Sho`ng’uvchi o`rdaklar (Aythyinae) kichik oilasiga qizilbosh sho`ng’uvchi o`rdak (Aythya ferina), turpan (Melanitta fusca), gagalar (Sonateria)ning bir necha turi, haydarkokil (Aytha fuligula), xitoy o`rdagi (Bucephala clangula) va boshqalar kiradi. Sho`ng’uvchi o`rdaklar daryo o`rdaklaridan farq qilib chuqur va ochiq suvlarda keng tarqalgan. Ular juda yaxshi sho`ng’iydi, 10 m gacha suv ostiga sho`ng’ib, o`simlik va hayvon ozuqasi bilan oziqlanadi. Ov ahamiyatiga ega. Ular 3-8 ta tuxum qo`yadi. Bu o`rdaklar, asosan shimoliy kengliklarda tarqalgan. Ko`p turlari koloniya bo`lib yashaydi, uyalarini yerga quradi. Gagalar o`zlarining qorin tomonidagi parlarini yulib, uyasiga to`shaydi. Bitta uyada 18-21 ta par bo`ladi. Bu parlar juda qimmatbaho, ular yengil, yumshoq va uzoq muddatda o`zgarmaydi.
Cheraglar (Merginae) kichik oilasi vakillarining tumshug’i ingichka, uchi ilmoqchali bo`ladi. Tumshug’ining chetlari arrasimon. Cheraglar suvga sho`ng’ib baliqlarni tutib yeydi. Cheraglarning Rossiyada 4 ta turi, O`zbekistonda 3 ta turi, ya`ni yomon cherag (Mergus albellus), o`rtacha cherag (M.serrator) va katta cherag (M.merganser) uchraydi.
G’ozsimonlar turkumiga Janubiy Amerikada tarqalgan palamediyalar ham kiradi. Ularning tumshug’i qayrilgan, barmoqlari orasida suzgich pardalari yo`q, qanotining qayrilgan yerida 2 ta pixi bo`ladi, qovurg’alarida ilmoqsimon o`simtasi bo`lmaydi. G’ozsimonlar turkumi vakillarining hamma turlari katta ov ahamiyatiga ega.
Lochinsimonlar yoki kunduzgi yirtqichlar (Falconiformes) turkumi
Bu turkumga 290 ga yaqin tur kiradi. Ular o`rtacha va yirik qushlar, og’irligi 35 g dan 10-12 kg gacha boradi va yer yuzasida keng tarqalgan. Tumshuqlari kalta va kuchli, ustki tumshug’ining uchi pastga qayrilib, ilmoq hosil qiladi. Ustki tumshug’ining asosida ochiq rangdagi yalang’och teri – voskovitsasi bor, bunga tashqi burun teshiklari ochiladi. Hatti-harakati juda murakkab. Oldingi miya yarimsharlari miyaning boshqa bo`limlariga nisbatan 1,5-2 marta katta. Bu qushlarning xarakterli belgilariga asosi ilmoqdek qayrilgan tumshug’i, o`tkir changal tirnoqlari borligi, gavdasi ustki tomonidan patlar bilan zich qoplanganligi va tashqi barmog’ini orqaga qayrila olmasligi, ko`zi boshining ikki yon tomonida joylashganligidir. Qizilo`ngachida jig’ildoni bor. Ayrim turlari tana massasining yarmiga teng bo`lgan miqdordagi ozuqani yeyishi mumkin.
Kunduzgi yirtqich qushlar juft-juft bo`lib yashaydi. Bu qushlarning ikkala jinsi ham bir xil xira rangda, lekin urg’ochisi erkagidan yirikroq bo`ladi. Ko`pchilik turlarida jufti umrbod saqlanadi. Ular yakka yoki juft bo`lib uya quradi, kattalari 1-3 ta, maydalari 4-7 ta tuxum qo`yadi. Tuxum bosish va jo`jalarini boqishda ikkala jins ham faol qatnashadi. Tuxumdan ko`zi ochiq, usti pat bilan qoplangan jo`jalar chiqadi, lekin uzoq vaqt uyada qoladi. Yirtqich qushlarning deyarli hammasi foydali, ular zararli kemiruvchilar va hasharotlarni qirib qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi.
Tasqaralar o`limtiklar bilan oziqlanib, sanitarlar hisoblanadi. Ularning boshi, bo`yni yalang’och, chunki qush chirib yotgan o`limtik ichiga boshini kiritganida iflos bo`lmaydi, bu esa ularni turli teri kasalliklaridan saqlaydi. Lochinsimonlar jo`ja bolali bo`lib, jo`jalari mayda turlarida 1,5-2 oydan keyin, yirik turlarida esa 3-4 oydan keyin uyalarini tashlab ketadi.
Lochinsimonlar turkumi 3 ta oilaga bo`linadi:
1. Amerika tasqaralari (Cathartidae) oilasi.
2. Lochinlar (Falconidae) oilasi.
3. Qarchig’aylar (Accipitridae) oilasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |