Pifagor (mil. av. 580-500) — yunon matematigi, faylasuf, quldor aristokratiyaning g‘oyaviy targ‘ibotchisi bo‘lgan. U Krotonda falsafiy maktab, siyosiy partiya va diniy birodarlikni mujassamlashtirgan pifagorchilar ittifoqini tuzadi. Pifagor falsafasida miqdor barcha narsaning mohiyati, olam esa miqdor va ular orasidagi munosabatlarning garmonik sistemasi, degan g‘oyalar ilgari surilgan. Pifagor hayotining mazmuniga oid qarashlariga "falsafa" deb nom bergan birinchi donishmand: "Tartib sening muqaddas maqsading bo‘lsin, sen bu maqsad yo‘lida astoydil xizmat qil, chunki, tartib hamma narsaning asosidir. Tabiatning mavjudligi asosida ham tartib yotadi". Pifagor uzoq vaqt davomida Misrda tahsil olgan. Zardushtiylik diniga juda qiziqqan. U Misrda ilm sirlarini o‘rganish uchun hatto 24 yoshida xatna qildirishiga ham rozi bo‘lgan. Aks holda uni kitoblarga yaqinlashtirishmasdi. U hech qachon yig‘lamagan va umuman ehtiros hamda xis-hayajonga berilmagan.
Fliunt shahriga safari chog‘ida hokim Leon Pifagordan so‘radi: "Sen qaysi ilm bilmdonisan? -Hech qaysi deb javob berdi Pifagor. -men shunchaki bir faylasufman" -Falsafa degani nima o‘zi? - taajjublanib so‘radi hokim. Pifagor shunday javob berdi: "Inson umrini bozor va olimpiya o‘yinlariga qiyoslash mumkin. Bozordagi sotuvchilar ham, xaridorlar ham doimo o‘z foydalarini ko‘zlaydilar. Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari esa shon-shuhrat va mashhurlik payida bo‘ladilar. O‘yingohdagi tomoshabinlar esa ularni diqqat bilan kuzatadilar. Hayotda ham shunday. Odamlarning katta bir guruhi boylik va shon-shuhrat orttirish maqsadida yelib-yuguradilar. Ana shu olomon orasida kamchilikdan iborat bir guruh borkim, ular chetdan turib atrofdagilarni jimgina kuzatadilar. Voqea- hodisalarni, inson tabiatini tadqiq etadilar. Haqiqatni anglash ularning eng sevimli amalidir. Ana shu toifadagi odamlar faylasuflar-donolikni sevuvchilar, deb ataladi. Ular sofoslar, ya’ni donishmandlar emas. Chunki tom ma’nodagi donishmandlik yolg‘iz Allohga xos sifat. Bandalar esa donishmandlikka intilish bilan kifoyalanadilar, xolos".
Matematika tarixida Pifagor geometriyaga sistematik isbot tushunchasini kiritib, uni abstrakt fan darajasiga ko‘targan, to‘g‘ri chiziqli shakllar geometriyasini tuzgan, o‘xshashlik haqidagi ta’limotni yaratgan, to‘g‘ri burchakli uchburchak haqidagi teoremani isbotlagan, ayrim muntazam ko‘pburchak va ko‘ptomonliklarni yasagan deb hisoblanadi. Odatda, juft va toq, kub va murakkab, mukammal sonlar, arifmetik, geometrik va garmonik proporsiyalar Pifagor nomi bilan bog‘lanadi. Pifagor maktabining matematikani sistemalashtirishdagi roli katta bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |