Farmoniga o’zi qo’l qo’yadigan bo’ldi. Vaholanki, biz buni dunyodagi juda ko’p mamlakatlarda
bo’lgani kabi qonuniy yo’lga qo’ymoqchi edik.
Oldinroq bir savoli uchun kamsitilgan Toyiba To’laganovaning talabini himoya qilib, Karimov
bilan biroz tortishgan edim va uning bu gapidan keyin yana so’z so’ramay tura olmadim.
-Masalani soddalashtiradigan bo’lsak, hovlingizning to’rida qurilish qilmoqdasiz, mehmonxona.
Uyda g’isht, yog’ va non tamom bo’lgan. Tushlikda “Ochqoldim” deb dod soldingiz. Xotiningiz
qo’lida pul yo’qligini aytdi. Chunki siz sandiqdagi pul faqat qurilishga deb ajratib qo’ygan edingiz.
Nima qilasiz, ochlikka chidaysiz-mi? Axir bugun mamlakat bo’ylab kerakli, zarur qurilishlar,
masalan ishlab chiqarish korxonalari emas, asosan ma’muruy binolar qurilmoqda. Shunday ekan
siz keltirgan sabab loyihani qoldirishga asos bo’lolmaydi,-dedim .
Karimov qizarib ketdi va jahlini yashirishga har qancha urinmasin baribir baland ovozda gapira
boshladi:
-Siz samarqandlik bo’la turib shunday deyishingizga hayronman. Temurlang dunyodagi eng katta
diktator bo’lgan. Ammo bugun u qurgan binolar tufayli Samarqand dunyoga mashhur, uning o’zi
ham. Uning
kalladan minora qurganini emas, balki Samarqandda loydan qurgan minoralariga
oshiq hamma.
Biz qornimizni emas, kelajakni o’ylashimiz kerak…
Qaytib joyimga o’tirmasdan Karimovning gapini eshitib turganim uning asabiga tegdi va “Yana
nima demoqchisiz?” degandek gapini to’xtatib menga qaradi.
-Birinchidan,- dedim,- siz ham samarqandlik va o’sha minoralarning yonida kattta bo’lgansiz.
Ularni boshqalar qurishgan. Samarqandda Amir Temur qurdirgan bitta maqbaradan boshqa deyarli
ko’zga tashlanadigan bino qolmagan. Lekin Samarqandni dunyoga mashhur qilgan narsa
Temuriylar davrida madaniyat va san’atning rivojlanganidir. Biz bugun madaniyat va san’atni
faqat ma’muriy binolar qurish, deb bilayotgan bo’lsak, katta xato qilgan bo’lamiz.
Ikkinchidan esa, Temurlang deb uni kamsitish uchun aytishgan.
Karimov cho’ntagini kovlab, kichik daftarchani oldi. U turli ihtiboslarni pala-partish yozib yurar
ekan, shu damda keraklisini topa olmadi:
-Hozir
topolmadim, lekin yozib qo’ygandim, Temurlang… kechirasiz Amir Temurning o’zi
“Bizga baho berish uchun biz qurdirgan hashamatli binolarga nazar soling” degan,-dediyu bir zum
boshini egib o’ylanib qoldi.
U qachon o’zbekchada tortishuvga kirsa, mantiqli javob topolmasdan yutqazishini bilardi.
Shu topda uning bu gapiga ham javobim tayyorligini bilgani uchun ham boshini ko’tarmay, aslida
gapimda jon borligini ta’kidlab, mavzuni boshqa tomonga burib yubordi.
Ammo mana shu qisqa savol-javobning o’zi uning ko’nglida nima yotganini yaqqol ko’rsatib
bergandi.
Shu bois oradan bir yil ham u o’tmay o’zini “Amir Temurning davomchisi” degan siyosatni
boshlatdi. Bu eng avvalo uning nutqlarida va gazetalardagi maxsus
yozdirilgan maqolalarda
ko’rina boshladi.
Matbuotda Islom Karimovni Amir Temurga tenglashtirib yozish musobaqaga aylandi.
Tarixga, millatga, o’z-o’ziga haqorat kundan kunga «gullab ketdi».
1994 yilda quvg’inda, Bakuda Amir Temurning tuzuklarini takror o’qidim. Undagi 12 qoida
bilan
Islom Karimov faoliyatini solishtirishga urindim. Tuzuklarda keltirilgan sifatlarning qaysi biri
Islom Karimovda bor degan savolga javob qidirdim.
Do'stlaringiz bilan baham: