Aristokratiya (yunon. Aristokratia - asl insonlar hukmronligi)-iqtisodiy hukmron sinf, zodagonlarning siyosiy hokimiyati. Aristokratiya birinchi marta antik davrning mashhur mutafakkirlari Platon, Aristotel tomonidan quldorlik davlat tuzumini idora etish vositasi sifatida ishlab chiqilgan. Aristokratiya odobi - musobaqa tamoyillari asosida hayotda birinchilardan bo‘lishga intilish keng quloch yoydi. Bunday o‘yinlar sahnasi: Olimpiya o‘yinlari, munozara, jang maydoni, teatr sahnalari edi. Yunonlar uchun erkinlik eng yuqori qadriyat hisoblanib, uning uchun hatto o‘limga ham tik borganlar. Leonid jasorati yoki Prometey haqida afsona bunga misoldir.
Yunonlarning turmush tarzi haqiqat, go‘zallik, mehribonlik kabi kategoriyalar uyg‘unligi bilan belgilangan. Ular uchun me’yor tushunchasi muhim ahamiyatga ega edi. Shuning uchun yunonlarda mulk erkin kishi uchun ajralmas atribut bo‘lsa, ikkinchi tomondan ochko‘zlik, molparastlikni qoralaganlar. Har qanday erkin yunon polis (shahar) davlatini eng oliy ehson deb qabul qilgan va uning vatanparvari bo‘lgan.
Yoshlarni tarbiyalash uchun ta’lim tizimi ikki yo‘nalishda tashkil etilgan: a) "gimnastika" va b) aqliy yo‘nalishdagi barcha madaniyat turlari. Ozod yunonlar bolalarini 7 yoshdan maktabga berganlar. Iqtisodiy imkoniyati bor xonadonlarning bolalari 18 yoshgacha gimnaziyalarda o‘qishni davom ettirishgan. Yunon maktablarida bolalarga qo‘yiladigan talablar: chiroyli yozish, aniq va ravon so‘zlashga o‘rgatilgan, ular Gomer, Gesiod va boshqa shoirlarning she’rlarini, dostonlarini yod olganlar. Yunonlar ashula aytish, raqsga tushish, lira sozini chalishni bilmaydiganlarni o‘qimishli deb hisoblamaganlar.
Afina tarbiyasi — mil. av. VII-V asrlarda qadimgi Afinada bolalar va o‘smirlar (qullardan tashqari) tarbiyasi tizimi. Bunda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘qiganlar. Ma’naviy tarbiya gimnastika bilan qo‘shib olib borilgan.
Sparta tarbiyasi — mil.av. VIII-IV asrlarda zodagonlarning bolalarini tarbiyalash tizimi. 7-20 yoshdagi bolalar davlat internatlarida harbiy-jismoniy tayyorgarlik ko‘rishgan. O‘qish va yozishni o‘rganishgan; buyruqqa bo‘ysunish; uni so‘zsiz bajarish va g‘alabaga erishish ko‘nikmalari shakllantirilgan, harbiy intizom asosida hayotga o‘rgatilgan. Tartib-intizom yildan yilga qiyinlashtirib borilgan. Kattalarga so‘zsiz bo‘ysunish, yengil kiyimda, oyoq kiyimsiz yurishga, qattiq o‘rin-joyda yotishga o‘rgatilgan. Maxsus jismoniy mashqlar bajarilishi belgilab qo‘yilgan. 15-20 yoshdagilar uchun harbiy mashqlar bilan birga, xorda kuylash asosiy mashg‘ulotlar sirasiga kiritilgan. Yoshlarning aqliy rivojlanishi muhim hisoblangan va savollarga aniq hamda qisqa javob berish maxsus mashg‘ulotlar jarayonida o‘zlashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |