G’ozlar (Anserinae) kichik oilasiga g’ozlar va kazarkalar kiradi. G’ozlar keng tarqalgan, ayniqsa tundrada ko`plab uchraydi. G’ozlarning 170 ta turi bo`lib, MDHda 12 ta turi tarqalgan, bular, asosan shimolda va tundrada uya quradi. Birmuncha janubda ko`k g’oz (Anser anser) tarqalgan. Ko`k g’ozdan ko`pgina xonaki g’ozlar zotlari yaratilgan. O`zbekistonda ham ko`k g’oz in qurib, jo`ja ochadi. Amudaryo etaklarida va Zarafshon daryosining quyi oqimlarida uchraydi. Ular, asosan Yevropa, Shimoliy Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va O`rta Osiyoning suv havzalarida qishlaydi. Sharqiy Sibir va Xitoyda quruqburun g’oz (Anser cygnoides) uchraydi. Bu g’oz Xitoy xonaki g’ozining yovvoyi turi hisoblanadi.
Arktikada gumennik, ya`ni dala g’ozi (Anser fabalis) va qizil tomoq kazarka (Rufibrenta ruficollis) keng tarqalgan. MDHda uchraydigan barcha g’ozlar ko`chmanchi qushlardir. Ular odam kam yashaydigan joylarda, sersuv, botqoqliklarda, zax joylarda uya quradi. G’ozlar boshqa suvda yashaydigan qushlarga qaraganda quruqlikka ancha yaxshi moslashgan. Ular uyalarini yerga qo`yadi, quruqlikda oziqlanadi, suv esa ular uchun suv ichishda, tullash davrida va dam olish davrida kerak bo`ladi. Tullash davrida g’ozlar bir necha yuz, ba`zan mingtagacha to`planadi. Tullaganda uchish (qoquvchi) patlari birdaniga tushib ketadi, bunday holda g’ozlar 2-5 hafta mobaynida uchish qobiliyatini yo`qotadi. Ular, asosan dengiz, ko`llar, o`rmonlarda tinch joylarda tullaydi. G’ozlarning hamma turlari yaxshi suzadi, lekin sho`ng’iy olmaydi. Uyasini erkagi va urg’ochi birgalikda quradi, lekin tuxumini, asosan urg’ochisi bosadi. Uyasida 4-6 ta tuxum bo`ladi. 25-28 kundan keyin tuxumdan jo`jasi chiqadi. Tuxumdan chiqqan jo`ja bir kundan keyin onasining orqasidan ergashadi. G’ozlarning ahamiyati katta. Janubda g’ozlar ba`zan o`simliklarga zarar ham yetkazadi.
Daryo o`rdaklari (Anatinae) kichik oilasiga 80 ga yaqin tur kiradi. Ularda jinsiy dimorfizm mavjud. Tumshug’i ensiz va baland. Bu kenja oilaga yovvoyi o`rdak (Anas platyrhynchos), qo`ng’ir o`rdak (Anas strepera), suqsur (Anas acuta), olaqanotli suqsur (Anas penelope), churrak (Anas crecca) va boshqalar kiradi. Ular keng tarqalgan, O`rta Osiyo suv havzalarida ham uchraydi. Bu o`rdaklar sero`t suvlarni yaxshi ko`radi. Toza va chuqur o`tsiz ko`llarda kam uchraydi.
Daryo o`rdaklari suv havzalarining sayoz qismida o`sadigan o`simliklar ildizlari atrofidagi balchiqlarga boshini tiqib oziq topib oziqlanadi. Ular, asosan o`simlikxo`r, rdest tuganaklari, shoxbarg, nilufar, hilol, qamishlarning barglari, urug’i, novdasi va suvdagi umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi.
O`rdaklar asosan, Osiyoning janubida, Shimoliy Afrika, Markaziy Amerikada va o`lkamiz janubidagi suv havzalarida qishlaydi. Erta bahorda daryolar bo`ylaridagi qamishzorlar va qalin o`tlar orasiga uya quradi. Uyalarini yer ustiga, ayrimlari daraxtga quradi. O`rdaklar turli miqdorda tuxum qo`yadi. Masalan: yovvoyi o`rdaklar 6-14 ta, qo`ng’ir o`rdaklar 7-13 ta, suqsurlar 6-12 ta tuxum qo`yadi. 24-28 kunda tuxumdan jo`ja ochib chiqadi, faqat urg’ochisi tuxum bosadi. Yovvoyi o`rdak xonaki o`rdaklarning ajdodi hisoblanadi. MDHda o`rdaklar Kaspiy dengizida qishlaydi. Ov ahamiyati katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |