HUDUDLARNI SANITAR TOZALASH.
Aholi
yashaydigan joylarda, maskanlarda axlatlar, chiqindilarni to’plash, transportirovkalash va
zararsizlantirish, qish va yoz fasllarida ko’chalarni, maydonlarni, uyni ichkarisidagi maydonlarni
tozalash kabi tashkiliy-texnika tadbirlar kompleksiga sanitar tozalash deyiladi.
Chiqindilar insonni o’rab turgan atrof muhitni: havoni, tuproqni, suv havzalarini, uylar va jamoat
imoratlarini ifloslantiradi. O’z vaqtida axlatlarni olmaslik, tozalamaslik oqibatida epidemiologik havf
tug’ilishi mumkin, hududning obodonligi buziladi.
Sanitar tozalash chiqindilarni to’plash, olib chiqish va zararsizlantirish jarayonlarini to’liq, maksimal
darajada mexanizatsiyalashni nazarda tutadi. Chiqindilarni uch xili mavjud: qattiq va suyuq
chiqindilar, atrmosferada paydo bo’ladigan zararli hosilalar.
Qattiq chiqindilar - bu uydan chiqadigan maishiy axlat (oziq-ovqat chiqindilari, kvartiradan
chiqadigan axlat) markaziy qozonxonalardan
chiqadigan util, shlak va kul, ko’chadagi supurindilar,
xazonlar, parklar va skverlardagi daraxtlarni shox-shabbalari, binolar qurilishida, buzilishida
vujudga keladigan, paydo bo’ladigan qurilish axlatlari, umumiy ovqatlantirish korxonalari, sanoat
korxonalari, savdo korxonalari chiqindilari xisoblanadi.
Suyuq chiqindilar: suyuq iflosliklar, yuvindilar (kanalizatsiya o’tmagan uylardagi suyuq maishiy
chiqindilar), kanalizatsiyaga tashlanmaydigan suyuq sanoat chiqindilari (neft chiqindilari, moylar,
eritgichlar va h.k.).
Atmosferada xosil bo’ladigan yog’inlar: yomg’ir, qor, muz parchalari. Ular maxsus moslamalar
yordamida
zararsizlantiriladi, utillashtiriladi, eritiladi va shahar kanalizatsiyasiga oqiziladi.
Ko’chalar, maydonlar va hovlilarni tozalash - mavsumiy bo’lib qishki tozalash va yozgi tozalashdan
iborat. Yozgi tozalashda ko’chalar, yo’llardagi axlatlar supuriladi, ko’chalarni yo’llarni ustki
qoplamalari yuviladi. Bunda supuradigan- to’playdigan va suv sepadigan-yuvadigan mashina va
mexanizmlardan foydalaniladi.Qishda qorlar bir yerga to’planadi. Bunda qor tozalovchi, qum
sepuvchi va qor ortuvchi mashinalardan foydalaniladi.
Maishiy axlatlarni to’plash va olib ketish. Uylardagi maishiy axlat bitta yoki bir nechta axlat
to’playdigan joyga yig’iladi.
Ko’pgina shaharlarda axlat umumiy tarzda yig’iladi. Ba’zi shaharlarda oziq- ovqat chiqindilari
alohida to’planadi va cho’chqalarga beriladi. 5 qavatdan yuqori bo’lgan uylardagi axlat tortadigan
quvurlar yordamida to’planadi. Chet davlatlarda pnevmatik axlat tortadigan quvurlardan
foydalanilmoqda. Bir yerga to’plangan axlat axlat tashuvchi mashinalar yordamida olib ketiladi.
Ularga bo’lgan talab 100 ming kishiga 15 ta mashina hisobida qondiriladi. Axlat tashish tizimsi
kamchiliklardan holi emas: uyning hovlisi iflos bo’ladi, qo’l mehnatidan foydalaniladi va h.k.
Hozirda maishiy chiqindilarni bir yerga to’plash maqsadida axlat tashlanadigan katta
konteynerlardan foydalanish yo’lga qo’yilgan.
Kanalizatsiya o’tmagan binolardan chiqadigan suyuq chiqindilar sig’imi 3500 l bo’lgan
avtotsisternalar yordamida olib chiqib ketiladi va kanalizatsiyaga yoki assenizatsiya (qishloq
xo’jalik) maydonlariga oqiziladi.
Axlatni zararsizlantirish - turlicha: takomillashgan axlatxonalarda axlatni qayta ishlash va axlatni
yoqish zavodlari yordamida amalga oshiriladi.
Bugungi kunga kelib axlatni ko’mish va uning ustini mustahkam qilib yopish usuli keng
qo’llanilmoqda.
Epidemiologik tarafdan havfli bo’lgan axlat chiqadigan tutun-gaz aralashmasini tozalovchi
qurilmalarga ega bo’lgan axlat yoquvchi zavodlarda yondiriladi. Axlatni zararsizlantirishning
samarali usullaridan biri - uni kompostlash va axlatni qayta ishlovchi zavodlarda bio yoqilg’i va
o’g’itga aylantiruvchi biotermik ishlov berish.
Sanitar tozalashda qo’llanib kelayotgan rejali - doimiy xizmat ko’rsatish tizimi shahar ijtimoiy-
iqtisodiy munosabatlariga qulayliklar yaratadi, ya’ni:
Uy-joy binolari va shaharning turli xo’jaliklaridan qattiq va suyuq chiqindilarni olib ketish,
umumjamoat joylarini tozalash maxsus sanitar tozalash korxonasi tomonidan majburiy tartibda
bajariladi (masalan, bu ishlarni Toshkentda “Maxsustrans” korxonasi bajaradi);
Qabul qilingan tariflarga rioya qilingan holda uy-joy binolarida xonadonlar hamda shahar
hududidagi barcha xo’jaliklar, tashkilotlar, muassasalar va hokazolar o’rtasida tuzilgan
shartnomalar asosida xizmat haqi to’lovlari olinadi.
Shaharlar hududini tozalash va chiqindilarni olib ketish ishlari belgilangan kunda va aniq vaqtda
(grafik asosida) bajariladi.
Amaliyotda ushbu tizim samarali ekanligini ko’rsatdi va butun shahar hududini tarkibiga qamradi.
Aytish lozimki, shaharni qamrab olish, uning hududini toza saqlash - sanitar-gigiyena
korxonalarining moddiy-texnika boyligi (bazasi)ga bog’liqdir.
Shaharning sanitar tozaligiga epidemiologik stansiya (SES): chiqindilarni maxsus transport
vositalarida mo’ljallangan joylarga olib borish va ularning harakat havfsizligini ta’minlashni
zararsizlantirish texnologiyasini ishlatish va h.k. ishlarni nazorat etadi.
Shaharning rejali-doimiy sanitar tozalash tizimi o’z faoliyatini uy-joy binolari, ko’cha va yo’llar,
maydonlar
va hokazo, muhandislik inshootlarning pasportini tuzishdan boshlaydi va bu asosda
shaharning dastlabki sanitar-texnika holatini tekshiradi, xulosalar chiqaradi. Bu uning ish
texnologiyasining asosiy qoida va talabiga kiradi.
Har yili aholi yashaydigan manzillar hududlarini sanitar tozalashga katta moliyaviy mablag’
ajratiladi. Shu bois, yangi texnologiyalarga tayanib, kam miqdorda sarf-xarajatlar bilan rejalangan
ish bajarilishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
Oxirgi yillarda Respublika shaharlari amaliyotida o’zini oqlagan “sanitar tozalash bosh sxemasi”
bozor iqtisodiyoti talablariga munosib takomillashtirildi. Ushbu sxemaga
binoan rejalashtirilgan
ishlar joylarda o’z samarasini ko’rsatmoqda.