§. ICHKI ISHLAR ORGANLARI FAOLIYATIDA ASHADDIY VA G‘ARAZLI MISH-MISHLAR VA ULARNING OLDINI OLISH
Mish-mishlar odatda asoslarga ega bo‘lmagan axborotdir. Ularning obyektiv mazmuni matbuot, radio, televideniye orqali tarqatiladigan axborotga nisbatan nihoyatda kam. Ammo faqat shu asosda ularga e’tiborsizlik ko‘rsatish, majoziy qilib aytganda, bola cho‘miltirilgan tog‘oradagi suvni bola bilan birga tashlab yuborishni anglatadi. Gap shundaki, mish-mishlar mantiqsizligiga qaramay, aholining muayyan
tabaqalari ongi va xatti-harakatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim hollarda, afsuski, mish-mish gaplar xatti-harakatning rasmiy axborotga qaraganda kuchliroq determinanti (omili) bo‘ladi.
Shu ma’noda, mish-mish psixologik tuzilishga ko‘ra ijtimoiy hodisa bo‘lib, o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab maxsus o‘rganilib kelinmoqda. Buning sababi o‘sha yillardagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy ahvol va aholining savodsizligi bo‘lib, bundan ko‘pgina shaxslar g‘arazli niyatlarda foydalanishgan. Shu davrda mish-mishlar insonlar hayoti va taqdirida katta rol o‘ynagan.
Ichki ishlar idoralarining mish-mishlarga qiziqishi bejiz emas, albatta. Mish-mishlar ko‘pgina holatlarda operativ vaziyatni murakkablashtiruvchi juda xavfli omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, u yoki bu tovar narxining oshirilishi haqidagi mish-mish xaridorlarning do‘konlarga ommaviy «oqib borishiga» hamda oson pul topishga qiziquvchilar foydalanib qoladigan sun’iy taqchillikning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Odamlar orasida tarqatiladigan xilma-xil mish-mishlarning barchasini bir qator asoslarga ko‘ra tasniflash mumkin.
Aks ettirilayotgan voqea adekvatligiga ko‘ra, mutlaqo ishonchsiz, haqiqatga yaqin unsurlari bo‘lgan ishonchsiz, haqiqatga o‘xshash hamda haqiqatga o‘xshamaydigan elementlari bo‘lgan ishonchli mish-mishlarga ajratiladi.
Mish-mish tarqatuvchining so‘zlaridan aniqlanadigan pozitsiyalarga ko‘ra quyidagilar ajratiladi: istak mish-mish, bunda xabar amalga oshmagan istak tufayli umidsizlik keltirib chiqarish va, binobarin, odamlarni tushkunlikka tushirish maqsadiga ega bo‘ladi; qo‘rqituvchi mish-mish - tashvish, qo‘rquv va ishonchsizlik kayfiyati ustunlik qiladigan odamlar orasida eng samarali tur; tajovuzkor mish-mish, u muayyan shaxslar yoki muayyan odamlar guruhlariga nisbatan adovat (nafrat) urug‘ini sochadi; ajratuvchi mish-mishlar, bular odamlarning o‘zaro munosabatlarida nizo-janjal keltirib chiqaradi, ular o‘rtasida shubha, ishonchsizlik kabilarni yuzaga keltirib odatdagi ijtimoiy aloqalarni buzadi1.
Kelib chiqishiga ko ‘ra tartibsiz ravishda yuzaga keladigan yoki atayin o‘ylab topiladigan mish-mishlar bo‘ladi. Oraliq turlari ham bo‘lishi mumkin. Ba’zan mish-mish o‘z-o‘zidan yuzaga keladi, ammo muayyan zaminga tushgach, axborotni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib o‘zgartirishga tayyor, uning tarqalishidan manfaatdor shaxslar topiladi. Dastlab mish- mish atayin tarqatilgan, ammo stixiyali ravishda amal qiluvchi ijtimoiy- psixologik mexanizmlarga tushib, ular tufayli ko‘p bora kuchaygan hollar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, dushmanlarning mamlakatimizga qaratilgan radio eshittirishlarida mavjud bo‘lgan ba’zi mish-mishlarni siyosiy va axloqiy jihatdan yetarlicha yetuk bo‘lmagan odamlar eshitib, o‘z harakatlarining oqibatlarini o‘ylamay uni yana tarqatgan hollarda ana shunday bo‘ladi.
Odamlar ongiga ta’sir kuchiga ko‘ra mish-mishlar quyidagi turlarga bo‘linadi. Ijtimoiy fikrni qo‘zg‘atuvchi, ammo aniq ko‘rinib turgan g‘ayriijtimoiy xulq sohasiga kirmaydigan mish-mishlar; aholining muayyan qismida g‘ayriijtimoiy xulqni keltirib chiqaradigan mish- mishlar; odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni buzuvchi va jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishga (masalan, stadionlardagi tartibsizliklar, tabiiy ofat sharoitidagi sarosimalar va boshqalarga) aylanuvchi mish- mishlar mavjuddir.
Mish-mishlar muayyan psixologik sharoitlar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi. Ushbu sharoitlarni tushunish uchun taniqli olim P. V. Simonov his-hayajonlar (emotsiyalar) axborot nazariyasiga qiziqish uyg‘otadi39, degan fikrni bayon qilgan.
Ushbu nazariyaga ko‘ra, vaqtning har bir muayyan daqiqasida dolzarb bo‘lgan ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun inson aniq harakatlar sodir etishi kerak. Lekin u doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi ehtimolli muhitda harakat qilgani bois, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun unga ehtiyojlarini qanoatlantiruvchi narsalar va shart-sharoitlar haqidagi axborot kerak bo‘ladi. Ehtiyoj qanchalik keskin bo‘lsa, insonning zarur axborotni izlashga qaratilgan faoliyati ham shunchalik jadal bo‘ladi. Agar inson xatti-harakati (xulqi)ni tashkil qilish uchun yetarli axborotga ega bo‘lsa, his-tuyg‘ular (emotsiyalar) amalda yuzaga kelmaydi, yuzaga kelsa ham juda sust ko‘rinishga ega bo‘ladi. P. V. Simonovning yozishicha, agar raqibni yengish usullari yaxshi ma’lum bo‘lsa va unga qarshi kurashayotganlar ana shu usullarni bilsalar, g‘azabning keragi yo‘q; himoya vositalari mavjud bo‘lsa va samaradorligi shubha uyg‘otmasa, tashvish va qo‘rquv uchun sabab yo‘q. Inson tasarrufidagi axborotning yetarli emasligi natijasida aniq vaziyatlarda salbiy hissiyotlar yuzaga keladi. Axborotga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirish uchun zarur debbashorat qilinayotgan hajmdan ortib ketganida insonni ijobiy hissiyotlar chulg‘ab oladi.
P. V. Simonov matematik simvollardan foydalanib quyidagi ifodani keltiradi:
H=E (Z-M),
bunda H - hissiyotlar; E - ehtiyojlar; Z - ehtiyojni qondirish xulqini tashkil qilish uchun zarur hisoblangan axborot; M - mavjud bo‘lgan, ya’ni inson tasarrufidagi axborot.
Bizning mavzuga tatbiq etganda mazkur ifodani quyidagicha talqin etish mumkin. Agar ehtiyoj nolga teng bo‘lsa (masalan, u yoki bu voqea insonni aslo qiziqtirmasa), u holda shaxs axborotga muhtoj bo‘lmaydi va bu masalada hissiyotlar yuzaga kelmaydi. Binobarin, mish-mishlar yuzaga kelishi uchun ham asos bo‘lmaydi. Ehtiyojni qondirish uchun zarur deb hisoblangan axborot (Z) mavjud axborot (M)ga teng bo‘lganida ham ular yuzaga kelmaydi. Agar muayyan sababga ko‘ra odamlarning bunday axborot bilan to‘liq ta’minlangan jamoasiga tashqaridan mish-mishlar kirsa, bundan keyin ular tarqalmaydi, balki uning ichida barham topadi.
M nolga teng bo‘lganida, ya’ni inson o‘z xulqini tashkil qilish va dolzarb ehtiyojini qanoatlantirish uchun zarur bo‘lgan hech qanday axborotga ega bo‘lmasa, hissiyotlar maksimal ahamiyatga ega bo‘ladi, mish-mishlar uchun esa eng qulay zamin yuzaga keladi. Bir tomondan, ehtiyojlarni qondirish uchun harakat qilishdek keskin zarurat, ikkinchi tomondan, buning uchun kerakli har qanday axborotning yo‘qligi insonni axborot manbalarini baholashda ularning farqiga yetmaydigan qilib qo‘yadi.
Mish-mishlar nafaqat hech qanday rasmiy axborot bo‘lmagan sharoitda, balki bunday axborot odamlarning qiziqishlarini qondirmagan, yetarlicha ishonchli bo‘lmagan yoki shubhali bo‘lgan hollarda ham yuzaga keladi va tarqaladi.
Inson unga kelayotgan axborotni beparvolik bilan qabul qilmaydi. U ushbu axborotni o‘z qarashlari va e’tiqodlari, yanglishuvlari va xurofotlari, mayl va xush ko‘rmasliklari bilan solishtiradi. Shaxs agar norasmiy yo‘llar bilan boshqa xabar olgan bo‘lsa, rasmiy axborotga tanqidiy munosabatda bo‘ladi. Bunday vaziyatda nafaqat axborot berish, balki qayta ishontirish talab etiladi. Bu esa yanglishayotgan odamning o‘zi uchun ham, uni qayta ishontirayotganlar uchun ham juda qiyin bo‘ladi
.Psixologiya fanida axborotni odamlar aynan o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun tarqatadilar va o‘zlashtiradilar deb to‘g‘ri ta’kidlanadi1. Ushbu ehtiyojlarni ularning mish-mishlar bilan qondirilishi nuqtai nazari bilan ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |