§. YURIDIK PSIXOLOGIYADA «JINOYATCHI SHAXSI» TUSHUNCHASI
Biz jinoyatchi shaxsning psixologiyasini o‘rganishda bu muhit bilan aloqada va kriminogen vaziyatda shaxsning jinoiy xatti-harakat sodir etishini taqozo qilgan undagi g‘ayriijtimoiy xususiyat, o‘ziga xoslikning manbalari, shakllanish yo‘li va mexanizmlarini hisobga olishimiz zarur41.
Jinoyatchi shaxsi haqida turli qarashlar mavjud bo‘lib, bu borada rus olimi G. M. Minkovskiy qo‘yidagi fikrni bayon etadi. «Jinoyatchi shaxsi haqida shaxs jinoyat sodir qilgan vaqtdan boshlab, to u tuzalish yo‘liga kirguniga qadar, ya’ni ijtimoiy xavflilik yo‘qolgan vaqtgacha gapirish mumkin»42.
G. A. Avanesov inson xatti-harakatida salbiy rol o‘ynovchi quyidagi biologik shart-sharoitlarni ajratadi:
ko‘pincha jinsiy buzilish va jinoyatlarning sababiga aylanadigan biologik ehtiyojlar patologiyasi;
asab tizimining qo‘zg‘aluvchanligini kuchaytiradigan, noadekvat reaksiyani keltirib chiqaradigan va harakatlarni ijtimoiy nazorat qilishni qiyinlashtiradigan asab-ruhiy kasalliklar (psixopatiyalar, nevrosteniyalar, kasallik va sog‘liq chegarasidagi holatlar);
aqli zaif bolalarning 40 % chalingan irsiy kasalliklar, ayniqsa, spirtli ichimliklar sababli og‘irlashgan turlari;
turli xil psixosomatik, allergik, toksik kasalliklarga olib keladigan va qo‘shimcha jinoiy omil bo‘lib xizmat qiladigan psixofiziologik zo‘ri- qishlar, aniq vaziyatlar, atrof muhit kimyoviy tarkibining o‘zgarishi, energiyaning yangi turlaridan foydalanilishi43 hisoblanadi.
Jinoyatchi shaxsi bilan jinoiy jazoning umumiy asoslari hamda javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarning aksa- riyati bir-biri bilan bog‘liqdir. Agar jinoyat bilan bog‘liq sabab va oqibatlar zanjirini u rivojlangan ketma-ketlikda emas, balki aksincha, oxiridan, ya’ni sodir etilgan jinoyatdan uning tarixi tomon ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, avvalo jinoyatdan avval kelgan hamda subyektning ongida ildiz otgan psixologik hodisalar majmuiga e’tibor qaratishimiz lozim. Boshqacha aytganda, gap jinoyatchi shaxsining xususiyatlari, jinoyat sodir etilishining eng yaqin va bevosita sababi bo‘lgan subyektiv xislatlar haqida bormoqda.
Jinoyatchi shaxsini tavsiflash individning tipologik kriminogen muhim xislatlarini tekshirish va aniqlash demakdir.
Jinoyatchi shaxsi - individ sodir etgan muayyan turdagi jinoiy qilmishni keltirib chiqargan tipologik xislatlari majmui.
Jinoyat individning jinoiy xulqqa azaldan moyilligidan, hatto individ to‘g‘ri yashashni istamaganligi yoki tushunmaganligidan ham emas, balki ushbu shaxsda uning ijtimoiy voqelikning muayyan tomoniga noto‘g‘ri munosabatini keltirib chiqargan mazmuniy hosilalar tizimi mustahkamlan- ganligidan sodir etiladi.
Jinoyat sodir etgan shaxsni baholaganda unda ustunlik qiluvchi, uning xulqi va hayotiy faoliyati uchun umumiy yo‘nalishni hosil etuvchi mayllari hamda hayoti va faoliyatining umumlashgan usullarini aniqlash zarur.
Inson haqida uning voqelikka munosabati namoyon bo‘ladigan ishlari bo‘yichagina hukm chiqarish mumkin. Inson o‘z xatti-harakatlarining butun tizimini hatto anglamasligi ham mumkin, chunki ularning bir qismi ong ostida bo‘ladi. Biroq, har qanday ongli harakatga inson o‘zi uchun foydali va zarur harakat, shaxsiy qadriyat sifatida «sanksiya» beradi.
Jinoyatchilar xulqida jinoiy qilmishning o‘zi uchun foydaliligini noto‘g‘ri baholashdek umumiy kamchilik bor. Ular o‘z qilmishlarining g‘ayriijtimoiy mohiyatini ko‘proq yoki kamroq darajada anglagan holda, odatda o‘zini oqlaydigan motivlar, bahonalar tizimini keltiradilar va jinoiy maqsadlarga erishishlariga xalal beruvchi qadriyatlarni rad etadilar. O‘z harakatlarini oqlash asosida javobgarlikdan bo‘yin tovlash aksariyat jinoyatchilarga xos xususiyat. Jinoyatchi shaxsida o‘zini ruhiy jihatdan himoyalash tizimi shakllanadi.
Jinoiy qilmish sodir etgan jinoyatchi o‘zini juda yuqori tutadi. Bu esa jinoyatchida o‘zini nazorat qilish borasida chuqur buzilishlar borligidan dalolat beradi.
Oldindan rejalashtirilgan jinoyatni oqlash turli usullar bilan amalga oshiriladi:
jinoyat qurbonining aybdorligini bo‘rttirib ko‘rsatish;
ijtimoiy va huquqiy normalarni g‘ayriijtimoiy guruhlar (banda, o‘g‘rilar to‘dasi)ning qoidalariga qarshi qo‘yib qadrsizlantirish;
javobgarlikni boshqalarning gardaniga yuklash, yuzaga kelgan vaziyat bilan o‘zini oqlash va hokazo.
Ijtimoiy qadriyatlardan begonalashgani bois jinoyatchi ruhiy dekompensatsiyalar, ichki ruhiy muvozanat hosil qiluvchi soxta his- tuyg‘ulardan foydalanadilar. Jinoyatchi o‘zining jinoiy xulqi sabablarini salbiy xislatlarida emas, balki tashqi holatlar, boshqa odamlarning xatti- harakatlarida ko‘radi.
Jinoyat motivlari jinoyatchining shaxsiy salbiy xislatlari - g‘araz, kek saqlash, rashk, shuhratparastlik, yolg‘on qarashlar tizimi (burch, o‘rtoqlik kabi xislatlarni noto‘g‘ri tushunish) orqali shakllanadi.
Retsidivist jinoyatchilarga motivatsion-ehtiyojlar sohasidagi yanada chuqur o‘zgarishlar xos. Bunday jinoyatchi nihoyatda qo‘pol bo‘ladi, harakatlari esa boshqaruvning past impulsiv darajasida sodir etiladi. Bunday harakatlarning motivlari tig‘iz bo‘ladi, bu esa «motivsiz» jinoyat ko‘rinishini hosil qiladi.
Aksariyat jinoyatchilar ko‘p narsaga da’vogar bo‘lsalarda, buni amalga oshirish imkoniyatlari juda kam bo‘ladi. Ushbu holat ularning ichki shaxsiy nizolari asosida shakllanadi.
Bir qator holatlarda jinoyatchining shaxsi zavol topgan bo‘ladi, bu uning qadriyatlar va normalar tizimi buzilgani, dezintegratsiyasi, voqelikni noto‘g‘ri aks ettirishida ko‘rinadi. Zavol topgan shaxsning ehtiyojlari iyerarxik jihatdan uyushmagan, uning xulqini bir daqiqalik, muayyan vaziyat bilan bog‘liq mayllar, eng quyi darajadagi ehtiyojlar yo‘naltirib turadi.
Jinoyat sodir etgan shaxslarning ehtiyojlari asosan quyidagi xususiyatlarga ega:
ehtiyojlarning torligi, cheklanganligi, moddiy-utilitar xarakteri;
ijtimoiy zarur ehtiyojlarning (mehnat, axloqiy xulqqa bo‘lgan ehtiyojlar) rivojlanmaganligi;
shakli buzilgan, o‘rtacha me’yordan va qondirishning qonuniy imkoniyatlaridan ortiq bo‘lgan ehtiyojlar;
buzilgan ehtiyojlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |