Qurlar (Tetraonidae) oilasini turlari unchalik ko`p emas. Ular O`rta va Shimoliy mintaqalardagi ninabargli va aralash o`rmonlarda tarqalgan. Qurlarning erkaklarini oyog’ida pixi bo`lmaydi, iligining yarmigacha patlar bilan qoplangan, barmoqlarining chetida shox tishchalari bor. Bu oilaga qur (Lyrurus tetrix), karqur (Tetrao urogallus), oq kuropatka (Lagopus lagopus) va chil (Tetrastes bonasia) kiradi (173-rasm).
173- rasm. Qurlar: 1- tundra kuropatkasi, 2- oq kuropatka, 3- dikusha, 4,5- karqur.
Bu qushlarning tumshug’i nisbatan katta, uchki qismi o`tkirlashgan, burun teshiklari patchalari orasida yashiringan bo`ladi. Ular qishlash uchun hech qayerga uchib ketmaydi, uyasini, asosan yerda quradi. Tundrada, taygada va Sibir o`rmonlarida oq kuropatka (Lagopus lagopus) yashaydi. Uning kattaligi kaptarday, ya`ni 500-850 g keladi. Yozda ularni rangi yerning rangiga o`xshash jigarrang tusda, qishda esa oq tusda bo`ladi. Yerga uya qurib, 6-16 ta tuxum quyadi. Inkubatsiya davri 23 kunga to`g’ri keladi. Ov ahamiyatga ega.
Qur (Lyrurus tetix)ning kattaligi tovuqday keladi. Erkagi qora, urg’ochisi jigarrang bo`ladi. MDHda nina bargli va aralash o`rmonlarda keng tarqalgan. Inlarini yerga qurib, 4-12 ta tuxum qo`yadi, 23 kunda tuxumdan jo`jasi ochib chiqadi. Nasl uchun urg’ochisi g’amxo`rlik qiladi. Ular, asosan rezavor-mevalar, o`simlik urug’lari hamda hasharotlar bilan oziqlanadi, o`simliklarning yashil barglarini ham yulib yeydi. Kuzda qurlar ekinzorlarga uchib kelib, u yerda faqat oziq emas, balki tosh ham yig’adi. Qor yoqqandan keyin ularning ozig’i, asosan kurtak, novda, oqqayin, qayrag’och mevalaridan iborat bo`ladi. Ovqat hazm qilishida toshlarning ahamiyati juda katta. Yosh qurlar hayotining birinchi kunidanoq tosh yig’a boshlaydi.
Qushlarning oshqozonidagi toshlarning mikdori yil fasllariga qarab o`zgarib turadi. Eng ko`pi (15 g gacha) kuzga, ya`ni qushlar dag’al oziq yeyishga o`tishi davriga, eng kami qishga to`g’ri keladi. Toshlarning qishda kamayishi, qor ostidan o`tlarni topish imkoniyati bo`lmasligi, qish faslida ularning ishqalanib yeyilishi va qisman oziq qoldig’i bilan chiqarib tashlanishiga bog’liq.
Qurlar ko`p vaqtini daraxtda o`tkazib, qarag’ay, tilog’och va kedrlarning nina barglari bilan ham oziqlanadi. Qalin shoxlar orasida tunaydi. Qishda yumshoq qor orasiga kirib faqatgina tunni emas, balki kuchli sovuq bo`lganda kunduz kuni ham shu yerda o`tkazadi. Bahorda erta tongda qurlarning erkaklari qayinlarning shoxlariga qo`nib, o`ziga xos sayraydi. Qurlar katta ov ahamiyatiga ega.
Qursimonlar oilasi ichida eng katta qush bu oddiy karqur (Tetrao urogallus) hisoblanadi. Erkagining og’irligi 3-5,5 kg, urg’ochisiniki esa 2-3,5 kg keladi. Karqurlar Qrimda, Kavkazda va O`rta Osiyo o`rmonlarida uchramaydi. Ular, asosan Baykal ortida keng tarqalgan, ayniqsa, Lena daryosi o`rta oqimlari bo`ylarida ko`plab uchraydi. Karqurlar yerga uya qurib, 10 taga yaqin tuxum qo`yadi. Tuxumini 23 kun bosib yotadi. Bir yildan keyin boshqa tovuqsimonlarga o`xshab jinsiy voyaga yetadi. Karqurlar ham qurlar kabi oziqlanadi. Qop bo`lmagan vaqtlarda karqurlarning ozig’i xilma-xil bo`ladi. Ular meva, urug’, hasharotlar bilan oziqlanadi. Qishda qalin qor yoqqandan keyin ozig’i bir xil bo`lib qoladi. Bu vaqtda qarag’ay, tilog’och, kedr, qisman mojjevelnik barglari bilan oziqlanadi. Ignabarglarning kaloriyasi past bo`lganligi tufayli qushlar har gal 250 g ga yaqin ozuqa iste`mol qiladi. Katta miqdordagi dag’al ozuqaning maydalanishida toshchalar katta ahamiyatga ega. Toshchalar bilan to`lgan muskulli oshqozon faqat o`simliklarni emas, balki kedr yong’oqlarini ham maydalaydi. Qush toshchalarni qor bo`lmagan davrda, ayniqsa, kuzda ko`p yutadi. Bahorda ular oshqozonidan topilgan toshchalarning o`rtacha massasi 4 g, avgustda 8 g, sentyabrda 24 g va oktyabrda 44 g keladi.
Karqurlarning erkagi daraxtlarni shoxida ham, yerda ham qaqag’lab sayraydi. Sayrayotgan vaqtida karqurning qanotlari osilib tushgan, boshi ko`tarilgan, dumi yozilgan bo`ladi. Karqurlar bo`g’iq ovozda sayraydi. Avval chaq-chaqlab, keyin esa chirillab sayraydi. Karqurlar sayragan vaqtda atrofda nima bo`layotganligiga ahamiyati bermaydi, u go`yo hech narsani ko`rmaydi va eshitmaydi, bu vaqtda unga juda ham yaqin kelish mumkin. Karqurlar muntazam ravishda ovlanadi va ular katta ov ahamiyatiga ega.
Chil (Tetrastes bonasia) qursimonlar oilasidagi eng kichik qush hisoblanadi. Uning og’irligi 400 g atrofida. MDHda keng tarqalgan, o`rmonlarda o`troq holda yashaydi. Butalar orasiga uya qurib, 6-14 ta tuxum qo`yadi. Tuxumni 3 haftagacha bosib yotadi. Erkagi uya qurishda va jo`ja tarbiyasida ishtirok etmaydi. Jo`jalari tuxumdan chiqqandan bir necha soatdan keyin onasining orqasidan ergashadi. Chillar o`simliklar ozig’i hamda hasharotlar bilan oziqlanadi. Chillar ov ahamiyatiga ega. Rossiyada eng muhim ovlanadigan qushlardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |