176-rasm. Dudak yoki tuvaloq (Otis tarda), erkagi va urg’ochisi.
Suvmoshaksimonlar (Rallidae) oilasiga kichik va o`rtacha kattalikdagi qushlar kirib, ular o`tloqlarda, botqoqliklarda, daryo qirg’oqlarida uchraydi. Ularning bo`yni uzun, oyog’i esa kalta, tumshug’i yon tomondan siqilgan, burun teshiklari ochiq, qanotlari kalta va to`mtoq. Odatda yomon uchadi, lekin qalin butalar orasida bemalol o`rmalab va yugurib yuradi. Ko`pchiligi tunda hayot kechiradi. Ayrim turlari suvda ham suzadi. Chug’urchuqday keladigan (massasi 200 g atrofida) tar-tar degan turi daryo qirg’oqlarida, o`tloqlarda yashaydi. O`ziga xos tarillagan tovush chiqarib sayraydi, shuning uchun ham tar-tar deb ataladi. Tipik vakillariga tar-tar (Crex crex), botqoq tovuqchasi, ya`ni pogonish (Porzana porzana), g’ozqanjir (Gallinula chloropus) va qashqaldoq (Fulica atra) lar kiradi. Qashqaldoqlar suvda yaxshi sho`ng’iydi. Suvmoshaklardan, asosan qashqaldoqlar ov ahamiyatiga ega. Suvmoshaklar yerga uya quradi va uyasiga 3-12 ta tuxum qo`yadi. Ular o`simlik ozuqalari va umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Bu turkumning 13 ta turi MDHda uchraydi. Jo`ja ochuvchi qushlar hisoblanadi. Nasli uchun ikkala jinsi ham g’amxo`rlik qiladi.
Balchiqchisimonlar (Charadriiformes) turkumi. Balchiqchisimonlar turkumi hozirgi sistematikaga, asosan baliqchilar, chistiklar va balchiqchilar kenja turkumlariga bo`linadi. Turli klassifikatsiyaga binoan balchiqchisimonlar turkumining 11 tadan 18 tagacha oilalari va 300 taga yaqin turlari mavjud. MDHda 134 ta turi uchraydi.
Balchiqchisimonlar turkumi uchun umumiy bo`lgan asosiy belgilarga, avvalo jag’lari va tumshuqlarining tuzilishi hamda shakli, orqa oyoqlaridagi birinchi barmog’ining reduktsiyaga uchraganligi, birlamchi tartibdagi 11 ta qoquv patlaridan birinchisining reduktsiyaga uchraganligidir. Ularning oyoqlari va tumshug’i uzun, qanotlari o`tkir uchli, pat-parlari qo`ng’ir, qora, jigarrang, kulrang va oqish bo`ladi.
Balchiqchisimonlar turkumi vakillari kosmopolit qushlardir, shimoliy va mo`’tadil iqlimli sharoitlarda keng tarqalgan. Monogam, ko`pchilik turlari uya qurmaydi, tuxumlarini yer yoriqlariga, qumga yoki o`simliklar orasiga qo`yadi. Koloniya bo`lib yashaydigan turlari ko`p. 1 tadan 4 tagacha o`rtacha va yirik noksimon shakldagi tuxum (balchiqchilar oilasi vakillari 4 tadan, baliqchilar 3 tadan, chistiklar 1-2 tadan) qo`yadi.
Balchiqchisimonlar turkumi vakillari jo`ja bolali qushlar bilan jish bolali qushlarning oraliq formasi hisoblanadi. Tuxumdan chiqqan polaponlarining ko`zlari ochiq va usti qalin par bilan qoplangan bo`ladi. Lekin ular uchirma bo`lganicha ota-onasi tomonidan oziqlantiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |