Nazorat savollari
1. Ko’l deb qabul qilinadigan suv havzasi qanday shartlarga javob berishi kerak?
2. Ko’l botig’i va ko’l kosasining farqini ayting.
3. Ko’l kosasida qanday qismlar ajratiladi?
4. Litoral va sublitoral tushunchalarining ma’nosini aytib bering.
5. Profundal nima?
6."Ko’llar morfologiyasi" va "ko’llar morfometriyasi" tushunchalarini ma’nosini aytib bering.
7. Ko’llar suv yuzasining shakli va o’lchamlari qanday ko’rsatkichlar orqali ifodalanadi?
8. Ko’lning suv yuzasi maydoni qanday aniqlanadi?
9. Ko’llar kosalarining shakli va o’lchamlarini ifodalovchi ko’rsatkichlarni sanab bering.
10. Ko’llarning maydon va hajm egri chiziqlari qanday chiziladi?
11. Suv omborlarining suv sathi rejimi nimalarga bog’liq?
12. Suv omborlarining suv balansi tenglamasida hisobga olinadigan elementlarni sanab bering.
13. O’rta Osiyo suv omborlarining suv sathi va suv balansining o’ziga xos xususiyatlarini tavsiflang.
14. O’rta Osiyo suv omborlarining gidrokimyoviy rejimi haqida nimalarni bilasiz?
15. Orol dengizi muammosini hal etishda nimalarga e’tibor berish lozim?
Ma’ruza 8. Muzliklar
Reja:
1. Qor qoplami va uning xususiyatlari;
2. Qorning gletcher muziga va muzlikka aylanishi;
3. Muzliklar, ularning hosil bo’lishi, turlari, rejimi;
4. Muzliklarning gidrologik ahamiyati;
5. O’zbekiston muzliklari.
Tayanch iboralar: muzlik, qor, qor chizig’i, firn, gltecher, kara, lavinalar, muzlik koeffitsienti.
Qor qoplami va uning xususiyatlari
Muzliklar yer sirtining qor chizig’i chegarasidan yuqori qismida, relef hamda iqlim sharoiti qulay kelgan joylarda qorning to’planishi va zichlashishidan hosil bo’ladi. Ular o’zi joylashgan hududning iqlimiga, daryolarining suv rejimiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi, ayniqsa tog’ muzliklari daryolarni to’yintiruvchi asosiy manbalardan biri hisoblanadi.
Qor qoplami qorning yer sirtida to’planishidan hosil bo’ladi. Shamol ta’sirida u yer sirtida notekis taqsimlanadi. Natijada qor qoplamining asosiy ko’rsatkichlari - qalinligi, strukturasi (tuzilishi), zichligi, suv miqdori turli hududlarda turlicha bo’ladi. Daryolarning suvliligi ko’p jihatdan ularning havzalarida yilning sovuq davrlarida to’plangan qor qoplami miqdoriga bog’liq bo’ladi.
Tabiatda quruq va xo’l qor qoplamlari bir-biridan farq qiladi. Quruq qor qoplamining zichligi o’rtacha 0,06 g/sm3 ga teng bo’lsa, xo’l qor qoplaminiki esa 0,20 g/sm3 atrofida bo’ladi.
Yer sirtida shunday yuza(sath)lar mavjudki, u joylarda qor ko’rinishida yoqqan atmosfera yog’inlarining o’rtacha yillik miqdori uning erishiga va bug’lanishiga sarf bo’lgan qiymatiga teng bo’ladi. Aniqrog’i ma’lum balandlikda qor to’planishi va uning sarflanishi muvozanatda bo’ladi. Relef va iqlim sharoitlarining o’zaro munosabati tufayli vujudga kelgan bunday sath qor chegarasi yoki qor chizig’i deb ataladi.
Qor chizig’idan pastda qor shaklida yoqqan yog’inlarning miqdori ularning erishga va bug’lanishga sarflanishidan kam, qor chizig’idan yuqorida esa buning aksi bo’ladi. Qor chizig’idan yuqorida, xionosfera deb ataladigan qatlam doirasida, muntazam ravishda qorning to’planishi kuzatiladi. Xuddi shu xionosfera chegarasida doimiy qorliklar va muzliklar hosil bo’ladi. Xionosfera qatlamidan yuqoriga ko’tarilgan sari esa yog’adigan qor miqdori sarf bo’ladiganidan kamaya boradi.
Qor chizig’ining geografik kengliklar bo’yicha taqsimlanishi 13.1-rasmda keltirilgan. Qor chizig’i qutb doirasida, havo haroratining pastligi tufayli, okean sathigacha tushadi. Jumladan, janubiy yarim sharda qor chizig’i 620 janubiy kenglikdan boshlab okean sathiga to’g’ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |