladi. Sakrovchi ko’chkilar esa juda katta tezlikka ega bo’ladi, chunki ular nishabligi keskin ortgan yonbag’irlarda kuzatiladi.
Yuqorida aytilganlardan ko’rinib turibdiki, ko’chkilar juda havfli hodisa bo’lib, katta ziyon keltirishi va ba’zi hollarda inson hayotiga ham havf solishi mumkin. Shuning uchun ko’chkilarni o’rganishga katta ahamiyat berilmoqda. Butun o’lkalar bo’ylab ko’chkilar tushishi mumkin bo’lgan joylar xaritalarga tushiriladi. Ularni o’rganish, kuzatish uchun maxsus kuzatish joylari-stantsiyalar tashkil etilgan. Masalan, Ohangaron daryosi havzasida tashkil qilingan Kamchiq qor ko’chki stantsiyasining faoliyati diqqatga sazovordir.
Ko’chkilarni oldini olish uchun tog’ yonbag’irlariga daraxtlar ekiladi, ularda zinasimon maydonchalar (terrasalar) hosil qilinadi. Ayrim hollarda esa inson hamda xalq xo’jaligi inshootlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida sun’iy ravishda ham qor ko’chkilarini hosil qilish mumkin. Bunday tadbirlarni amalga oshirish mamlakatimizdagi ayrim tog’ qishloqlari hamda Kamchiq dovoni kabi tog’li hududlardan o’tadigan avtomobil yo’llarida xavfsizlikni ta’minlashga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |