"Gresiya mo‘jizasi" nomi bilan tarixga kirgan klassik davrda,mil. av. V-IV asrlarda qadimgi yunon sivilizatsiyasi va madaniyati yashnab, eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. Bu davrda yunonlar eronliklar ustidan g‘alabaga erishgach, iqtisodiyot, savdo keng rivojlanadi. Afina O‘rta Yer dengizida eng katta savdo markaziga aylanadi. Afina Misr, Karfagen, Krit, Suriya, Finikiyaliklar bilan savdo aloqalarini olib boradi.
Shu davrlarda tafakkur daholari Suqrot, Demokrit, Platon, Diogen, Aristotel, Gerodot, Gippokrat kabi buyuk allomalar yashab, ijod qilganlar.
Tarixda birinchi marta Suqrot tomonidan insonni falsafiy anglash masalasi qo‘yildi. Platon falsafani tugallangan dunyoqarash, siyosiy va mantiqiy, etnik sistema sifatida yaratdi; Aristotel esa falsafaga haqiqiy mavjudlikni tadqiqot-nazariy o‘rganuvchi fan sifatida qaradi. Bu 3 nafar mashhur yunon mutafakkirlarining har biri o‘sha vaqtdan buyon o‘zicha alohida va turli shakllarda jahon falsafasining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatib keladi.
Suqrot (mil.av.470-399) ning falsafiy ta’limoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni unga zamondosh va shogird bo‘lgan Ksenofont, Platon, keyinroq Aristotellar yozib qoldirgan. Suqrot faqirona kun kechirib, doimo eski liboslarda, oyoq yalang yurgan. Uning turmush tarzi, so‘zlari va suhbatlari odamlarda katta qiziqish uyg‘otardi. Faylasuf ko‘p vaqtini odam gavjum maydonlarda, xiyobonlarda o‘tkazgan. O‘zining suhbatidan bahramand bo‘lish niyatida yurgan istalgan kishi bilan savol-javob qilgan. Ushbu muloqotlarning uslubi va xarakteri Platonning dialog suhbatlar tarzida yozilgan asarlarida o‘z ifodasini topgan. Suqrot o‘z falsafiy tadqiqotlariga axloqiy masalalarni asos qilib olgan. Shogirdi Platon ko‘p asarlarida yozishicha, Suqrot adolatli, faravon jamiyat qurish uchun qanday qonunlar zarurligini, odamlar faqat moddiy ne’matlar bilan badanini parvarish qilavermay, ma’naviy ne’matlar (ilm-fanlar, fazilatlar) bilan o‘z ruhini tarbiyalab, parvarishlab o‘stirish zarurligini ta’kidlaydi. Suqrotning yana bir shogirdi Afinalik Ksenofont ("Kiropediya", "Uy-ro‘zg‘or qurish", "Suqrot haqida xotira") muallifi, Eron shahanshohi Kir III huzurida xizmat qilgan, yollanma o‘n ming grek qo‘shini boshlig‘i edi) Suqrotning juda ko‘p yoshlarga turli kasb-hunarlarni puxta o‘rganish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatgan. Platon va Ksenofontlarning yozishlaricha, Suqrotning mislsiz shon-shuhratini ko‘rolmagan hasadgo‘ylar uni yunon ma’budlarini inkor etishda ayblab, sudga berganlar. Sud buyuk donishmandni o‘limga hukm etgan.
Suqrot ta’limotiga ko‘ra, falsafaning maqsadi o‘z-o‘zini bilish bo‘lib, bu esa chin ezgulikka erishish yo‘lidir; ezgulik — bilim yoki donolikdir. Suqrot insonda o‘rta miyonalik, mo‘tadillik (ya’ni, ehtiroslarni jilovlay bilish)ni, dovyuraklik (ya’ni, xavf-xatarni yenga bilish)ni, adolat (ya’ni, ilohiy va insoniy sonun-soidalarga rioya eta bilish)ni eng asosiy ezgulik va yaxshilik belgisi deb bilardi. Zamondoshlari va shogirdlarining guvohlik berishicha, Suqrot o‘zining chuqur dialektik fikrlashi, ya’ni mavjudot faoliyatga oid nomukammal tushunchalardagi ziddiyatlarni ochish orqali o‘sha narsalarni bilish sari yetaklay olish san’ati, induktiv ta’limotdan foydalanish mahorati bilan insoniyat madaniyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Suqrot ta’lim-tarbiya amaliyotidagi har qanday aqidaparastlikni qattiq qoralagan. Ta’limning ma’ruza o‘qish shaklidan voz kechib, dialektik suhbat va baxs-munozarorqali haqiqatni izlab topishni asosiy uslubga aylantirdi. U barcha mavjud nuqtai nazarlarning hech biriga qo‘shilmay, ularni tanqidiy asosda muhokama qilishga intilgan. Pedagogikada majburlashdan, zo‘ravonlikdan voz kechish tarafdori bo‘lgan. Uningcha, bilim berishning yagona vositasi - ishontirishdir.
Suqrot nomi keyingi davrlar uchun donishmandlik timsoli bo‘lib qolgan. Quyida uning dono fikrlaridan nomunalarni beramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |