1 – topshiriq. Har biringiz nutq tovushlarini hosil qilib ko`ring. Ularni hosil qilishda qaysi nutq organlari ishtirok etadi?
Ko`rinib turibdiki, o`quvchilarning hammasi nutq tovushlarini bir xil talaffuz qila olmaydi. Ularning har biri o`zicha javob berishadi. Nutq tovushlari hosil qilishda ishtirok etuvchi nutq organlari: “F” – undoshini talaffuz qilganda pastki lab yuqori tishlarga yaqinlashadi, lekin jipslashmaydi. Ammo “pufladi” tipli so`zlardagi “F” undoshi ikki labning bir-biriga yaqinlashib, havoning oraliqdan o`tishi natijasida hosil bo`ladi.Bunday holatlarni o`quvchilarning o`zlariga bajartirish kerak.
2 – topshiriq. Nutq tovushlari talaffuzida qaysi nutq organlaringiz faol ishtirok etadi?
Bu o`rinda savol aniq bir fonema(tovush) yuzasidan bo`lmasdan, umuman tovushlar bo`yicha berilmoqda. O`quvchini o`ylashga majbur etadi va xarakterlilarini o`zi tanlaydi.
3 – topshiriq. Unli va undosh tovushlarni alohida-alohida talaffuz qilib ko`ring. Ularning talaffuzida qanday farq sezayapsiz?
Hamma o`quvchi ham farqli talaffuz qiladi. Lekin qanday farqli tomonlari borligini aytib berish ancha mushkullik tug`diradi. Buning uchun unli tovushlar qanday hosil bo`ladi va qaysi nutq organlari ishtirok etadi degan savolga javob topa bilishi kerak. Undosh tovushlarga ham shunday.
4 – topshiriq. 6 ta unli ishtirokida bir bo`g`inli so`zlar yozing. Ulardagi (so`zlardagi) unlilarni almashtirib ko`ring. Qanday o`zgarish sezayapsiz? Masalan: bir – ber, tur – ter.
Morfologiya bo`limiga oid darslarda quyidagicha muammoli vaziyat hosil qilish mumkin.
5 – topshiriq. – lar affiksi (qo`shimchasi) kishi nomlariga, bo`linmas narsalar(suyuqlik, mayday don: bug`doy, arpa, makkajo`xori)ga qo`shilganda qanday ma`nolar anglatadi: Ahmadlar keldi, Toshkentlarni ko`rgan, Abdulla suvlarni keltirdi.
6 – topshiriq. Otlardagi egalikning ko`pligi qanday ko`plikni anglatadi?
Ma`lumki, otlarda ko`plikning ifodalanishi ikki xil bo`ladi: 1) semantik ko`plik, 2) grammatik ko`plik. Semantik ko`plik so`z(ot) anglatgan ma`no birdan ortiq bo`lsa-da, grammatik ko`rsatgichga ega bo`lmaganligi uchun birlik deb hisoblanaveradi: bug`doy – bug`doylar. Demak, ko`plik deyilganda faqatgina grammatik ko`plik nazarda tutiladi.
Otlarning egalik qo`shimchalari bilan o`zgarishini ham birlik- ko`plik jihatdan farqlaymiz, ya`ni otlarga qo`shilgan egalik qo`shimchasining ko`plik shakli o`zi qo`shilib kelgan predmetning ko`pligini anglatadimi yoki o`sha predmetga egalik qilgan shaxsning ko`pligini anglatadimi degan savol tug`iladi? Bu savolga javob berish yuqoridagi topshiriqni to`g`ri bajarishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |