IV.2. SUVDA HAMDA QURUQLIKDA YASHOVCHILAR (AMPHIBIA) SINFINING SISTEMATIKASI
Qadimgi zamonda amfibiyalar sinfining turlari ko`p bo`lgan va ular 11–12 ta turkumga bo`lingan. Hozirgi vaqtda suvda hamda quruqlikda yashovchilar sinfiga 3 ta turkum, 25-30 ta oila va 2500 dan 4000 tagacha tur kiradi
1. Dumlilar (Caudata yoki Urodela) turkumi.
2. Oyoqsizlar (Apoda) turkumi.
3. Dumsizlar (Ecaudata yoki Anura) turkumi.
O`zbekiston hududida amfibiyalar sinfidan dumsizlar turkumiga kiradigan 3 ta turi (ko`l baqasi-Rana ridibunda, yashil qurbaqa-Bufo viridis va O`rta Osiyo qurbaqasi-Bufo danatensis) uchraydi. Dumlilar turkumidan tritonlar akvariumlarda boqiladi. MDHda suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 34 ta turi uchraydi. Shulardan 23 ta turi dumsizlar turkumiga va 11 ta turi dumlilar turkumiga kiradi. Oyoqsizlar turkumining vakillari MDHda uchramaydi.
Dumlilar (Caudata yoki Urodela) turkumi. Dumlilar turkumga 280 tadan – 400 tagacha tur, 39 ta avlod, 8 ta oila va 5 ta kenja turkum kiradi. Dumlilar turkumining xarakterli belgilariga avvalo, ularning tanasi uzunchoq bo`lib, yaxshi taraqqiy etgan dumi, bir xil rivojlangan oldingi va keyingi oyoqlari bo`ladi. Ayrim turlarida (sirenlarda) keyingi oyog’i reduktsiyalangan. Boshi bilinar-bilinmas tanaga ulanib ketgan. Umurtqalari amfitsel yoki opistotsel tipda tuzilgan.
Tuban guruhlarida xorda murtak holida bir umrga saqlanadi. Haqiqiy qovurg’alari yo`q, lekin kalta-kalta ustki qovurg’alari bor. Tana va dumini gorizantal tekislikda egib suvda suzadi yoki quruqlikda o`rmalaydi. Ko`pchiligi suvda yashaydi. Bu turkum vakillari, asosan shimoliy yarimsharda tarqalgan. Ularning miya qutisi suyaklari takomillashgan, lekin tepa va manglay (peshona) suyaklari dumsizlar turkumi vakillarinikiga o`xshash bir-biriga qo`shilgan emas. Bir juft ponasimon ko`z suyagi bor. O`mrov suyagi yo`q.
Dumsizlar turkumidan farq qilib, dumlilar turkumi vakillarida bilak va boldir suyaklari quruqlikda yashovchi umurtqalilarnikiga xos shaklda tuzilgan, ya`ni bilagida tirsak va bilak suyaklari alohida-alohida, boldir suyagida katta va kichik boldir suyaklari alohida-alohida bo`ladi. Qon aylanish sistemasi birmuncha sodda tuzilgan. Bu turkum vakillarining ko`pchiligida, asosan tashqi jabra, ba`zilarida ichki jabra bir umrga saqlanadi. Teri orqali nafas olish kuchli rivojlangan.
Dumlilarda nog’ora pardasi va nog’ora bo`shlig’i yo`q. Bu turkumning ko`pchilik vakillarida yon chiziq organlari bir umrga saqlanadi. Ko`chilik turlarida otalanish ichki, ba`zilari tirik tug’adi. Ayrim turlari lichinkalik davridayoq ko`payish xususiyatiga ega, ya`ni neoteniya hodisasi kuzatiladi. Dumlilar turkumining ayrim vakillarini lichinkalik davrida ko`payishi, ya`ni neoteniya hodisasini 1884 yili Kalman kuzatgan. Neos – yosh, balog’atga etmagan, ulg’aymagan degan ma`noni bildiradi. Bu hodisa alp tritoni, aksolotl va boshqa tur dumlilarda uchraydi. Dumlilar turkumining vakillari O`rta Osiyoda uchramaydi, havaskorlar tomonidan ayrim tritonlar akvariumlarda boqiladi.
Quyida dumlilar turkumining ayrim kenja turkumlari va oilalari to`g’risida ma`lumotlar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |