Ularga quyidagilar kiradi:
tintuv o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish;
tintuv o‘tkazilayotgan joydagi vaziyatni maqsadli kuzatish va to‘g‘ri tahlil qilish;
tintilayotgan shaxsning xatti-harakatini kuzatish va hokazo.
Tintuvning ijobiy yoki salbiy natijalari juda ko‘p hollarda ushbu
tergov harakatiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rilishiga bog‘liq. Tintuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish ushbu harakatning o‘z vaqtida boshlanishi, rejali o‘tkazilishi, ishtirokchilarda muvaffaqiyatga bo‘lgan ishonchni ta’minlaydi. Yomon tayyorgarlik ko‘rish tasodifiy, tartibsiz izlovlarga, tintuv o‘tkazayotgan shaxslar harakatining nomuvofiqligiga va oxir oqibatda muvaffaqiyatga ishonchsizlik hissi paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. V. L. Vasilyevning yozishicha, tergovchi tintuvga tayyorgarlik qilayotganida quyidagi savollarga javob topishi tavsiya etiladi:
nimani izlash kerak, qidirilayotgan narsa qanday ko‘rinishga ega (shakli, rangi, hidi va h.k.);
qidirilayotgan obyekt nima; obyektning maydoni, relyefi, tuzilishi, xonalari, eshiklari va derazalarining soni hamda joylashuvi, mebel va uning joylashuvi va hokazo;
obyektda tintuv o‘tkazilayotgan paytda tintilayotgan shaxsdan boshqa yana kim bo‘lishi mumkin;
obyektning sun’iy va tabiiy yoritilishi qanday;
obyektda telefon va boshqa aloqa vositalari (ratsiya, qo‘ng‘iroq, selektor va sh.k.) bormi;
qidirilayotgan narsalar qayerda bo‘lishi mumkin;
kim tintuv o‘tkazadi;
qanday texnik vositalar va materiallarni olish kerak;
tintuvni qachon o‘tkazgan ma’qul;
tintuv qancha davom etishi mumkin;
tintilayotgan obyekt chizmasi va unda tintuv o‘tkazish tartibini, har bir mansabdor shaxs uchun vazifalarni aniq taqsimlagan holda tuzish;
shohidlarni tanlash masalasini oldindan o‘ylab ko‘rish;
tergov bo‘linmasi bilan aloqa usullarini (telefon, radio, selektor) nazarda tutish kerak.
Tergovchi yuqorida keltirilgan savollarga tintuv o‘tkazilguncha qanchalik batafsil javob bersa, tintuv o‘tkazish paytida kutilmagan holatlar shunchalik kam va uning muvaffaqiyatli o‘tishi uchun imkoniyat shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Kuzatuv tintuv o‘tkazilayotgan obyektlardan tashqari, hayvonlar va qushlarning xatti-harakatini ham qamrab olishi mumkin. Ular ko‘pincha yashiringan inson yoki yashirilgan ashyolar qayerda ekanligidan xabar beradi. Ma’lumki, uy hayvonlarining ko‘pchiligi murdani sezib bezovta- lanib qoladi, itlar ularning hududida begona odam bo‘lganida asabiyla- shadilar va hokazo.
Muayyan ish bilan band bo‘lgan insonning ko‘pgina xato va kamchiliklari tashqaridan ko‘proq sezilishini nazarda tutish lozim. O‘zini o‘zi nazorat qilish ruhiy harakat sifatida boshqa shaxsning faoliyatini nazorat qilishga qaraganda qiyinroq vazifa ekanligi bilan bog‘liq. Shu bois tintuv o‘tkazilayotganida qidirayotgan shaxsning kamchiliklarini qayd etadigan va ularni birovga sezdirmay, masalan, qidirayotgan shaxsga yaqinlashib, sezdirmasdan, ilgaridan kelishilgan usulda bildiradigan, qo‘shimcha tekshirish kerak bo‘lgan narsaga e’tiborini qaratadigan (qutini sug‘uradigan, eshigini ochadigan va h.k.) tashqi kuzatuvchiga ega bo‘lgan ma’qul.
Tintuv samarasi tergovchida maqsadga qaratilgan harakat va barqaror diqqat bo‘lishini taqozo etadi. Diqqat deganda, psixologiyada ongning shaxs uchun ahamiyatga ega bo‘lgan muayyan obyektga qaratilganligi tushuniladi. Tintuv vaqtida diqqat ixtiyoriy, irodaviy xususiyatga ega bo‘ladi, tergovchi undan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun foyda- langani bois, diqqatini saqlab qolish va boshqa ta’sir manbalariga chalg‘imaslik uchun jamlashga muayyan darajada harakat qiladi.Diqqatni barqaror holda uzoq vaqt saqlashning ma’lum qiyinchiliklari mavjud. Izlash ishlarining o‘ziga xos xususiyati, chalg‘ituvchi omillarning mavjudligi asta-sekin charchoq yig‘ilishiga, jumladan diqqat chalg‘ishiga olib keladi. Shu bois tintuv uzoq cho‘zilgan va qiyin kechgan hollarda muayyan vaqt oralig‘ida qisqa muddatli tanaffuslar qilgan ma’qul. Biroq tintuv jarayonida chalg‘imaslik, belgilangan aniq rejaga rioya etish muhim. Tintuv ishtirokchilari vaqti-vaqti bilan izlov ishining xususiyatini o‘zgartirib turishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi (masalan, tergovchi ayblanuvchining shaxsiy yozuvlarini ko‘zdan kechirgandan keyin mebel narsalari orasida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan yashirin joylarni izlashga o‘tishi va h.k.) .
Tintuv o‘tkazuvchi shaxslar jinoyatchilar maxfiy va turli buyumlar saqlanadigan joylar tayyorlashda ba’zan bir qator psixologik omillarni inobatga olishlarini nazarda tutishlari kerak. Ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
charchash va avtomatizm omillari paydo bo‘lishini hisobga olish. Masalan, qidirilayotgan hujjatni ko‘pincha kitob javonining o‘rtasida turgan kitob ichiga qo‘yadilar. Bunda kitoblar javonning u yoki bu chekkasidan boshlab ko‘zdan kechirilishi, javon o‘rtasiga borganda esa muayyan avtomatizm, charchoq paydo bo‘lishi, tergovchi kitobning har bir betini varaqlamasligiga umid qilinadi;
hazar qilishni nazarda tutish (yashirilayotgan narsalar go‘ng ichiga ko‘miladi, hojatxonaga tushiriladi va h.k.);
tergovchining odobi va boshqa olijanobliklariga umid qilinadi (obyektlar og‘ir bemor shaxsning krovatiga, go‘dak krovatiga, yaqin qarindoshlarining qabriga yashiriladi va h.k.);
narsani yashirishda atayin beparvolikka yo‘l qo‘yiladi (yuzada qoldiriladi);
boshqa maxfiy joylar yasash orqali e’tibor chalg‘itiladi. Bunda birinchi bo‘m-bo‘sh maxfiy joy topilganida qolgan xuddi shunday maxfiy joylar ko‘zdan kechirilmasligiga umid qilinadi;
qidirilayotgan obyektni olib qayta yashirish uchun e’tiborni chalg‘itish maqsadida tintuv vaqtida nizo keltirib chiqarishga umid qilinadi.
Sanab o‘tilganlarni sinchiklab tahlil qilish tergovchiga tintuv o‘tkazish vazifalarining birinchi qismini - tintilayotgan shaxsning harakatlarini fikran bilib olish masalasini muvaffaqiyatli hal qilishga olib keladi78.
Tintuv o‘tkazish uchun har bir buyumning mohiyatini, vazifasini yaxshiroq biladigan, buyumning vazifasidan og‘ishlarni sezadigan, uning xususiyatlarini aniqlay oladigan mutaxassislarni jalb qilish zarur. Masalan, adabiyotlarda tintuvda ishtirok etish uchun duradgor, quruvchi va santexnik taklif etilganligi bois maxfiy joy topilgan tintuv misoli keltiriladi. Tergovchining obyektlarni idrok etishi ushbu obyektlarning mutaxassislar tomonidan idrok etilishi bilan to‘ldirilgan. Ular u yoki bu ta’mirlash qancha vaqt ilgari va qaysi maqsadda o‘tkazilganligini aniq- lashga yordam berganlar, obyektlarning qismlari aslida qanday nisbatda bo‘lganligini aniqlaganlar va hokazo.
Tintuv o‘tkazishda vaziyatni idrok qilish uchun tintuv o‘tkazilayotgan kvartirada shaxs odatda foydalanadigan yoritishga qaraganda yaxshiroq sharoit yaratadigan yoritish moslamasi o‘rnatilgani ma’qul. Bu hol odatdagi yoritishdan tintilayotgan shaxs obyektni yashirayotganida ko‘rmagan belgi va izlarni aniqlashga imkon beradi.
Tergovchining tintuv o‘tkazishdagi faoliyati quyidagi psixologik tuzilishdan iborat:
kerakli axborotlarni yig‘ish;
yashiruvchining xayoliy modelini tuzish;
oldiga qo‘yilgan qidiruv tusmollarini idrok qilish.
Tintuv o‘tkazishda turli obyektlar axborot manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Masalan
tintuv o‘tkazilayotgan xona;
alohida buyumlarning joylashishi;
tintuv o‘tkazilayotgan shaxsning xulqi;
qush va hayvonlarning o‘zini tutishi.
Tintuv o‘tkazilayotgan xonadagi vaziyat gumon qilinuvchi shaxsning qanday xususiyatlarga ega ekanligini o‘zida aks ettiradi. Masalan, uning ijtimoiy mavqe, madaniyat darajasi, didi, ehtiyojlari, qarashlari, qiziqish- lari, moyilligi, xarakterning belgilari va hokazo.
Tintilayotgan xonadagi predmetlarning joylashishi ham axborot manbai bo‘lishi mumkin. Biz hayotda tipik holatlar to‘g‘risidagi alohida steriotiplarni qoidaga ko‘ra qo‘llaymiz. Masalan, u yoki bu kategoriyalarda kishilar xonadonidagi predmetlar soni, rassom, olimlar, sportchilar, musiqashunoslar, shahar va qishloqda yashovchilar va bu to‘la oqlangan. Shuning uchun ham gumonlanuvchi xonadonda uning moddiy holatiga yoki yashash tarziga, qiziqishlariga to‘g‘ri kelmaydigan predmetlarning topilishi tergovchining diqqat va e’tiborini o‘ziga tortishi albatta tabiiydir.
Yashirilgan joy to‘g‘risida eng zo‘r manba gumonlanuvchining tintuv o‘tkazilayotgan vaqtdagi xulq-atvori va reaksiyasi hisoblanadi. Gumondor shaxs holati qidirilayotgan obyekt qayerda joylashganligini aniqlashda indikator bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, tintuv juda kuchli xavotirga olib keluvchi kuch hisoblanadi, shaxsda kuchli emotsional holatni yuzaga keltiradi, natijada uning reaksiyasi va xulq- atvori ham to‘liq o‘zgaradi. Ma’lumki, inson reaksiyasi ixtiyoriy va ixtiyorsiz turlarga bo‘linadi. Ixtiyorsiz reaksiya boshqarilmaydi va quyidagilarda namoyon bo‘ladi: yuzning oqarib ketishi, qizarishi, qo‘lning qaltirashi, tez-tez nafas olish, terlab ketish, ovozining o‘zgarishi, harakat yo‘nalishining buzilishi, duduqlanishi va boshqalar. Ushbu qayd etilgan belgilarning tintuv o‘tkazilayotgan shaxsda kuzatilishi tergovchining qidirilayotgan obyektga yaqinlashayotganini bildiradi.
Tergov amaliyotida shunday holatlar kuzatilganki, qush va uy hayvonlarning harakatlari murakkab va chigal jinoyatlarni ochishda katta yordam bergan.
Jinoyatchilar ko‘pchilik holatlarda tintuv o‘tkazilishini oldindan biladilar va shuning uchun ham jinoyat qurolini, predmetlarni, jinoiy yo‘l bilan topilgan qimmatbaho narsalarni ishonchli joylarga yashirishga harakat qiladilar. Tergovchi qidirilayotgan buyumni topish uchun yashi- ruvchi shaxsning psixologiyasiga kirishi lozim. Yashiruvchi shaxs psixologiyasining mohiyati tintuv o‘tkazayotgan shaxs yashirilgan buyumlarga yetib bormasligi sharoitini yaratishdan iborat bo‘ladi. Ushbu maqsad uchta o‘zaro bog‘liq vazifalarni hal qilishga, ya’ni maqsadga erishishga sharoit tug‘diradi.
Yashiruvchining predmet va obyektlarni yashirishda hal qiladigan vazifalari.
yashirish joyini tanlash;
yashirish joyini niqoblash;
tintuv va uni kuzatuv jarayonidagi xatti-harakati va xulqi yo‘na- lishini tanlash.
Ko‘pchilik hollarda yashirish joyini tanlash jinoyatchining yashash sharoiti, masalan, uydagi xonalar, ularning soni, dala hovlisi, transportlar soni va boshqalar bilan chegaralanadi. Bundan kelib chiqadiki, bunday sharoitning ko‘pligi jinoyatdan qo‘lga kiritilgan buyumni yashirish joyini tanlash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, yashirish joyini tanlashga alohida subyektiv omillar ham ta’sir qiladi.
Yashirish joyini tanlashga ta’sir qiluvchi subyektiv omillar:
jinsi va yoshi;
professional bilimi va qobiliyati;
qiziqishi va mashg‘uloti;
yashirilayotgan obyektga nisbatan shaxsning munosabati;
harakatli belgilari;
madaniy va intellektual darajasi.
Erkaklardagi maxsus qiziqishlar, ya’ni bilimi, qobiliyati, texnik bilimlari elektr asbob-uskunalar korpusida, ayollardagi esa ko‘pchilik hollarda kundalik ehtiyoj predmetlari orasida, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va tuzlangan meva-sabzavotlar ichida saqlashiga olib keladi.
Kriminalistik va psixo-yuridik kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, yashirish joyini va usulini aniqlashga kasbiy bilim va qobiliyat katta ta’sir qiladi. Bizga ma’lumki, kasb shaxsning ko‘p tomonlarini, masalan, uning qiziqishlari, yo‘nalishlari, qarashlari, bilimlari, eslash qobiliyati, kuzatuv- chanligi va boshqa tomonlarini belgilab beradi. Shunday holat mavjudki, yashirilgan joy qo‘g‘irchoq qush (chuchelo) bo‘lib chiqqan, bunga sabab yashiruvchi shaxs ovchilik bilan shug‘ullangan, lekin o‘zi santexnik bo‘lib ishlagan.
Yashirilayotgan obyektga nisbatan shaxsning munosabati, ya’ni jinoyatchi yashirilgan obyekt va qimmatbaho narsalarga hech qachon befarq bo‘lmaydi. Chunki yashirilgan predmet qanchalik katta miqdordagi qiymatni tashkil etsa, jinoyatchi shunchalik o‘ziga yaqin joyga yashiradi. Ya’ni xohlagan vaqtda uni ko‘rib turishiga imkoniyati bo‘lishi kerak yoki uning aksi, agar bu buyum jinoyat quroli bo‘lsa, jinoyatchi undan shunchalik tezroq qutulishga, ya’ni uni hech qachon ko‘rmaslikka harakat qiladi.
Shuningdek, xasis va birovga ishonmaydigan inson, shu vaqtning o‘zida qimmatbaho narsalarni o‘ziga yaqinroq joyga yashirishga harakat qiladi, ya’ni uning daxlsizligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qo‘rqoq va xayolparast shaxs esa bunday predmetlarni yiroqroqqa yashirishga harakat qiladi.
Jinoyatchining madaniy va intellektual darajasi o‘ta muhim hisoblanib yuqorida qayd etilganlarning har biri bilan bevosita bog‘liq. Ularning madaniy va intellektual darajasining yuqoriligi tintuv o‘tkazilishini qiyinlashtiradi. U jins bilan bog‘liq bo‘libgina qolmay, balki kasb bilan ham o‘zaro bog‘liqdir.
Jinoyatchining yashirish joylarini tayyorlashda hisobga oladigan psixologik omillari:
organ xodimining charchash vaqti;
organ xodimini iflos predmetlardan nari yurishi;
tergovchining tajribasizligi va e’tiborsizligi;
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tergovchining charchog‘i uning diqqa- tiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tintuv uzoq cho‘zilgan va katta jismoniy zo‘riqish bilan kechgan taqdirda dam olish uchun tanaffuslar qilish zarur. Shuni nazarda tutish kerakki, jinoyatchilar ko‘p hollarda aynan tergovchining charchashiga umid qilib ish ko‘radilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |