Li Sin Man (1875-1965) – Janubi Koreyaning 1948-1960 yillardagi prezidenti. Xalq qo’zg’oloni natijasida iste’foga chiqishga majbur bo’ldi.
Ikki davlat o’rtasida tez-tez chegara to’qnashuvlari bo’lib turdi va 1950-yilning iyunida Shimoliy Koreya qo’shinlari 38-parallelni kesib o’tib, Janubiy Koreyaga bostirib kirdi. Bu mojaroga AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Turkiya jalb etildi. Bular BMT bayrog’i ostida qatnashishdi. General Makartur qo’mondonligidagi qo’shin avvaliga Shimoliy Koreya qo’shini hujumini qaytardi, so’ngra ularni qariyb Manchjuriya chegaralarigacha chekinishga majbur etdi. 1950-yilning oxirlarida xitoylar Shimoliy Koreyani qo’llab-quvvatlash uchun qo’shin yubordi, amerikaliklar esa chekinishga majbur bo’ldi. Oxir-oqibatda 38-parallel bo’yicha chegara tiklandi. Yarashuv 1953-yil 27-iyulda XXR, KXDR va AQSH vakillari tomonidan imzolandi. Amerikaliklar urushda 142 ming kishidan ajradi, BMT qo’shinlari asosiy kontingenti 17 ming kishini yo’qotdi. Yarashuvga imzo chekilgandan so’ng Koreya yarimorolini birlashtirish muammosini hal etish kerak bo’ldi. 1954-yilgi Jeneva konferensiyasi ijobiy natijalarni bermadi. Shimoliy Koreya iqtisodiy kuchsiz edi. Hududi jihatidan u Janubiy Koreyadan katta bo’lsa ham, iqtisodiyoti og’ir holga kelgan, qariyb barcha elektr stansiyalari ishdan chiqqan, shaharlari vayronagarchilikdan iborat edi. Baribir mamlakatni birlashtirish Shimoliy Koreya rahbariyatining asosiy siyosiy shioriga aylandi. AQSH urush tugagandan so’ng Janubiy Koreyadan ketishga harakat qilmadi. Ular bu yerda harbiy infratuzilma, yo’llar va harbiy shaharchalar, portlar va yerosti yo’llari, harbiy qurol-aslaha omborlari bo’lgan qariyb 40 ming kishilik harbiy qismlarni saqlab turishdi. Bunday sharoitda mamlakatning birlashishi uchun kurash Amerika qo’shinlarini Koreya yarimorolidan quvib chiqarish kurashiga aylandi. Shimoliy Koreya rahbariyati birlashtirish bo’yicha yangidan-yangi takliflarni yil sayin olg’a surib bordi. 1975-yilda BMT Bosh Assambleyasining 30-sessiyasi Janubiy Koreyada BMT bayrog’i ostida kiritilgan barcha xorijiy qo’shinlarni chiqarish, mamlakatni birlashtirish, iqtisodni ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlarni ko’zda tutuvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Biroq AQSH, uning ittifoqchilari va Janubiy Koreya hokimiyati bu rezolyutsiyani inkor etdi. Urush tugagandan so’ng Shimoliy Koreya mamlakatda sotsializmni e’lon qildi. Sanoat korxonalari natsionalizatsiya qilindi (90 foizi). Urushdan keyingi iqtisodiy qurilishning bosh yo’li ustuvor tarzda og’ir sanoatni rivojlantirish va davlat rejalashtirilishi va nazorati qattiqqo’llik bilan amalga oshiriladigan "sotsialistik" industrlashtirishni ko’zda tutdi. Qishloq xo’jaligida barcha joylarda kooperativ xo’jaliklar joriy etildi. 1956-yilda ular qariyb 90 foiz dehqon xo’jaliklarini birlashtirdi. 1958-yilning avgustiga kelib, barcha dehqonlar kooperativlar a’zosi bo’ldi. Siyosiy rahbarlikni bir partiya - Koreya Mehnat partiyasi (KMP) amalga oshirdi, tashqi va ichki siyosat esa "ulug’ dohiy" Kim Ir Sen qo’lida jamlandi. KXDR iqtisodiy qurilishda bir qator yutuqlarga erishdi. Qishloq xo’jaligida o’z-o’zini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to’liq ta’minlashga imkon beruvchi darajaga erishildi. Sanoatda elektroenergetika, qora va rangli metallurgiya, ko’mir, tog’-kon sanoati rivojlandi. Mamlakatda ko’ptarmoqli mashinasozlik yaratildi. Bularning hammasi 1970-yil noyabrda bo’lib o’tgan Koreya Mehnat partiyasining V s’ezdida KXDR sotsialistik industrial davlatga aylandi, deb qayd etishga asos berdi. 1972-yilda qabul qilingan Konstitutsiyada demokratik tamoyillar so’zlarda qaror toptirilgan bo’lsada, amalda bir partiya, bir shaxs diktaturasi qonunlashtirildi. 1980- yilning oktyabrida chaqirilgan KMP VI s’ezdi 80-yillarda "sotsializm to’liq g’alaba qozongan va xalqning moddiy va madaniy turmush tarzi keskin ko’tarilgan jamiyatga muvofiq keluvchi mustahkam moddiy-texnik bazani yaratish" vazifasini ilgari surdi. Shimoliy Koreyada totalitar tuzum va "dohiy" Kim Ir Sen shaxsiga sig’inish shakllandi va bu ayniqsa Shimoliy Koreya rahbariyati o’z g’alabasini e’lon qilgandan so’ng kuchaydi. G’alabaga erishishdagi asosiy xizmat buyuk "dohiy"niki qilib ko’rsatildi. KXDRning iqtisodiy o’sishi tez bo’lmasa ham barqaror va mustahkam edi. Yalpi milliy mahsulot o’sishi yiliga 3-5 foizni tashkil etdi. Biroq Sovet Ittifoqining barham topishi va yordamning to’xtatilishi uning iqtisodiyotiga katta zarar keltirdi. To’liq bozor munosabatlariga o’tgan XXRdan ham yordam kelmay qoldi. 80-yillar oxirlaridan KXDR iqtisodiyotida og’ir ahvol yuzaga keldi. 90-yillar boshlarida iqtisodiyotni haqiqiy inqiroz qamrab oldi. Ko’plab sanoat korxonalari buyurtmasiz qolib, ishni to’xtatdi. Ishsizlik boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |