Yovg’onlashtiruvchi materiallar. Massaga yovg’onlashtiruvchi materiallarni kiritish bilan chinni massalarining va shlikerlarning texnologik xususiyatlari boshqariladi. Ular massaning plastikligini kamaytirib, buyumlarni quritish va kuydirishdagi qisqarishini kamaytiradi va ularning deformatsiyalanishidan saqlaydi. Yovg’onlashtiruvchi materiallar sifatida maydalangan tomirsimon kvarts, kvarts qumi, kaolinni boyitishdan hosil bo’lgan kvarts chiqindilari, shamot va degidratlangan tuproq ishlatiladi. Shamot - bu kuydirilgan sirsiz buyumlarning maydalangani yoki tuproq va kaolinni 800º C dan yuqori temperaturada kuydirish natijasida hosil bo’lgan keramik materialdir. Tuproqni 700-750º C da kuydirib, uni degidratlantiriladi. Massa tarkibida yovg’onlashtiruvchi materiallarning miqdori 40% gacha boradi. bunday materiallar sifatida kaolinlashgan kvartsitlar yoki Gusev toshlari (chinni toshlari) ham ishlatiladi. Ular 50% miqdorida massaga kiritilsa, qisman dala shpatini, kaolinni, kvartsni va kvarts qumini o’rnini bosib, chinnining shaffofligini va oqligini oshiradi. Xom ashyo materiallarini boyitish. Chinni buyumlari olishda ishlatiladigan kaolin, tuproq, dala shpati va kvartslar o’z tabiatlari bo’yicha polimineral bo’lib, ularning tarkibida turli xildagi minerallarning aralashmasi bo’ladi. Shu sababdan, xom-ashyoga avvaldan ishlov berib olmasdan turib, uni ishlab chiqarishda to’g’ri qo’llab bo’lmaydi. Tabiiy xom ashyoga uning tarkibidan mineral aralashmalarini chiqarib tashlash va undagi asosiy foydali mineral miqdorini oshirish maqsadida ishlov berish boyitish deb ataladi. Boyitish jarayonida mineralning ajralishi va bo’linishi ro’j beradi, bunda ajralib chiqqan har bir mineral o’zicha sof holda sanoatda ishlatilishi mumkin. Ba’zi hollarda boyitish jarayonida xom ashyoning sifati va xossalarini pasaytiruvchi noxush aralashmalar jo’natiladi. Foydali aralashmalar ya’ni ajratib olinganidan so’ng keramika sanoatida ishlatiladigan aralashmalar qatoriga kvarts, slyuda va granitlar kiradi. Noxush aralashmalar qatoriga temir, titan va oltingugurt birikmalari kiradi. Boyitish jarayonining asosida fizik-kimviy, kimviy va fizik jarayonlar yotadi, ularga koagulyatsiya, peptizatsiya, suvli va havoli separatsiya, flotatsiya, elektromagnit va magnit separatsiya va boshqalar kiradi. Mineral xom-ashyo materiallarini boyitish quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi: - mineral zarrachalarini hosil qilib olish; - zarrachalarni ajratishga tayyorlash; - turli minerallar xossalarining gradientini yaratish; - boyitish mahsulotlarini ajratib olish.
Mineral zarrachalarini hosil qilib olish dezintegratsiya, yiriklik bo’yicha turkumlash hamda mayda zarrachalarni selektiv ravishda agregatlash yordamida amalga oshiriladi. Zarrachalarni ajratishga tayyorlash kimviy reagentlar bilan ishlovni, yuvishni, yuzani elektr zaryadlashni, termik ishlovni, kimviy ajratishni yoki erigan shaklga o’tkazishni o’z ichiga oladi. Xossalar gradientini yaratish suyuqlik, gaz va boshqalar hosil qilish yordamida fazalar va fazalararo chegara, kuch maydonini berish, harakatlanishning turli tezliklarini qo’llash, mujassamlangan usullar yordamida bajariladi. Boyitish mahsulotni ajratib olish jarayonining uzluksizligini saqlagan holda jinsning boyigan qismiga kerakli tozalikni berishni ta’min etishi lozim. Boyitila olish darajasi - bu asosiy foydali mahsulotdan aralashmalarni ajratib olib tashlash samarasidir. Materialni boyitish texnologiyasini yaratishda muhim rol o’ynaydigan fizik xossalar qatoriga mineralning qattiqligi va mo’rtligi, elektrik va magnit xususiyatlari, minerallarning zichligi va tabiiy dispersligi, gidrofilligi, gidrofobligi kiradi. Boyitishning asosiy usullari quyidagilardir: 1) gravitatsiya usuli; 2) flotatsiya usuli; 3) magnit va elektroseparatsiya usuli; 4) kimyoviy usul; 5) mujassamlangan usul.
Do'stlaringiz bilan baham: |