Gerodot (mil. av.490-425) tarix fanining otasi. Mil. av. 455-447 yillarda butun Kichik Osiyo, Misr, Bobil, Finikiya, Kirena, Yunonistonning Bolqondagi shaharlari, Qora dengiz sohillari bo‘ylab sayohat qilib, skiflar haqida ma’lumot to‘plagan.
Gerodot yaratgan "Tarix"aleksandriyalik olimlar tomonidan to‘qqiz kitobga taqsimlanadi va har biriga muzalar nomi (Klio, Yevterpa, Taliya, Mel pomeni, Terisixora, Erato, Poligimniya, Uraniya va Kalliopa) sarlavha sifatida qo‘yiladi. Har bir kitob o‘z navbatida yuzlab boblardan iborat. "Tarix"da Yevropa va Osiyo, Yunoniston va Eron o‘rtasidagi urushlar voqeasi yoritilgan.
Gerodot asari jahon badiiy adabiyoti xazinasining ajoyib namunalaridan biri. Unda geografiya, etnografiya va tarixdan eng qadim davrlarga oid, turli xalqlar va elatlar, hududlarga oid juda qiziq ma’lumotlar bor. Lekin paradoks shundaki, "Tarix" asarini bizning tushunchamizdagi tarixiy asar deb bo‘lmaydi. Qadim grek tarixi, jumladan Geradot asari ham hozirgi tarixiy asarlardan mutlaqo farq etadi. Unda haqiqatni tasvirlash, uning sabablarini ochish va ilmiy umumlashtirishlarga emas, balki asarning badiiyligiga ahamiyat berilgan.
Gerodot "Tarix"ining asosiy g‘oyasini yunon dunyosining sharq dunyosi bilan kurashi tashkil qiladi. Gerodot Midiya, Ahamoniylar davlati tarixi, tabiiy sharoiti va murakkab hayoti, aholisining o‘tmishi, dini, o‘ziga xos urf -odatlari hamda madaniy yodgorliklarini ustalik bilan bayon etib, tarixiy voqealarni keng tahlil qilgan.
Antik adabiyotda birinchi bo‘lib skiflarning hayoti va turmush tarzlari Gerodot asarida tadrijiy suratda bayon etilgan. Xususan, u O‘rta Osiyoda yashagan massagetlar haqida batafsil ma’lumotlar keltirib, massagetlar malikasi To‘marisning axmoniylar podshosi Kir II bilan bo‘lgan jangini yuksak mahorat bilan bayon qilgan.
Qadimgi Yunon madaniyatidagi teatr sohasida tragediya, komediya janrlarining paydo bo‘lishi va ravnaqi muhim voqea hisoblanadi. Yunon teatri qishloq xo‘jaligi, uzumchilik homiysi bo‘lgan Dionis sharafiga o‘tkaziladigan bayramlar vaqtida ijro etiladigan xalq qo‘shiqlari va o‘yinlari asosida vujudga kelgan.
Esxil (mil. av. 525-456) — dramaturg, "tragediyaning otasi". Uning 80 dan ortiq dramasidan «Eroniylar» (472), «Fivaga qarshi yettovlon» (467), «Oresteya» (458), «Iltijogo‘ylar» hamda «Zanjirband Prometey» tragediyalari bizgacha yetib kelgan.
Esxil Afina demokratiyasi avj olgan davrda yashagan va bu sharoit uning ijodiga ham ta’sir etgan. Tragediyaga ikki aktyorni kiritib, uni chinakam dramatik janrga aylantirgan va dialog konfliktining yuzaga kelishiga imkon yaratgan. Esxil tragediyalari monumental, kompozitsiyasi mutanosib; ularda xor yetakchi o‘rinda, personajlar tavsifnomasi ziddiyatlardan holi va qatiy maqsadga qaratilgan.
Esxil tragediyalarida insonparvarlik, vatanparvarlik kabi ijtimoiy va axloqiy muammolar ko‘tarib chiqilgan. Prometey haqidagi trilogiyasidan faqat «Zanjirband Prometey» tragediyasi saqlanib qolgan. Prometey timsolida zulmga qarshi, adolat uchun kurashuvchi buyuk inson xarakteri yoratilgan. Esxilning "Zanjirband Prometey" tragediyasi shoir Asqar Qosim tarjimasida o‘zbekchada nashr etilgan.
Sofokl (mil. av. 496-406) — dramaturg, shoir, siyosiy va harbiy arbob.
Sofokl antik davr tragediyalari uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan shaxsning ma’naviy shakllanishi muammosini yechishda dunyoning parvardigor tomonidan idora etilishini nazardan qochirmagan. Uning "Traxiyalik ayollar" tragediyasidan boshqa barcha asarlari oliyjanob kishilarning nomlari bilan atalgan. Antik manbalarga ko‘ra, 123 ta drama yozgan. "Ayaks", "Antigona", "Shoh Edip", "Elektra", "Filoktet", "Edip Kolonda" va boshqalar.
Bu asarlarning qaxramonlari murakkab vaziyatda do‘q va po‘pisalarga yoxud murasasozlikka da’vat etuvchi kengash va maslahatlarga qaramay, o‘z maqsadlari sari intiladilar. Antigona "norasmiy qonun"ga itoat etib, davlat qonunini buzadi va qonun jinoyatchi ko‘milmasin degan hukmiga qaramay, akasini dafn etadi. Elektra qatl etilgan otasining o‘chini olish uchun akasi Orestaga yordamlashib, qotil onani o‘ldirishda qatnashadi. Edip taqdiri azaldan qanchalik qochishga urinmasin, otasining qotili va onasining eri bo‘lib chiqadi. Bu aybi uchun shoh Edip o‘zini jazolaydi.
Ana shu tarzda Sofokl tragediyalarining qahramonlari, o‘z istaklariga qarshi o‘laroq, taqdiri azalning qurboni sifatida gavdalanadilar. Sofokl voqeaning tabiiy oqimini aks ettirar ekan, tasvirga ilohiy kuchlarni jalb etmaydi, tomoshabin uning asarlarida kamdan-kam hollarda folbin, bashoratchilarga duch keladi. Sofokl Esxildan farqli o‘laroq, tragediyaning trilogiya ko‘rinishlaridan voz kechib, har bir asarida syujetning mustaqilligiga erishadi. Uning ikkinchi yangiligi uch aktyor ishtirokidagi sahnalardan samarali foydalanishidir.
Sofokl jahon adabiyoti tarixidan bir necha monumental obrazlarni yaratgan ijodkor va jiddiy dramatik kompozitsiyalar ustasi sifatida o‘rin egallagan. Sofokl asarlari teatr san’ati yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tarilgan hozirgi davrda ham o‘z qimmatini yo‘qotmay, jahon dramaturgiyasining shoh namunalari bo‘lib qolmoqda. Sofoklning "Shoh Edip" (1969), "Antigona" asarlari hozirgi o‘zbek milliy teatrda (1971), "Elektra" tragediyasi esa Abror Hidoyatov nomidagi teatrda sahnalashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |