27-§. XITOY 50-90-YILLARDA
2-jahon urushi tugagagach, Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) va Gomindan partiyasi o’rtasida kurash boshlandi.1946-yil yozida Gomindan armiyasi XKP nazoratidagi Xitoy rayonlarida hujum operatsiyalarini boshladi. Yangi fuqarolik urushi boshlandi. Ular ma’lum bir hududlarni egallashga muvaffaq bo’ldi. Biroq Xitoy Xalq ozodlik armiyasi (XXOA) yirik mag’lubiyatni chetlab asosiy kuchlarini saqlab qola oldi. 1948-yil avgustdan vaziyat o’zgardi. XXOA qarshi hujumga o’tdi va Gomindan qo’shinlariga qaqshatli zarba berdi. 1949-yil sentyabrda "Umumiy dastur" qabul qilindi va u 1954-yilgacha Xitoyda vaqtinchalik konstitutsiya vazifasini o’tadi. Unda xalq demokratiyasi tamoyillari hamda ishchilar sinfi va dehqonlar ittifoqi asosidagi Xitoy Xalq Respublikasi davlati tashkil etilganligi e’lon qilindi. Umumiy dastur Yevropa mamlakatlarining Xitoydagi alohida huquq va imtiyozlarini bekor qildi. 1949-yil sentyabr oyida XXOA askarlari Xitoy poytaxti Pekinga kirib keldi. 1949-yil 11 oktyabrda XXR tashkil topganligi rasmiy e’lon qilindi. Inqilob g’alaba qozondi va Xitoyning mustamlakaga aylanishiga chek qo’yildi. Xitoy o’sha paytda ishlab chiqarishi past agrar mamlakat hisoblanar, asosan xorijiy sarmoya hukmronlik qilar edi. Mamlakatda dunyodagi eng past iste’mol darajasi va ulkan ishsizlar armiyasi mavjud bo’lgan. Fabrika zavod korxonalari umumiy ishlab chiqarishning arzimas qismini tashkil etib, ko’pgina korxonalar eng oddiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan edi. Qishloqlarda esa yarim natural xo’jaligi nukmronlik qilganligi qoloqlikning bir sababi bo’lgan. Xitoydagi inqilob uning tashkilotchisi va rahbari Mao Szedun nomiga "maoistik" inqilob deb yuritila boshlandi. Maoizmning o’ziga xos tomoni uning "kazarma kommunizmi" deb ta’riflangan siyosatida edi. Maoizm harbiy-byurokratik partiya guruhlari diktaturasini o’rnatib, barcha iqtisodiy va ijtimoiy qonunlarga teskari tuzumni barpo qildi. Rahbariyat o’zboshimchalik bilan qarorlar qabul qilar, ammo sodda, ommabop shiorlar orqasiga bekinishga usta edi. Shu bilan birga yangi Xitoy qurilishining boshlang’ich bosqichida maoizm iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda ma’lum bir yutuqlarga erishdi. 1950-yilda yer islohoti o’tkazilib, 300 million yersiz va kam yerli dehqonlar 47,6 million gektar yerga hamda ishlab chiqarish vositalariga ega bo’ldi. Xitoydagi feodal yer egaligi yo’q qilindi, zamindorlar esa sinf sifatida tugatildi. Bu Osiyodagi eng keskin agrar islohot bo’ldi. 1953-yilda sanoat tiklandi, 1955-yilda esa xalq xo’jaligi birinchi besh yillik rejasi qabul qilindi. Unga ko’ra 694 ta yirik sanoat ob’ektlari qurilishi mo’ljallangan. Sobiq xususiy korxonalar ularning egalari va davlatning qo’shma mulki bo’lib qoldi. Ular yuqori maosh to’lanadigan mutaxassislar holatiga o’tkazilib, yillik kapitalning 5 foizi to’lanishi kerak edi. Ayrim korxonalar xususiy mulk sifatida saqlanib, davlat buyurtmalaridan mahrum qilindi. Birinchi besh yillik reja bajarilishi bilan sanoat yalpi mahsuloti ikki baravar, qishloq xo’jaligi esa 25 foizga ko’paydi. Xalqning turmush darajasi ko’tarildi. Ishchi va xizmatchilar ish haqi 30 foiz, dehqonlar daromadi 28 foiz oshdi. Xitoy uchun yangi sanoat tarmog’i yuzaga keldi. Xalq yerga ega bo’ldi, xorijiy kapitalning hukmronligi tugatildi. Xitoy ozod va mustaqil mamlakatga aylandi. 1958-yilda yangi jamiyat qurishga qaratilgan yo’nalish o’zgardi. "Uch qizil bayroq" shiori paydo bo’ldi. Bu iqtisodiy qonunlarga xilof ravishda ilgarigi rejalarni jadallik bilan amalga oshirish, shuningdek, Xitoy dehqonlarini birlashtirishning yangi shaklini yaratishning avantyuristik dasturidan iborat edi. Dastur umumiy holda "katta sakrash" deb nomlandi. Unga ko’ra to’rt yilda (1958-1962-yillar) sanoat ishlab chiqarishi 6,5 marta, qishloq xo’jaligi esa 2,5 baravar o’sishi lozim edi. Qishloqlardagi sobiq qishloq xo’jalik kooperativlari xalq kommunalariga aylantirildi. Ularda ishlab chiqarish qurollari, uy-ro’zg’or anjomlari, chorva, turar-joy, mevali daraxtlar umumiy bo’lib qoldi. Dehqonlardan tomorqalar tortib olindi. Har bir kommunaga uyda domna pechlar qurish va unda po’lat eritish vazifasi topshirildi. Tez orada "katta sakrash" g’oyasi barbod bo’lgani ma’lum bo’ldi. 2 yilda (1958-1960) xalq xo’jaligi 100 milliard yuan zarar ko’rdi. Faqat 1965 yildagina xalq xo’jaligini 1957-yil darajasiga ko’tarishga erishildi. 1966-yil avgustda "XKP MKning ulug’ proletar madaniy inqilobi to’g’risidagi qarori qabul qilinib, unda mamlakatni kapitalistik yo’ldan borishga undovchilar yanchib tashlashga chaqirilgan edi. "Madaniy inqilob" natijasida 100 millionga yaqin kishi jabr ko’rdi. Shahar ko’chalarida "Inqilob" jangari qo’shinlaridan iborat "xunveybin"larning boshboshdoqliklari avj oldi. Kishilarni to’g’ridan-to’g’ri ko’chalar, uylardan ushlab qayta tarbiyalash maxsus lagerlariga jo’natildi. Ular orasida taniqli olimlar, partiya arboblari, davlat muassasalari xizmatchilari, san’at xodimlari ham bor edi. "Xunveybinlar" otryadlari maktab o’quvchilari, talabalar, daydilar va hayotda ishi yurishmagan omadsizlardan tashkil topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |