Tarqatma materiallar bilan ishlash.
Bunda ko`zda tutiladigan maqsad mavzu bo`yicha (yuzasidan) o`quvchilar bilimlarini aniqlash, nutq malakalarini tekshirish, o`z fikrlarini dalillar asosida bayon qila olish ko`nikmalari darajasini aniqlashdir.
1 ─ kartochka.
Ikkinchi qismi daryo, ko`l, soy, ariq, buloq so`zlaridan iborat qo`shma joy nomlariga misollar keltiring. Ularning ma`nolarini izohlang.
2 – kartochka.
Qo`shma so`zdan tarkib topgan 10 joy nomini toping. Ularning qaysi turkumdagi so`zlardan iboratligini aniqlang, imlosini izohlang.
3 – kartochka.
Berilgan qo`shma atoqli otlarning qismlari nima uchun qo`shib yoki ajratib yozilganligini izohlang.
O`rtaqishloq, O`rta Chirchiq, Oqdaryo, Ko`hna Urganch, Yangiqishloq, Do`ngqo`rg`on, Qotatepa, O`rta Osiyo, Galaosiyo, Qo`ytosh.
4 – kartochka.
Ot + ot, sifat + ot, son + ot qolipida yasalgan joy nomlariga misollar keltiring, ularning yozilish qoidasini tushuntiring.
5 – kartochka.
Jiydakapa, Oqsoy, Sultonqishloq, Pattakesar, Yettisoy, G`allaorol, K`okdala, Mirzacho`l, Tangatopdi, Beshtepa, Marjonbuloq, Yuqoribog`, Oltintopgan, Balandchaqir, Chimqo`rg`on toponim (joy nom)larining tarkibi qaysi so`z turkumidagi so`zlardan yasalganligini ayting.
6 – kartochka.
Olimjon ─ mening do`stim. U 7 – sinfda o`qiydi.
Alisher Navoiy ─ o`zbek adabiy tilining asoschisi. U XV asrda yashagan.
Gaplardagi “u” so`zi kishilik olmoshi yoki ko`rsatish olmoshi ekanligini aniqlang. Fikringizni isbotlang.
7 – kartochka.
Kishining go`zalligi uning tilidan bilinur.
Berilgan gapdagi qaratqich kelishigi qo`shimchasini olgan so`zlarning toping. Ularning qaysi so`z turkumiga kirishini aniqlang va uning sababini tushuntiring.
8 – kartochka.
1. Dugonasi ko`ylagining baridan sekin tortdi.
2. Yig`ilish qatnashchilarining bari ketishdi.
Bu gaplarda qatnashgan bari so`zining ma`nosini izohlang. Ular shakl va mazmuniga ko`ra qanday so`zlar sanaladi, qaysi so`z turkumiga mansub? Fikringizni isbotlang.
9 – kartochka.
Barcha yaxshilik xushxulqlikdadir.
Yaxshi so`z – jon ozig`i.
Gaplardagi qanday so`rog`iga javob bo`ladigan so`zlarni aniqlang.
Ular qaysi so`z turkumlariga taalluqli, nima uchun?
10 – kartochka.
7 – sinf, 2012 – yil, VII – asr kabi tartibni bildiradigan son (tartib sonlar)lar imlosi to`g`rimi? Fikringizni asoslang.
Bunday tarqatma materiallar bilan mustahkamlash yoki qaytarish darslarida ishlash maqsadga muvofiqdir. Bu kabi tarqatma materiallar nazariy bilimlarni mustahkamlash, amaliy ishlarni qiziqarli tashkil qilish, vaqtni tejash, ayniqsa, bo`sh o`zlashtiruvchi o`quvchilar bilan ishlash imkonini beradi. Shuningdek, kartochkalarda tarqoq ravishda berilgan so`zlardan gap tuzish (abadiy, onamiz, yashamoq, qalbimiz; onalar kelajagi qo`lida millat, onalardir, tarbiyachilari odamzodning, birinchi; axloqsizlikning, hurmatsizlik belgisidir, onalarga birinchi; maoshingni oldingmi, ol,sovg`a, otangga, birinchi, onangga, buvingga; katta baxtdir, eng, ota-onang uchun, o`qishdagi, mehnatsevarliging; muvaffaqiyatlaring, sening, ishdagi .─ Onamiz qalbimizda abadiy yashaydi. Millatning kelajagi onalar qo`lidadir. Odamzodning birinchi tarbiyachilari onalardir. Onalarga hurmatsizlik axloqsizlikning birinchi belgisidir. Birinchi maoshingni oldingmi, onangga, otangga, buvingga sovg`a ol. Sening mehnatsevarliging, o`qishdagi, ishdagi muvaffaqiyatlaring ota-onang uchun eng katta baxtdir. ), so`z va iboralarni joyiga qo`yib, to`g`ri qo`llay bilish, ularning leksik – stilistik(uslubiy) xususiyatlarini bilgan holda sinonimik variantlari bilan almashtirish kabi topshiriqlar ham berish mumkin. Masalan: Barcha balo tilingdandir gapidagi olmoshni sinonimik variantlari bilan almashtiring . Bu gapda barcha olmoshi qatnashayapti, uning sinonimik variantlari:
Barcha balo tilingdandir.
Hamma balo tilingdandir.
Har bir balo tilingdandir.
Bunday kartochkalarni o`qitivchi har qanday mavzuga mos holda tuzish mumkin.Shuni ham e`tiborga olish zarurki, biz tavsiya qilayotgan kartochkalar keyingi mavzularga asos, zamin bo`lmog`i kerak. Tayyorlanayotgan kartochkalar, albatta, bolalarning yosh xususiyatlarini e`tiborga olgan holda bo`lishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |