3-§. VOQEA SODIR ETILGAN JOYNI KO‘ZDAN KECHIRISH
PSIXOLOGIYASI
Voqea joyini ko‘zdan kechirish moddiy obyektlar, ularning belgilari hamda hodisani tergov qilish uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan, u yuz bergan va izlari topilgan makondagi o‘zaro aloqalarni aniqlash hamda bevosita tadqiq etishdir. Voqea joyini ko‘zdan kechirish yuz bergan jinoiy hodisa haqidagi ma’lumotlarni, jinoyat ishini ko‘rib chiqish uchun ahamiyatga ega masalalarni hal qilishda faol, maqsadli idrok etish, tahlil qilish va olingan axborotni sintezlash sifatida ta’riflanadi. Tergovchining voqea joyini ko‘zdan kechirish chog‘idagi faoliyatini, shuningdek, har xil ma’lumotlarni qidirib topish va ishlatish hamda protsessual jihatdan qayd etish orqali jinoiy voqeaning fikriy modelini tuzish jarayoni sifatida ham ta’riflash mumkin.
Har bir jinoyat moddiy vaziyatda muayyan o‘zgarishlarga uchraydi va odamlarning ongida o‘z aksini topadi. Voqea joyidagi vaziyatning o‘zgarishi aniqlanishi, qayd etilishi, tekshirilishi va dalil sifatida foydalanishi mumkin.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish odatda birlamchi tergov harakatlariga kiradi, shaxsga qarshi o‘ta xavfli jinoyatlarga doir ishlarning aksariyati esa voqea joyini ko‘zdan kechirishdan boshlanadi. Bunda ishning muvaf- faqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi ko‘p jihatdan to‘g‘ri tusmolning ilgari surilishiga bog‘liq. Boshqa tomondan, u ko‘p hollarda tergovning borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uni noto‘g‘ri yo‘ldan ketishiga yoki boshi berk ko‘chaga kirishiga olib keladi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish jinoyat izlarini, boshqa ashyoviy dalillarni topish, voqea holatlarini, shuningdek, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash maqsadlarida o‘tkaziladigan mustaqil tergov harakati hisoblanadi. Shu bilan birga, ko‘zdan kechirish boshqa tergov harakatlari - ushlab turish, tintuv o‘tkazish, olib qo‘yish, tergov eksperimenti, ko‘rsatmalarni voqea joyida tekshirish kabilarning tarkibiy qismi bo‘lishi ham mumkin73.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish almashtirib bo‘lmas tergov harakati hisoblanadi, chunki ko‘zdan kechirish chog‘ida olinadigan ma’lumotni aksariyat hollarda boshqa joydan topish, boshqa tergov harakatlarini o‘tkazish orqali olish mumkin bo‘lmaydi. Masalan, jinoyatchining oyoq va qo‘l izlari, uning buzish qurolini qo‘llash usullari ana shularga misol bo‘la oladi. Tergovchi voqea joyidagi obyektlarni o‘rganish jarayonida bilish- ning tergov yo‘nalishini belgilash va voqealarning haqiqiy xususiyatini aniqlash imkonini beradigan faktlar va holatlarni topishga qaratilgan turli xil shakl va usullaridan foydalanadi74.
Voqea joyidagi holatni idrok etish tergovchiga hodisaning manza- rasini tasavvur qilish imkonini beradi, tusmollarni ilgari surish, boshqa tergov harakatlarini o‘tkazish uchun zarur empirik baza yaratadi. Albatta, hech qanday hujjat tahlili, bayonnomalar, chizmalar, fotosuratlar bevosita ko‘rishning o‘rnini bosa olmaydi, ana shuning uchun ham avvalgi yillarda sodir etilgan va ochilmagan jinoyatlar ishlash uchun qabul qilinganida, vaziyat katta o‘zgarishlarga uchragan hollarda ham, har holda voqea joyida bo‘lish va u bilan tanishish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Juda ko‘p hollarda voqea joyini ko‘zdan kechirish tergovning boshlang‘ich bosqichiga xos bo‘lgan noaniq tergov vaziyati sharoitida o‘tkaziladi. Bunda nima yuz bergani, ya’ni jinoyat, baxtsiz hodisa, uyushtirilgan voqea, agar jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, u qanday jinoyat, uni kim va nima uchun sodir etishi mumkinligi aniqlanadi.
Ko‘zdan kechirish tergov harakatining o‘ziga xosligini uning kechiktirib bo‘lmas xususiyatga egaligi ham tashkil etadi. Aksariyat boshqa dastlabki tergov harakatlaridan farqli ravishda voqea joyini ko‘zdan kechirish zudlik bilan o‘tkazilishi kerak. Har qanday kechikish vaziyatning o‘zgarishiga, iz va dalillar yo‘qolishiga, voqea shohidlari va guvohlari ish uchun muhim holatlarni unutishiga olib kelishi mumkin
.Bunday sharoitda tergovchida ko‘zdan kechirishga, uning taktikasini o‘ylab ko‘rishga, maslahat olishiga yetarli vaqt bo‘lmaydi. U juda tez harakat qilish kerak, aks holda yo‘l qo‘ygan xatosini tuzatish qiyin kechadi, bu dalillar o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas darajada yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Bularning bari tergovchida yuqori darajadagi mas’uliyat hissini yuzaga keltiradi, yosh, yetarli tajribaga ega bo‘lmagan xodimlarda esa ko‘pincha «xato qilishdan qo‘rqish» deb atash mumkin bo‘lgan o‘ziga xos holat yuzaga keladi. Bu ortiqcha hayajonlanish, o‘zini yo‘qotish, shoshma-shosharlik, oqilona faollikning, maqsadga muvofiqlikning pasayishida namoyon bo‘ladi, aniq fikriy faoliyat yurita olmaslikka, ko‘zdan kechirish ishtirokchilarining harakatlarini to‘g‘ri boshqarishda qobiliyatsizlikka olib keladi. Ayni vaqtda shu narsa yaxshi ma’lumki, malakali tergovchilar xuddi shunday murakkab vaziyatda nafaqat tez, balki maqsadga yo‘naltirilgan tarzda, butun diqqat-e’tiborini jamlagan holda harakat qiladilar. Ularning kuzatuvchanligi, fikriy faoliyati kuchayadi, ular ko‘zdan kechirishning borishiga mohirlik bilan rahbarlik qiladilar. Umuman olganda, bunday tergovchilarda barcha ma’naviy va jismoniy kuchlar safarbar etiladi1.
Voqea joyiga chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida tergovchining bo‘lg‘usi faoliyatga ruhiy jihatdan tayyorlanish zarurati yuzaga keladi. U voqeaning xususiyatiga qarab o‘z harakatlarining umumiy tartibini modellashtiradi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etishga yo‘nalishni shakllantiradi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish ishtirokchilarining qarashlari psixologik jihatdan mos kelishi ham alohida ahamiyatga ega. Tergovchi hokimiyat vakolatiga ega bo‘lsa-da, shaxslararo munosabatlarning psixologik jihatlarini ham e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak. Uning ko‘zdan kechirish ishtirokchilari bilan ish yuzasidan xushmuomala munosabatda bo‘lishi bir guruh shaxslar ishtirok etadigan voqea joyini ko‘zdan kechirishni muvaffaqiyatli o‘tkazishning muhim shartidir.
Puxta ishlangan dastlabki ruhiy, tashkiliy va texnikaviy tayyorgarlik voqea joyini ko‘zdan kechirish muvaffaqiyatli o‘tishining garovidir.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish boshlanishidan avval tergovchi tashkiliy ishlarni (tezkor guruhni tanlab olish, ilmiy-texnikaviy vositalarni tayyorlash va tekshirish, mutaxassislarni taklif etish, voqea joyini qo‘riqlash kabilarni) amalga oshirishi kerak. Tezkor guruh a’zolarining o‘z vazifalarini yaxshi bilishi, bir-birlari bilan aniq hamkorlik qilishi katta ahamiyatga ega. Tezkor guruhni tashkil qilishda ishtirokchilarining kasbiy mahorati va hayotiy tajribasini uyg‘unlashtirishning, o‘zaro psixologik mos kelishining (birga ishlashga, o‘zaro yordam berishga, har qanday vaziyatda og‘ir bo‘lishga, xayrixohlik, o‘zini tutish, o‘zaro hurmatni saqlab qolishga tayyorlik, yuzaga kelgan nizolarni tez bartaraf eta olishning) maqsadga muvofiqligini yodda tutish zarur.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish tergovchi oshkora, boshqa odamlar hozirligida harakat qiladigan kam sonli tergov harakatlari qatoriga kiradi. Bu ham muayyan ruhiy tayyorgarlikni, jumladan fikrni jamlay olish, og‘ir-vazmin bo‘lish, diqqatni jamlash va zarur bo‘lganida boshqa narsaga ko‘chira olish, ayni vaqtda voqea joyini ko‘zdan kechirish ishtirokchilarining harakatlariga rahbarlik qilish, zarur intizomni, hamkorlik muhitini saqlash mahoratini talab qiladi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish - tergovchi, surishtiruv organining xodimi, mutaxassislar va shohidlardan iborat bo‘lgan hamda tergovchi rahbarlik qiladigan murakkab kompleks faoliyat turidir. Tergovchining faoliyati bir qator operatsiyalardan tashkil topadi hamda bilish, izlash, tashkil qilish va ishonch hosil qilish elementlarida amalga oshadi1. Ularni qisqacha tavsiflab o‘tamiz.
Faoliyatning bilish elementi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
vaziyatni, faktlar va hodisalarni idrok etish;
ular o‘rtasidagi sababiy aloqani aniqlash;
taxminlar, tusmollarni ilgari surish.
Faoliyatning izlov elementi - jinoyatchining harakatlari tufayli kelib chiqqan o‘zgarishlarni izlash va topish; izlar, ashyoviy dalillarni olish. Tashkiliy element ko‘zdan kechirish vaqtida tezkor guruhga rahbarlik qilish harakatlarini (voqea joyining qo‘riqlanishini tashkil qilish, jabrlanuvchiga ko‘maklashish, vazifalarni ko‘zdan kechirish ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash kabilarni) o‘z ichiga oladi. Tergovchi faoliyatining ishonch hosil qilish elementi o‘z ichiga ko‘zdan kechirish davomida topilgan izlar, ashyoviy dalillarni, aniqlangan faktlarni qayd etish, tasdiqlash va mustahkamlashni oladi. Tergovchi voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasini tuzadi, chizmalar tayyorlaydi; o‘zi yoki mutaxassis yordamida fotosurat, kinosurat, audio-video yozuvga olishni amalga oshiradi. Ko‘pincha voqea joyidagi barcha narsalar keltirilgan inventar ro‘yxatga o‘xshash bayonnomalar uchraydi. Tergovchi bu tariqaharakat qilganida ayrim holatlarning ahamiyati haqida o‘ylab o‘tirmaydi, qamrab olish mumkin bo‘lmagan narsani qamrab olishga harakat qiladi. Muvaffaqiyatsizlikka mahkum bo‘lgan bunday harakat ko‘zdan kechirish doirasini aniqlash, ushbu ish bo‘yicha muhim belgilarga e’tiborni qaratishga xalal beradi.
Tergovchining voqea joyini ko‘zdan kechirish chog‘idagi faoliyatining yuqorida sanab o‘tilgan tomonlarini ajratish muayyan darajada shartli xususiyatga ega. Amaliyotda tergovchining voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayonidagi faoliyati doimo yaxlit birlikni tashkil qiladi.
V. L. Vasilyevning yozishicha, voqea joyini muvaffaqiyatli ko‘zdan kechirish uchun quyidagi uchta vazifani aynan bayon etilgan ketma- ketlikda bajarish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |