§. JINOIY XULQ VA UNDA «NORMADAN CHETGA CHIQISH»
TUSHUNCHASI
Inson xulqi murakkab va ko‘p qirrali hodisa. Har qanday axloqiy aktning mohiyati shaxs xulqining umumiy tuzilishidagi o‘rni bilan bog‘liq. Individual rivojlanish jarayonida axloqiy tizimlar individual axloqiy yo‘nalishning murakkab majmuiga aylanadi, shaxsning axloqiy tipini hosil qiladi.
An’anaga ko‘ra, jinoiy xulq determinantlari ikki guruhga - ijtimoiy va biologik determinantlarga ajratiladi. Biroq me’yordan og‘uvchi xulqning ko‘plab ko‘rinishlarini tahlil qilish mazkur muammoni boshqacharoq, ya’ni tizimli-integratsiyalashgan (birlashgan) jihatdan qo‘yish zarur, degan xulosaga olib keladi.
Ijtimoiylik yoki biologiklik dilemmasiga «ruhiylik» nomli tizim hosil qiluvchi omilni kiritish hamda inson xulqining determinatsiyasi bilan bog‘liq barcha muammolar majmuini ijtimoiy-psixologik-biologik determinatsiya deb atash to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda «psixologik» jihatning o‘rtada joylashgani uning ham ijtimoiy, ham biologik omil uchun birlashtiruvchi funksiyaga egaligini anglatadi.
Jinoiy xulqning determinatsiyasi haqida so‘z yuritishdan avval, muammoni tahlil qilishning dastlabki asosiy prinsiplarini ko‘rib o‘tamiz.
Jinoiy xulq, me’yordagi xulq kabi, ko‘p qirralidir, u bir yoki bir qancha sabablarning oqibati emas. Biroq alohida olingan individual xulq ko‘rinishining ko‘p omillar bilan bog‘liqligi va ehtimolli xususiyati uni o‘rganib bo‘lmasligini bildirmaydi. Bu o‘rinda shaxsning tipik individual- psixologik xususiyatlarini, axloqiy stereotiplarini aniqlash ustun ahamiyatga ega. Ijtimoiy va biologik omillar o‘z-o‘zicha emas, balki jinoyatchi xulqining tipini hosil qiluvchi shaxsiy-psixologik xislatlarda birlashgan jinoiy xulqning determinantlariga aylanadi.
Jinoiy xulq ijtimoiy ijobiy xulqdan yo‘nalishining mazmuni bo‘yicha ham, psixoregulyatsion xususiyatlari bo‘yicha ham ajralib turadi. Inson xulqi, tizim tarzida qaraydigan bo‘lsak, uning ehtiyojlari, anglangan va anglanmagan mayllari tizimi, maqsad qo‘yish va unga erishish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Aksariyat jinoyatchilarning xulqiga ijtimoiy qadriyatga moslasha olmaslik va o‘zini boshqarishdagi nuqsonlar xosdir. Individning o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyatlari past darajada bo‘lsa, g‘ayriijtimoiy qarashlari, odatlari nafaqat nazorat qilinmaydi, balki ularning o‘zlari xulqning maqsad hosil qiluvchi mexanizmlariga aylanadi.
Jinoiy xulq individning o‘z ijtimoiy mas’uliyatini himoya (o‘zini oqlash) motivatsiyasi, umum qabul qilgan ijtimoiy qadriyatlarning qadrsizlanishi orqali olib tashlashi asosida amalga oshiriladi. Inson xulqi uning ehtiyojlari va mo‘ljal oladigan sohasi, qabul qilgan qadriyatlar tizimi, umuminsoniy madaniyatdan bahramandlik darajasiga bog‘liqdir. Inson hayvondan farqli ravishda qandaydir yagona xulq mezonlariga mahkum emas, u ko‘p qirralidir. Uning xulqini aniq instinktiv mayllar emas, balki ijtimoiylashganlik darajasi yuzaga keltiradi. Shaxsning ijtimoiy ijobiy tarzda o‘zini namoyon etishi (realizatsiya qilishi) barbod bo‘lishi uchun eng xavfli narsa uning ijtimoiy aloqalar tizimidan «tushib qolishi», ijtimoiy o‘zini o‘zi nazorat qilish mexanizmlarining susayishidir.
Jinoiy xulq - mojaroli xulq bo‘lib, doimo jamiyatda, ijtimoiy guruhlarda, shaxs bilan ijtimoiy guruh, ayrim shaxslar o‘rtasidagi va, nihoyat, shaxsning o‘zidagi ziddiyatlarga asoslangan. Inson xulqida tashqi holatlar tizimi unda shakllangan ichki shart-sharoitlar tizimi orqali namoyon bo‘ladi. Ushbu ichki shart-sharoitlarga quyidagilar kiradi: qadriyatli mo‘ljallar tizimi, axloqiy yo‘nalishlar, xatti-harakatning umumlashgan usullari, o‘zini o‘zi tartibga solishning psixodinamik xususiyatlari.
Inson xulqida na obyektiv, na subyektiv omillarni alohida ajratish mumkin. Hech bir tashqi yoki ichki holat o‘z-o‘zicha axloqiy aktni yuzaga keltirmaydi. Axloqiy akt - tashqi va ichki jihatlarning «tutashuvi». Odamlar ijtimoiy shart-sharoitlarga passiv bog‘liq emasdirlar. Ijtimoiy omillar odamlar xulqiga bevosita emas, balki ko‘plab ichki shaxsiy, ichki individual hodisalar orqali ta’sir ko‘rsatadi. Ijtimoiy ta’sirlar individual tabiiy asosga turlicha ta’sir qiladi (va bu ba’zan «jinoiy tabiat» illuziyasini yuzaga keltiradi).
Shaxs qanchalik kam ijtimoiylashgan bo‘lsa (bu, odatda, jinoyatchi shaxsining o‘ziga xos xususiyatidir), biologik omillarning avtonomlashuv ehtimolligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Insonning ruhiy rivojlanishi qanchalik cheklangan bo‘lsa, uning xulqida iyerarxik jihatdan quyi turadigan motivatsiya darajalari shunchalik katta rol o‘ynaydi.
Ammo «biologik» tushunchasi ham insonda hayvoniy instinkt- larning ko‘rinishi sifatida talqin etilmasligi kerak. Inson hayvondan farqli ravishda mavjudlik usullarida tabiat tomonidan belgilab qo‘yilmaydi. Insonning biologik meros bo‘lib o‘tgan xislatlari uning muayyan ruhiy xislatlari rivojlanishining kichik tizimi sifatida tushunilishi kerak.
Ruhiy anomaliyalar, irsiy (genetik) ildizlarga ega bo‘lgan asabiy-ruhiy buzilishlar faqat noqulay muhit ta’siridagina jinoiy xulqning sababi bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |