Kuntug‘mish” dostoni tilida leksik-frazeologik va paremiologik madaniy birliklar lingvopoetikasi mavzusidagi



Download 0,66 Mb.
bet9/20
Sana09.07.2022
Hajmi0,66 Mb.
#765800
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   20
Bog'liq
Sayyora Mamanova MD to‘liq 2022

BIRINCHI BOB BO’YICHA XULOSALAR.
Birinchi bob bo‘yicha biz o‘zbek tilshunosligida frazeologiyaning o‘rganilishi, uning xususiyatlari, bu bo‘yicha qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari, tilshunos olimlarimiz tomonidan chiqarilgan monografiyalar haqida ma’lumotlar berishga harakat qildik.
Shu bilan birgalikda frazeologik birliklarning asosiy xususiyatlari haqida ham kerakli xulosalarni oldik. Ayniqsa, frazeologizmlarni xalqimizning og‘zaki ijod namunalarining eng ko‘zga ko‘ringan turi- xalq dostonlarida qo‘llanilishi haqida to‘xtalishimiz bejiz emas. Bizga ma’lumki, xalq dostonlari til xususiyatlari juda boy, unda xalqimizning eng qadimgi urf-odatlari ham o‘z ifodasini topgan. Shu nuqtai nazardan aynan iboraviy birliklarni dostonlarda uchrash varianti xususida ham to‘xtalib o‘tdik.
Xalq dostonchiligida qo‘llanilish doirasi chegaralangan va shu bilan birgalikda dialectal frazeologiyalar ham borligi, ularni dostonning mazmunini ochishdagi o‘rni haqida ham bir qancha iqtiboslar orqali ifodalanishini ko‘rsatib o‘tdik. Iste’mol doirasi chegaralangan frazeologiyalardan xalq dostonlari tilida uchraydigan variantlarini guruhlarga ajratgan holda , aynan asardan olingan iqtiboslar bilan birgalikda, uning adabiy tilda qo‘llaniladigan shakli bilan birga solishtirib ochib berishga harakat qildik.
II BOB. “KUNTUG‘MISH” DOSTONI TILIDA PAREMIOLOGIK BIRLIKLARNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI
2.1. “Kuntug‘mish” dostoni va uning ayrim lingvistik xususiyatlari
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li poetik ijodining durdonalaridan biri hisoblangan “Kuntug‘mish” dostoni o‘zining badiiyligi va lingvistik xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Chunki dostonning matni 1926-yilda buyuk folklorshunos olim Xodi Zarif tomonidan yozib olingan va nashrga tayyorlangan. Shu nuqtai nazardan u o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lib, o‘z asl mazmunini yo‘qotmagan. Dostonda xalqimizning o‘tmishdagi orzu-istaklari, adolat-adolatsizlik, yaxshilik va yomonlik, umuman, ezgu-tilaklari o‘z ifodasini topgan. Dostonda xalqimizning tarixidagi o‘tmish voqealari aks etishi bilan birga, xalq tili va shevalariga xos muhim manbalar ham o‘z izini qoldirgan. Uning tilida hozirgi kunimizda iste’moldan chiqqan yoki ma’noviy eskirgan so‘zlar, tariximizga oid leksemalar, sheva va dialektlarga oid muhim leksik-grammatik xususiyatlar, xalq og‘zaki ijodiga xos turli maqol, matal, hikmat so‘z va iboralar o‘z ifodasini topgan. Shunday ekan doston tilini tilshunoslik nuqtai nazardan o‘rganish va tahlilga tortish bu bo‘yicha muhim ilmiy xulosalar chiqarishga imkon yaratadi. Doston tilida qo‘llanilgan tarixiy so‘zlar, dialektizmlar, kasb-hunar va chorvachilikka oid atamalar, hikmatli so‘z va iboralar turli lug‘atlarning tuzilishida asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Doston bevosita xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lganligi sababli unda xalq maqol, matal, hikmatli iboralar doston tiliga xos ko‘rinishlarda o‘z ifodasini topgan va u alohida ahamiyatga ega.
Biz tekshirish obyekti qilib olgan “Kuntug‘mish” dostoni tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklarning lingvopoetik xususiyatlari hozirgi kungacha tadqiqot obyekti sifatida maxsus o‘rganilmagan. Doston tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklar tuzilishi jihatdan, anglatadigan ma’nolari, ya’ni semantikasi uning adabiy til, so‘zlashuv nutqi, dialekt va shevalarda qo‘llanilishi bilan bir-biridan farqlanadi. Biz ushbu faslda “Kuntug‘mish” dostoni tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklarning tuzilishi, anglatayotgan mazmuni, adabiy til va shevalarga munosabati, ularning tarkibiy qismlari yuzasidan fikr yuritishni rejalashtirdik. Chunki doston tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklar she’riy shaklda bo‘lganligi sababli ularda badiiy vosita sifatida xizmat qilgan va shakliy jihatdan turli o‘zgarishlarga uchragan. Ularning asosiy tarkibiga turli so‘zlar qo‘shilgan yoki ayrim o‘rinlarda so‘zlar tushirib qoldirilgan. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, ularda xalq maqollariga xos mantiqiy, umumlashma xulosalar saqlanib qolgan. Quyidagi iqtiboslar bunga misol bo‘la oladi:
Yaxshi yetsin murodga,
Yomon qolsin uyatga,
Yomon faqir ne qilsin,
U ham yetsin murodga .41
Yaxshilarning yuzing ko‘rsan – jannatdir,
Yomon odam qilgan ishi – minnatdir .42
Doston tilidan keltirilgan misralarda xalq maqollaridagi mantiq to‘g‘ri aks ettirilgan. Ushbu maqollar mazmuni paremiologik lug‘atlarda quyidagi shakldagi maqollar orqali aks etgan: Yaxshi yetar murodga, yomon qolar uyatga; Yaxshi bilan yurdim yetdim murodga, yomon bilan yurdim, qoldim uyatga; Yaxshi bilan yo‘ldosh bo‘lsang, ishing bitar, yomon bilan yo‘ldosh bo‘lsang, boshing ketar; Yaxshi bilan yursang, yetarsan yiroqqa, yomon bilan yo‘ldosh bo‘lsang, tusharsan tuzoqqa va boshqalar.
Doston tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklar lug‘atlarda aks etgan variantlaridan qisman farq qilsada, ular ifodalayotgan mazmun-mehr-oqibat, oqibatsizlik, yaxshilik va yomonlik, do‘stlik va dushmanlik kabi mantiqiy xulosalarni ifodalashga xizmat qilgan. Doston matnida qo‘llanilgan paremiologik birliklar ko‘proq pand-nasihat, odob-ahloq, insof va diyonat, kamtarinlik va xudbinlik, tarbiya va odat kabi mazmun munosabatlarni ifodalab, asosan personajlarga qaratilganligini ko‘ramiz: Eshitib ol bu otaning so‘zini, Do‘st-dushmanga tuban qilma yuzini43 .
Doston tilida shunday maqollar mavjudki, ular baxshining individual ijodining mahsuli deb hisoblash mumkin. Albatta, bunday maqollarda ifodalangan mazmun xalq iste’molidagi maqollarda ham o‘z aksini topgan. Lekin ularning tuzilishi, tarkibidagi so‘zlar ishtiroki va boshqa xususiyatlari bir-biridan yaqqol farqlanib turadi.
Masalan: Po‘lat nayza qor ostida yotarmi,
Temir nayza egovlasang o‘tarmi,
Sening to‘rang nomardlardan emasdir,
Mard o‘g‘lon sevdigin tashlab ketarmi 44.
Dostondan iqtibos sifatida keltirilgan xalq maqollari o‘zbek adabiyotidagi “Po‘lat pichoq qinsiz qolmas”, “Teshik munchoq yerda qolmas”, “Oltin zanglamas” kabi maqollar mazmuniga mos kelmoqda. Unda yaxshi narsa qadrlanishi, e’zozlanishi, tashlab qo‘yilmasligi ta’kidlanmoqda. Xuddi shunday mazmunni ifodalovchi maqollar shoir tomonidan she’riy yo‘l orqali aytilmoqda. Demak, bu holat shoir poetik ijodida o‘ziga xos usullardan biri deb hisoblash o‘rinlidir. Bu maqol tilimizda “Yaxshidan yomon chiqdi deb kuyunma, u ham nasliga tortadi, yomondan yaxshi chiqdi deb suyunma, u ham nasliga tortadi” hikmatli iboralari orqali ifodalanadi. Doston tilidan yuqorida keltirilgan satrlarda xuddi shunday mazmun ifodalanganligini ko‘ramiz: po‘latning zanglamasligi, mard o‘z so‘zidan qaytmasligi, asli toza narsa buzilmasligi, mard o‘z so‘zidan qaytmasligi, vatanidan, sevgisidan voz kechmasligi, o‘z yurtidan voz kechmasligi, yo‘qchilik va qiyinchilikdan tushkunlikka tushmasligi kabi dono fikrlar o‘z badiiy ifodasini topgan.
Doston tilida xalq tilida, shevalarida qo‘llanilib, iste’molda bo‘lib kelgan qator maqollar bilan birga, baxshi tomonidan yaratilgan hikmatli iboralar, maqol darajasidagi birliklar juda ko‘p uchraydi. Ular o‘zining tuzulishi jihatidan, anglatayotgan mazmuni jihatidan ham alohida xususiyatlarga ega.
Doston tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklarning tarkibiy tuzilishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularda katta va umumiy mantiqiy xulosalar jamlanganligiga qaramasdan sodda ko‘rinishda ham, murakkab ko‘rinishda ham o‘z ifodasini topganini ko‘ramiz. Shunisi xarakterliki, dostonning ko‘pchilik qismi nazmda ifodalanganligi sababli unda qo‘llanilgan paremiologik birliklar ikki va undan ortiq qismlardan (komponent) tashkil topganligi ko‘zga tashlanadi. Masalan: Aytmasang, kim biladi, ochmasang, kim ko‘radi (to‘rt komponentdan). Gavharni ne bilsin, ushlagan sopol; Zarning qadrin zargar bilar har yerda (uch komopnent45. Eshitib ol bu otaning so‘zini, Do‘st – dushmanga tuban qilma yuzini (ikki komopnent46. Albatta, doston tilida quyidagicha shakllangan bir komponentli birliklar ham mavjud: Dushman bilan bo‘lma biror dam yo‘ldosh47. Do‘st – dushmanga bu so‘z shoyon bo‘lmasin 48. Ushbu maqol hozirgi kunda qo‘llanilib kelayotgan “Do‘st-dushmanga siring aytma” (bildirma) degan parema mazmuniga teng kelmoqda.
Paremiologik birliklar xalq tomonidan yaratilib, og‘izdan-og‘izga, davrdan-davrga o‘tib kelgan og‘zaki ijod mahsuli bo‘lganligi tufayli xalq og‘zaki ijodi hisoblanadi. Shu sababli ham ular og‘zaki ijod turi hisoblanmish xalq dostonlarida ko‘plab uchraydi. Bu borada ham o‘zbek tilshunosligida bir qator tadqiqotlar olib borilgan30. Masalan Xoliqov A. “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi dostonida qo‘llanilgan maqollarni uch guruhga ajratgan: 1) adabiy tilda, o‘zbek xalq shevalarining aksariyatida ishlatiladigan maqollar; 2) maqollarning doston tilidagi variantlari va ma’noviy xususiyatlari; 3) dostonning o‘zidagina uchraydigan, og‘zaki nutqqa xos maqollar tartibida tasnif qilgan”1). Biz ham yuqoridagilarga suyangan holda “Kuntug‘mish” dostoni tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklarni quyidagi guruhlarga ajratib tahlil qilishni lozim topdik:
1. Adabiy til doirasida va shevalarda faol ishlatiladigan paremiologik birliklar. Paremiologik birliklarning ushbu turi xalq tomonidan qadimda yaratilib hozirgi kunda ham adabiy tilda ham, shevalarda ham (qisman o‘zgarishlar bilan) ishlatilmoqda. Shuning uchun ularning ba’zi namunalari doston tilida qo‘llanilgan. Doston kuylovchisi ham ma’lum bir sheva vakili bo‘lganligi sababli ba’zilari shevalarga moslashtirilgan holda, ba’zilari esa aynan, xalq tilidagidek qo‘llanganligini ko‘ramiz. Bunday paremiologik birliklarga doston tilida qo‘llanilgan quyidagi aforistik birliklarni kiritishimiz mumkin: Zarning qadrin zargar bilar 49; Qochgan yovga qoruv yo‘q 50; Davlat ham egiz, mehnat ham egiz 51; Omonatga qilmagaysan xiyonat 52; Kamtarga-kamol, Manmanga-zavol 53; Kamlikning kamoli bordir, Manmanning zavoli bordir54 ; Musofirchilikda yo zar yarar, yo zo‘r yarar 55; Qaytgan xotin, to‘ygan to‘qol56 ; Aytmasang, kim biladi, Ochmasang, kim ko‘radi 57;
Zarning qadrin zargar bilar” maqoli tilimizda xalq orasida keng iste’moldadir. Bu paremaning bir qancha variantlari bo‘lib shu sohaga oid lug‘at va tuplamlarda aks etgandir: “Zar qadrinini zargar bilar”, “Zar qadrini zargar bilar, oltin qadrini-mohak”, “Zar qadrini zargar bilar, chilangar neni bilar?”, “Er qadrini er bilar, zar qadrini zargar”, “Zabarjod qadrini sovdogar bilar, zar qadrini - zargar” va boshqalar. Ushbu maqollarning barchasida umumiy bir mantiq ifodalangan, ya’ni, “har bir narsaning qadr-qimmatini, og‘ir-yengilini, past-balandini, yaxshi – yomonligini o‘sha narsaga bevosita aloqador bo‘lgan odamlargina biladilar. Unga aloqador bo‘lmagan, ko‘rmagan, bilmagan, ishi tushmagan odamlar uning qadrini ham, yaxshi-yomonligini ham, og‘ir-yengilligini ham bilmaydilar, fahmlari ham yetmaydi” deyilmoqda58. “Kuntug‘mish” dostoni tilida quyidagi maqol shu ma’noda qo‘llanmoqda: Gavharni ne bilsin ushlagan sopol, zarning qadrin zargar bilar har yerda59 .
Misolning birinchi misrasidagi “Gavharni ne bilsin ushlagan sopol” maqoliga e’tibor qaratsangiz quyidagi mazmun munosabatlari kelib chiqadi: “Ba’zi shaxslar o‘zgalarning kasbi, hunarini oson deb hisoblab, o‘zgalar kasblarini pastga urib mensimaydilar, o‘z kasblaridan mag‘rurlanib, boshqalar kasbini yerga urishga, kamsitishga urinadilar, har bir kasbning og‘ir-yengilligi ustasiga ayon ekanliklarini bilmaydilar. Maqol shunday shaxslar uchun qaratilgandir. Xuddi shunday “Zargar ishini misgar o‘ng‘ay sanaydi” maqoli ham mavjud.
Davlat ham egiz, mehnat ham egiz 60. Ushbu paremiologik birliklarda quyidagi ma’no anglashilmoqda: “davlat – ham boylik, ham omad ham muvoffaqiyat, baxtu iqbol” ma’nosida, “mehnat” esa “mashaqqat, g‘urbat, omadsizlik, baxti qarolik” ma’nolarida ifodalangan. Odamlarda shunday fikrlar mavjudki “agar odamga bir omad kelsa, ustma-ust (ya’ni egiz-egiz, qo‘shaloq-qo‘shaloq bo‘lib) kelaveradi, agar odam mashaqqat va omadsizlikka yo‘liqsa, ketma-ket yo‘liqaveradi” degan tushunchada bo‘lganlarki, mazkur maqol ana shu holat mahsulidir. Aslida esa, ba’zi odamlarda bo‘lib turadigan bu holat-hayotiy qonuniyat emas, balki tasodifiy holatdir.
Kamtarga-kamol, Manmanga-zavol”. Ma’lumki, kamtarlik insonning eng buyuk axloqiy fazilatlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ham juda ko‘plab maqollarda ushbu fazilat qadrlanganligini ko‘ramiz. Ularda kamtarlikka yuksak baho beriladi, kishilar jamiyatda o‘zini kamtar, sipo tutishi, manmanlikka berilmasligi o‘qtiriladi. Quyidagi maqollarga e’tibor bering: “Kamtarlik-jasorat toji”, “Kamtarlik odamga huns beradi”, “Kamtar bo‘lsang osh ko‘p, Manmanlik bo‘lsan tosh ko‘p”, “Kamtarlik ko‘kka ko‘tarar, Manmanlik yerga kiritar”, “Kamtar kerilmaydi, Mol-dunyoga berilmaydi”, “Kamtar bo‘lsang obru ortar, Manman bo‘lsang, ensa qotar”. Demak bu maqollar va aforistik iboralar xalqimizning uzoq davrlar mobaynida kuzatishlari mahsuli sifatida yuzaga kelgandir. Ergash shoir ushbu maqolni ustalik bilan satrlarga singdirgan. Shahzoda xotini va bolalarini topgach, xotiniga qarata quyidagilarni aytadi:
Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema,
Shukur qilgin davlatingni kam dema,
Bu mehnatga xafa bo‘lmas, bo‘yingdan,
To‘rang eson, sarvinozim, g‘am yema.
Kamlikning kamoli bordir, sanamjon,
Manmanning zavoli bordir, bo‘yingdan 61
“Aytmasang, kim biladi ochmasang, kim ko‘radi”.
Ushbu misrada odamlar orasida odam biror gapni aytishdan oldin uni rosa o‘ylab, mulohaza qilib olish uqtirilmoqda. Chunki aytilgan so‘zni qaytarib bo‘lmaydi, aytildimi, u hammaga ma’lum bo‘ladi. Xuddi shuningdek, biror yashiringan narsani ochib ko‘rsatmasangiz, boshqalar qayoqdan ko‘radi degan ma’nolar aks ettirilmoqda. Bu mazmun xalq tilidagi bir qancha maqollarda ham o‘z ifodasini topgan: “Og‘izdan chiqqan so‘z qaytmas”, “Aytmasdan burun so‘zga sen ega, Aytilgandan so‘ng so‘z senga ega”. Kishilar tomonidan aytilgan har bir so‘z-xoh yaxshi, xoh yomon, xoh to‘g‘ri, xoh yolg‘on, xoh o‘rinli, xoh o‘rinsiz bo‘lsin uni qaytarib bo‘lmaydi, barchaga ayon bo‘ladi. Shu mazmunni ifodalovchi qator maqollar mavjud: “Aytgan so‘zni yutmoq bo‘lmas”, “Aytar so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt”, “Og‘izdan chiqqan so‘z qaytmas” va boshqalar.
Azbarxo‘ja aytdi: - ... E qalandar, burungilar aytibdi: “Aytmasang, kim biladi, ochmasang kim ko‘radi” 62.
Qochgan yovda qoruv yo‘q” maqoli birlikka, jamlikka chaqirish mazmunini ifodalamoqda. Kishilar uzoq vaqtlar kuzatishlari natijasida shunday xulosaga kelganlarki, birlashgan, bir yoqadan bosh chiqargan jamoa, qo‘shini albatta muvoffaqitga erishadi. Birlashmagan esa inqirozga yo‘l tutadi, maqsadga erisha olmaydi. Yuqorida keltirilgan maqol ham shu ma’noda qo‘llanilgan. Vaholanki, qochayotgan yovda birikishlik, qorishuvlik o‘z o‘zidan yo‘qoladi. Birikkan qo‘shin raqibni va uning qo‘shinini osongina mag‘lub qiladi. O‘zbek xalq maqollari sirasida uning mazmuniga teng keladigan qator paremiologik birliklar mavjud: “Kuch birlikda”, “Tarqoqlik yo‘q bo‘lsa, Dushmanga o‘q bo‘lar”, “Tarqoqlik-dushmanga o‘q”, “Birlashgan kuch yengar”, “Birlashgan yovni qaytarar”, “Birlashgan kuch yengilmas”, “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” va boshqalar. Doston tilidagi bir jang tasvirida u quyidagi misralarda juda o‘rnida qo‘llanilgan, ya’ni Mohiboy bilan Turkiboyning jang tafsiloti berilgan o‘rinlarda:
Yulduz uchganday bo‘ldi,
Qunduz quchganday bo‘ldi,
Bachchgalarning otlari,
Parqin sochganday bo‘ldi.
Ostidagi bedovlar,
Qonni kechganday bo‘ldi,
Arvoq urdi qullarni,
Tura qochganday bo‘ldi.
Og‘izdan ko‘pik sochdi,
Turib buzila qochdi,
“Qochgan yovda qoruv yo‘q”,
Ulkanin saylab sanchdi 63.
Yuqorida doston tilida qo‘llanilgan maqollar tahlili ham shuni ko‘rsatadiki, shoir Ergash Jumanbulbul o‘g‘li xalq maqollarini juda yaxshi bilgan, uning mag‘zini chaqqan va o‘z tilida mahorat bilan qo‘llay olgan. Albatta, shu o‘rinda aytib o‘tish o‘rinliki, shoir xalq maqollarini asar voqealariga, ayrim shaxslar xarakteriga moslab qo‘llaganda unga ijodiy yondoshadi. Ayrim o‘rinlarda ularning asosiy mazmunini saqlagan holda shu maqol mazmuniga mos so‘zlar qo‘shadi. Ayrim o‘rinlarda esa she’riyat talabidan kelib chiqib, maqollar shaklini biroz o‘zgartiradi.
2. Shaklan dostonlar tilida uchraydigan, mantiqan esa hozirgi paremiologik birliklarga teng keladigan hikmatli iboralar. “Kuntug‘mish” dostoni matnining lingvistik tahlili shuni ko‘rsatadiki, doston tilida shunday paremiologik birliklar qo‘llanganki, ular to‘liq ommalashgan bo‘lmasa-da maqolga teng mantiq ifodalangan. Shoir bunday til birliklarini dostonchilikka xos uslubda ustalik bilan singdira olgan. Ularni doston tiliga, baxshi uslubiga xos lisoniy birliklar deb hisoblash o‘rinlidir. Masalan: “Quloq songlar (soling) bu to‘ramning tiliga, Bulbul oshno bo‘lar bog‘ning guliga” 64, “Yaxshi yetsin murodga, Yomon qolsin uyatga” 65, “O‘limdan qo‘rqmoqlik nomardning ishi, O‘laman, deb mard qaytarmas tilini”66, “Yaxshilarning yuzin ko‘rsang – jannatdir, Yomon odam qilgan ishi -minnatdir”67 , “O‘lganning nesin qilasizlar tomosha”68, “O‘zingdan pastlarman har yo‘lga ketma, Bolam, aytgan nasihatim unutma” 69, “Tushni ko‘rsang yaxshilikka yo‘ragin” 70 kabi.
“Bulbul oshno bo‘lar bog‘ning guliga”. Bu paremiologik birliklar shaklan doston tiliga xos bo‘lib, mantiqan hozirgi kunda qo‘llanadigan va ularning mazmuniga teng keladigan til birligidir. Unda ifodalangan mantiq quyidagi o‘zbek xalq maqollariga tengdir. Bulbul mumtoz adabiyotda ham, hozirgi adabiyotda ham gul shaydosi sifatida qo‘llanadi. Shuningdek, bulbul insonlarning ham eng sevimli qushlaridan biridir. Shu sababli ham uning ta’rifi qator maqollarda o‘z aksini topgan: “Bulbulning suygani qizil gul”, “Bulbulning ishqi gulda”, “Bulbul gulga oshiq, gul sanamga”, “Bulbulning joyi -bog‘”, “Bulbul gulzorda go‘zal”, “Bulbul chamanin sevar, odam vatanin” va boshqalar. Oxirgi paremada bulbulning gulga bo‘lgan muhabbati, insonning vataniga bo‘lgan muhabbatiga o‘xshatilmoqda. Doston tilida qo‘llanilgan ushbu parema bulbulning gulga shaydoligini, oshiqning yoriga, mahbubiga bo‘lgan sevgisi, muhabbati ramzi sifatida qo‘llanmoqda. Kunutug‘mish daryodan olgan sandiq ichidan Xolbekaning surati chiqadi. Suratni ko‘rib, u tushida ko‘rgan qiz, ya’ni Xolbeka ekanligini bilib hushidan ketadi. “Qushnoch qirq yigitni hozir qilib, bir-ikki-uch piyola sharobni to‘raga ichiradi. To‘ra ko‘zini ochib qarasa, qirq yigiti yig‘lab, o‘rtaga olib o‘tiribdi. To‘ra ishq dardini pinhon tutolmay, yigitlarga qarab bir so‘z aytib turibdi:
Bog‘ ichinda olma-anor istaydir,
Bo‘yi mahbub, mushki dildor istaydir,
Qadrdonlar, birga yurgan beklarim,
Do‘stlar-oy, ko‘ngil bir yor istaydir.
Beklarim, qilmanglar bag‘rimni kabob,
G‘aribning ko‘nglini ovlamoq savob,
Ertaroq podshodan olinglar javob,
Do‘stlar-ay, ko‘ngil bir yor istaydir.
Quloq songlar bu to‘raning tiliga,
Bulbul oshno bo‘lar bog‘ning guligi,
O‘zlaring chog‘langlar zangor yo‘liga,
Do‘stlar-ay, ko‘ngil bir yor istaydir 71.
Bu o‘rinda Kuntug‘mishning Xolbekaga bo‘lgan muhabbati, sevgisi bulbulning gulga bo‘lgan muhabbati ramzi sifatida qo‘llanilmoqda.
Yaxshi yetsin murodga, yomon qolsin uyatga”. Ushbu paremiologik birliklar ham shaklan doston tilida, mantiqan xalq tilida qo‘llanuvchi til birliklari namunasidir. Ushbu paremiologik birliklar qo‘llanilishi jihatidan juda qadimiy bo‘lgan xalq maqollari mazmuniga teng keladi. Chunki qadimdan insoniyat yaxshilik bilan yomon o‘rtasidagi xususiyatlarni farqlagan va ularga o‘z munosabatini bildirib kelganlar. Bu mantiqiy xulosani ifodalash uchun quyidagi xalq maqollari xalq orasida qo‘llanadi: “Yaxshi bilan yurdim, yetdim murodga; yomon bilan yurdim qoldim uyatga”, “Yaxshi bilan yursang, yetarsan uzoqqa; yomon bilan yursang, tusharsan tuzoqqa”, “Yaxshi bilan yo‘ldosh bo‘lsang, ishing bitar; yomon bilan yo‘ldosh bo‘lsang, boshing ketar”, “Yaxshi bitirar, yomon yutirar”, “Yaxshilik to‘rga eltar, yomonlik go‘rga”, “Yaxshidan-vafo, Yomondan - jafo” kabi.
Bu maqollar xalqimizning uzoq kuzatishlari xulosasi natijasi sifatida yuzaga kelganligi ko‘rinib turibdi. Bu maqollar mazmuni kishilarning jamiyatda qanday tutishi yuzasidan ta’lim berar ekan. Shuningdek, yana odamlarga yaxshilik qilish zarurligini qayta-qayta uqtiradi, chunki yaxshilik yaxshi istak-murodlar amalga oshishining garovi ekanligi ta’kidlanadi. Yomonlik esa kishilarni yomon oqibatlarga olib kelishini, yomonlar istagan niyat amalga oshmasligini, yomonlarning murodi hosil bo‘lmasligini ta’kidlash orqali kishilarni yomonlikdan qaytarishni niyat qiladi. Baxshi dostonni yakunlanganligini, Kuntug‘mish va Xolbekalar murod-maqsadiga yetganligini bildirish maqsadida, yaxshilik hamisha yaxshi natijalar bilan yakunlanishiga xayrixohlik bildirish niyatida dostonni quyidagi misralar bilan yakunlaydi:
“Yaxshi yetsin murodga,
Yomon qolsin uyatga,
Yomon faqir ne qipti,
U ham yetsin murodga” 72.
O‘lganning nesin qilasizlar tomosha”. Doston tilida qo‘llanilgan, aynan doston tiliga xoslangan paremiologik birliklarni ko‘rib, shoirning hayot tajribasi naqadar kattaligi, kishilar turmush tarzi va xulq-atvorini naqadar yaxshi bilishini guvohi bo‘lamiz. Shu sababli ham baxshi doston voqealarini kuylar ekan, beixtiyor ravishda o‘z hayotiy tajribalari va kuzatishlaridan kelib chiqib, butun ommaga tegishli maqol darajasidagi lisoniy birliklarni ijodiy qo‘llay olgan. Albatta, shoir ijodida qo‘llanilgan ushbu maqol darajasidagi hikmatli iboralar mazmuni xalq maqollarida ham o‘z ifodasini topgan. Maqollar to‘plamlaridagi shoir qo‘llagan maqol mazmunini ifodalovchi quyidagi maqollarga e’tibor bering: “O‘lganning ustiga chiqib tepgan”, “O‘lganning ustiga ko‘mgan”, “O‘lganning ustiga un tayoq”, “O‘lgan otning taqasini qidiradi”, “O‘ldirgani-bir sari, Tepgani – bir sari” va boshqalar.
Ushbu maqollarning barchasi baxshining hayotiy tajribalari, turmush bilan bog‘liq hodisalar natijasi sifatida yuzaga kelgandir. Kishilar hayotida ba’zan shunday hollar bo‘ladiki, kishi ulgiday qiynalib, qarib-charchab, ahvoli tang bo‘lib turgan bir paytda boshqa bir odam kelib, uni battar bir qiyinroq ahvolga solib qo‘yadi. Uni yupatish, tinchlantirish, hamdard bo‘lish, ko‘nglini ovlash, yordam qo‘lini cho‘zish o‘rniga diliga ozor beradi, haqoratlaydi, so‘kadi, asabini buzadi. Shunday hollarda uning ahvoliga achingan ba’zi kimsalar yuqoridagi maqolni eslatadilar.
Biz o‘rganayotgan doston matnida ham yuqoridagi maqol juda o‘rinli va ta’sirli qo‘llanilganini ko‘ramiz. Jallodlar Gurkiboyni dorga osayotgan epizodda bolasi ancha yillardan buyon yetimlikda sarson-sargardon bo‘lganligi, endi esa o‘z otasi tomonidan osilayotganini sezib qoladilar.
“Anda Kuntug‘mish to‘ra taxtidan tushib, aqlidan adashib, nima qilarini bilmay shoshib, chopib dorning ostiga kelsa, tomoshabin zich-to‘p bo‘lib turibdi, yo‘l bermaydi. Shunda to‘ra zor yig‘lab, tomashobinlarga qarab, qoch, deb bir so‘z dedi:
Bolam kepti necha tog‘lardan osha,
Ikki zulfi gardoniga yarasha,
Po‘sht-a, po‘sht, tomoshabin jonlarim,
O‘lganning nesin qilasizlar tomosha.
Qo‘ldan ketib davr ilan davronlarim,
Vayron bo‘lib kushk ila ayvonlarim,
O‘lganning nesin qilasizlar tomosha,
Yo‘l beringlar tomoshabin jonlarim
Bolamning oldida men dod aylayin,
O‘z holima necha faryod aylayin,
O‘lganning nesin qilasizlar tomosha,
Qochinglar bolamni ozod aylayin” 73.
Yaxshilarning yuzin ko‘rsang-jannatdir, Yomon odam qilgan ishi-minnatdir”. Xalqimizda yaxshilik va ezgulik, yomonlik va uning oqibatlari aks etgan o‘nlab maqollar mavjud. Doston tilidan keltirilgan maqol shaklan xalqimiz tilida qo‘llanadigan maqollardan farq qilsada, mantiqan juda ko‘p maqollar mazmuniga mos keladi. Masalan: “Yaxshini ko‘rmoq-jannat”, “Yaxshining qalbi quyosh”, “Yaxshining sharofati tegar har yerda, Yomonning kasofati tegar tor yerda”, “Yaxshi-oy bilan kunday, Olamga birday”, “Yaxshining so‘zi kafil, yomonning o‘zi kafil”, “Yaxshining so‘zi-qaymoq, Yomonning so‘zi-to‘qmoq”, “Yaxshiga aytsang-uqar, yomonga aytsang - kular”, “Yaxshi topib so‘zlar, yomon qopib”, “Yaxshilik-nur keltirur, yomonlik-zulmat” va boshqalar.
Baxshi yuqorida ta’kidlaganimizdek, yaxshilik va yomonlik aks etgan iste’moldagi paremalarda “yaxshilik va yomonlik” mavzusiga ijodiy yondashadi va o‘ziga xos maqol variantini yaratadi va ularni matnga mahorat bilan olib kiradi. Dostondan olingan quyidagi parchaga e’tibor qaratsak: “Ana Gurkiboy mehri toblab, ukasiga qarab, yaxshi gapirib, achchiqlanmay javob bergin deb turibdi:
Yaxshilarning yuzin ko‘rsang-jannatdir,
Yomon odam qilgan ishi-minnatdir,
Achchiqlanmay javob bergin, chirog‘im,
Ot so‘ramoq, zot so‘ramoq-sunnatdir.
Javob ber, so‘rayman, ukam, otingni,
Bayon bergin o‘sgan mamlakatingni,
Ot so‘ramoq, zot so‘ramoq-sunnatdir,
Otang kim, enang kim, aytgin otingni” 74.
Tushni ko‘rsang, yaxshilikka yo‘ragin” 75. Ushbu hikmatli ibora ham shaklan doston tiliga xos bo‘lsa ham, mantiqan xalq maqollariga tengdir. Baxshi bu mantiqni quyidagi she’riy misralarga mahorat bilan singdira olgan. Mohiboy jangga otlanayotgan paytda onasi Xolbeka oyim unga qarab quyidagilarni aytadi:
Zarrin ro‘molingni boshga o‘ragin,
Tushni ko‘rsang yaxshilikka yo‘ragin,
Lashkar qilib men kelarman oltoyda (olti oyda),
Olti oydan kay (keyin) kunda yo‘lga qaragin”76.
O‘zbek tili paremiologiyalariga oid adabiyot va lug‘atlarda ibora mazmunini aks ettiruvchi quyidagi maqollarni ko‘rishimiz mumkin: “Tushi o‘ngining ishi o‘ng”, “Tushni hazilkash kishiga aytma”, “Tushga nimalar kirmaydi, ko‘ngilga nimalar kelmaydi”, “Aqlli ishiga ishonadi, ahmoq tushiga”. Tush haqida xalqimizda ko‘plab rivoyat va afsonalar mavjud. Maqollarda ham shu narsa aks etgan. Lekin ko‘pgina maqollar mazmuni tushga ishonmaslikka, tush ko‘rgan taqdirda ham uni yaxshilikka yuyish ta’kinlanadi.
Doston tilida Xolbekaning o‘g‘li Mohiga qaratilgan so‘zlari uni ehtiyot bo‘lishga, har narsaga ham ishonavermaslikka, ogohlikka chaqirmoqda.
O‘zingdan pastlarman har yo‘lga ketma, Bolam, aytgan nasihatim unutma” 77. Ushbu parema ham shaklan doston tiliga xos bo‘lib, undagi mazmun lug‘atlarda paremalar mazmuniga tengdir: “Teng-tengi bilan, bug‘doy qopi bilan , “Teng etmay duch etmas, o‘xshatmay uchratmas”. Ushbu maqollar mazmuni orqali “sen o‘zingga teng bo‘lgan, seni dunyoqarashing va obro‘yingga mos bo‘lgan, seni tushunadigan, har qanday holatda seni tashlab yoki sotib ketmaydigan, umuman ishonsa bo‘ladigan do‘stlar bilan yur, adashib yomon ahvolga tushib qolma” degan pand-nasihat ifodalanmoqda. O‘zingga teng, o‘zingga munosib kishilar bilan muloqotda bo‘lish lozimligi uqtirilmoqda. Bu maqol ko‘pgina hollarda keksalar, tajribali shaxslar tomonidan farzandlariga, yoshlarga qarata aytiladi. Doston tilida ham shunday maqsadda qo‘llanganligini ko‘ramiz.
Xolbeka farzandlarini jangga jo‘natar ekan, farzandlar undan yo‘lga chiqishga oq fotiha berishini so‘raydi. “Anda Xolbeka bechora bolalariga qarab bir so‘z dedi:
Falakning ishidan ming dod aylayin,
Yol-borib haqqa munojat aylayin,
Bir faslga otni saqla, Mohijon
To‘xta bolam, bir nasihat aylayin.
Paydo bo‘lding ikki gavhar donadan,
Parvoz qilib uchding manzil xonadon,
Amal aytgan nasihatim, go‘daklar,
Har nafasda g‘ofil bo‘lmang xudodan.
Eshitib il enang sho‘rning arzini,
Sarg‘aytmasin qizil gulday tarzini,
Har nafasda g‘ofil bo‘lma xudodan,
Zinhor qo‘yma sunnatini, farzini.
O‘zingdan pastlarman har yo‘lga ketma,
Bolam, aytgan nasihatim unutma,
Oldingdan kim chiqsa, salomsiz o‘tma,
Bir g‘aribni ko‘rsang zinhor og‘ritma,
Nasihatim qabul qilgin, Mohijon,
Zinhor manmanlikning yo‘lini tutma” 78.
Yuqorida keltirilgan iqtibosga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda maqollar mazmuniga teng keladigan bir necha fikrlarni ilg‘ash mumkin. Maqollarning asosiy qismi o‘git, pand-nasihat, ogohlik va ehtiyotkorlik, yaxshilik, kamtarlik kabi hislatlarni ulug‘lash va uning zidi bo‘lgan hislatlardan qochishlikni ta’kidlaydi. Dostondan keltirilgan parchada xuddi shunday ijobiy hislatlarni targ‘ib qiladigan maqol darajasidagi til birliklarining mavjudligini ko‘ramiz: “Har nafasda g‘ofil bo‘lmang xudodan, Zinhor qo‘yma sunnatini, farzini”, “Bir g‘aribni ko‘rsang zinhor og‘ritma”, “Zinhor manmanlikning yo‘lini tutma” kabi.
O‘limdan qo‘rqmoqlik nomardning ishi, O‘laman deb mard qaytarmas tilini79. Bu paremiologik birlik ham xalq tilida turli shakllarda qo‘llanib kelinmoqda. Xalqimiz mardlik-nomardlik mavzusida yuzlab maqol va hikmatli iboralarni qo‘llab kelmoqda. Dostondagi til birligi anglatayotgan mazmun tilimizdagi quyidagi maqollarga mantiqan to‘g‘ri keladi: “Mard bir so‘zlaydi, nomard ming”, “Mard aytmas, aytsa qaytmas”, “Mard oro bilan so‘zlar, Nomard-pora bilan”, “Ulaman deb mard qavlidan toyarmi?!”, “Mard aytmas, aytsa qaytmas”.
Yuqoridagi maqol va aforizmlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda mard bergan va’dasidan va so‘zidan boshiga mushkul savdo tushganda ham, o‘lim xavfi bo‘lganda ham qaytmasligi kabi fazilatlar aks etgan.
Biz bundan doston matnida ham quyidagi maqollarshoir tomonidan o‘z o‘rnida mahorat bilan qo‘llanilganini ko‘ramiz. Podsho Mohiboy bilan Gurkiboydan “podsholikning qo‘ylarini haydab ketganligi” rostmi yoki yolg‘onligini so‘rab murojat qilganda Mohiboy quyidagicha javob beradi: “Munkir kelsa (bo‘yniga olmasa, tan olmasa) ozod bo‘lar ekan, lekin mardlik qo‘ldan ketadi, -deb Mahiboy: Ey podshoim, mardlar o‘laman deb so‘zidan qaytmabdi, - deb otasiga qarab bir so‘z dedi:
Ulaman, deb mard qavlidan toyama,
Yo‘qchilik jumardning ko‘zin uyama,
Oqsuvdan yilqingni o‘zim haydadim,
Qo‘lingdan kelganin qilgin, ayama.
Bo‘ta bo‘lsa bo‘zlab qolgan moyama,
Befarzandning ko‘rgan kuni zoyama,
Oqsuvdan yilqingni o‘zim haydadim,
O‘laman deb mard so‘zidan toyama.
Uyquda bog‘ladi Mohi qo‘lini,
Bosib keldim elsiz, suvsiz cho‘lini,
O‘limdan qo‘rqmoqlik nomardning ishi,
O‘laman, deb mard qaytarmas tilini.
Mardlarning parvoyi bo‘lmas o‘limdan,
Musulmonman kalma kelar tilimdan,
O‘laman, deb mard ham ikki so‘zlarmi.
Munkir kelsam, mardlik ketar qulimdan,
Mard bo‘lib belima xanjar boyladim,
Ko‘p qo‘lingni qora yerga joyladim,
O‘laman, deb mard ishidan tonmaydi,
Oqsuvdan yilqingni o‘zim haydadim” 80.
Doston tilidan keltirilgan yuqoridagi parchaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ijodiy mahoratiga tan berasiz. Chunki, keltirilgan parchaning har bir baytida yuqoridagi fikr shoir tomonidan shakllantirilgan alohida maqollarda o‘z aksini topgan. Jumladan: O‘laman deb mard qavlidan toyama” (1-bayt), “O‘laman deb mard so‘zidan toyama” (2-bayt), “O‘laman, deb mard qaytarmas tilini (3-bayt), “O‘laman, deb mard ham ikki so‘zlarmi” (4-bayt), “O‘laman, deb mard ishidan tonmaydi” (5-bayt).
Demak, doston tilini biz baxshining ijodiy repertuariga tegishli hikmatli iboralar deb hisoblashimiz mumkin. Bu tabiiy hol. Chunki dostonlarni xalq yaratar ekan, unda xalqning hayoti, turmush tarzi bilan bog‘liq xulosalari umumlashgan holda quyma birliklarga aylanib boradi. Lekin bu jarayonda ularga ijodiy yondoshuvchi baxshilarning xizmati kattadir. Shu sababli ham dostonlar tiliga xoslangan, baxshi tiliga xoslangan paremiologik birliklarni to‘plash, ularni mavzuiy guruhlarga ajratib, paremiologik birliklarning izohli lug‘atlarini tuzish tilshunosligimizga katta hissa qo‘shishi mumkin. Bu jarayonda, Ergash Jumanbulbul kabi savodli baxshilarning asarlari muhim ahamiyatga molikdir.


Download 0,66 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish