2-masala. “Siyosat”, “g’oya”, “mafkura”, “tarix” tushunchalari, ularning mazmun-mohiyati va namoyon bo’lish shakllari.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda siyosat tushunchasiga juda ko’plab ta’riflar berilgan. Ushbu tushunchalar qanchalik keng va xilma-xil bo’lishiga qaramay ularning o’rtasida o’zaro bog’liqlik va umumiylik mavjud.
Uni ayrim olimlar “davlat tug’risidagi fan” deb aytsalar, ayrim mutaffakkirlar u algebra ham, matematika ham emas, balki oliy matematikadir, deyishadi.
Qadimgi yunonistonliklar “siyosat” deganda davlatchilikning faqat fuqarolari ozod bo’lgan ellinlarga xos va ancha rivojlangan alohida shaklini
tushunishgan.
Siyosat quruq gaplar, mavhum iboralar, yig’indisi emas, “Siyosat” (yunoncha “politik” –davlatni boshqarish san’ati, davlat yoki ijtimoiy ish)-davlatni idora etish uslubi, san’ati: jamiyat va davlat to’g’risidagi fan deb ta’rif beriladi “Falsafa qomusiy lug’at” nomli manbada. Siyosat o’z tabiati, maqsadi va amalga oshirish uslublari, manfaatlarni ifoda etish darajasi bilan farqlanadi. Siyosat-bu qator g’oyalar, mafkuralar yig’indisi. Mamlakat taqdirini, xalq hayotini u yoki bu tomonga o’zgartiruvchi g’oya va mafkuralar, maqsadlar siyosat orqali amalga oshadi. Mamlakat siyosatda qanchalik buyuk maqsadlar sari etaklovchi g’oyalar, mafkuralar o’z ifodasini topsa, mamlakat olg’a sari taraqqiy etadi, buyuk va ulug’vor ishlar jamiyatda o’z ifodasini topadi. Agar aksincha bo’lsa, xalq hayoti, mamlakat taqdiri tanazzul sari yuz tutadi. Son-sanoqsiz begunoh odamlar o’limiga, vayrongarchiliklar, yo’qotishlarga sababchi bo’ladi. Buyuk davlatchilik siyosatiga asoslangan Germaniya fashizm siyosati, mustabid sovet tuzumi xalqning minglab ko’zga ko’ringan farzadlarini qirib yuborishga qaratilgan qatog’onlik siyosati oqibatlari tarix sahifalarida muhrlanib qolgan. Demak, siyosat-keng qamrovli ijtimoiy tushunchalardan biri bo’lib, u jamiyat hayotining xilma-xil sohalarida bo’ladigan voqea-hodisalarini o’zida aks ettiradi va uning kelib chiqishiga u yoki bu darajada sababchi bo’ladi.
Siyosat tushunchasiga turli davrlarda politologik olimlar tomonidan berilgan ta’riflar shakli jihatidan har xil bo’lsa-da, biroq mohiyati va mazmuni jihatidan umumiylikka egadir.
Ularning hammasida ham siyosiy davlat, siyosiy partiyalar, ijtimoiy tashkilotlar va harakatlarning mamlakat ichida va xalqaro maydonda ko’rsatadigan faoliyati,jamiyat ijtimoiy hayotining, hamma sohalarga ta’sir etib turuvchi vosita sifatida asoslab beradi. Demak, siyosat-bu jamiyat hayotining xilma-xil sohalarida ro’y beradigan oddiy va murakkab vazifalarni hal qilishga, aniq maqsadlarga erishishga qaratilgan faoliyat yoki vositadir.
“Mafkura”tushunchasining ta’rifiga kelsak, ko’pgina ta’riflar orasida uni muayyan bir davrda muayyan bir xalqni, millatni, ijtimoiy guruhni manfaatlaridan kelib chiqadigan maqsadlar sari etaklovchi estetik, axloqiy, xuquqiy diniy, falsafiy, siyosiy g’oyalar tizimi, deb berilgan. Demak, o’z-o’zidan anglashiladiki “mafkura” tushunchasi quyidagi xislatlarga ega bo’ladi:
1. Har bir mafkura qaysidir millatning, xalqning maqsad-muddaolarini anglatadi (milliy g’oyalar), yoxud biron-bir ijtimoiy guruhning manfaatlarini ifodalaydi (fashizm, vahobiylik):
2. Har bir mafkura, albatta, ma’lum maqsadga erishish uchun zarur bo’lgan bir necha g’oyalardan tarkib topadi (masalan, farovon hayot, tolerantlik, komil inson, yurt tinchligi,millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik g’oyalari O’zbekiston milliy mafkurasini tashkil qiladi):
3. Har bir mafkuraning dunyoga kelishi uchun etarli shart-sharoit yuzaga kelishi zarur, ya’ni jamiyatda unga ehtiyoj sezilgandagina mafkura tarkib topadi (masalan, Chor Rossiya Turkistonni bosib olgandan so’ng, bu erda milliy ozodlik harakati, jadidchilik g’oyalari yuzaga keldi):
4. Mafkura “zamon” va “makon” nuktaiy-nazaridan ham anglashiladi, ya’ni har bir mafkura ma’lum bir davrda hamda hududda paydo bo’ladi (masalan, rennesans mafkurasi o’rta asrlar Evropasida inkvizitsiya g’oyalarga qarshi kuch sifatida yuzaga keldi).
5. Mafkuralar o’z oldiga qo’yayotgan maqsadning mohiyatiga ko’ra ya’ni uning asosida qaysi qadriyatlar yotganligiga ko’ra ham farqlanadi. Agar ushbu maqsadlar taraqqiyotga, ezgulikka xizmat qilsa, u holda mafkuralar bunyodkor,agar ular tanazzulga, yovuzlikka xizmat qilsa, u xolda mafkuralar vayronkordir (masalan, javonmardlik mafkurasi o’z mohiyatiga ko’ra bunyodkor g’oyalardan tarkib topgan va ezgulikka xizmat qilgan)
6. Mafkuralar borliqning, bizning, bizni o’rab turgan atrof-olamning qaysi jihatlarini aks ettirishga qarab, ya’ni dunyoqarashning qaysi shaklida ekaniga ko’ra falsafiy, diniy, siyosiy, ilmiy kabi turlarga bo’linadi.
7. Shunday xam bo’lishi mumkinki, mafkuralar muayan ijtimoiy guruh, millat, hudud va makon chegarasidan chiqib umuminsoniylik kasb etadi va barcha xalqlar va zamonlar uchun xos bo’ladi. Bunday mafkuralar umuminsoniy qadriyatlar silsilasiga kiradi (ozodlik, hurlik, eьtiqod erkinligi)
Mafkura jamiyatning ruhi, qon tomiri, desak mubolag’a bo’lmas. Insoniyat tafakkuri tamonidan yaratilgan har qanday taьlimotning asosini muayyan mafkura tashkil etadi. Mafkurada esa o’sha davr ruhi, jamiyatning holati va odamlarning maqsadi, orzu- armonlari o’z ifodasini topadi. Mafkura tug’risida o’z asarlarining birida I. Karimov shunday taьrif bergan edi: «Odamlarning ming yillar davomida shakllangan dunyoqarashi va mintalitetiga asoslangan, ayni vaqtda shu xalq, shu millatning kelajagini ko’zlagan va uning dunyodagi o’rnini aniq – ravshan belgilab berishga xizmat qiladigan, kechagi va ertangi kun o’rtasida o’ziga xos ko’prik bo’lishga qodir g’oyani men jamiyat mafkurasi deb bilaman. »1
Tarix-bu xalq xotirasi. Tarixni xalq yaratadi. Inson o’z xotirasidan ayro yashaolmaganidek, hech bir xalq ham o’z xotirasi-o’tmishidan voz kechaolmaydi. Tarixda yaratilgan neki bo’lsa, u albatta o’sha xalqning kelajagiga xizmat qiladi. To’g’ri, ba’zan ma’lum xalqlar tarixi bilan bog’liq ko’p narsalar yo’q bo’lib ketgan, bu endi o’sha xalqning boshidan o’tkazgan tarixiy jarayoniga bog’liq. Lekin hech narsa o’z-o’zidan bor bo’lmaydi va bekorga yo’qolib ketmaydi.
Xalqning ruhida, ongida va qalbida chuqur va o’chmas iz qoldirgan tarixiy shaxslar ham xalq farzandlari ekan, ular tamonidan yaratilgan buyuk g’oyalar, ta’limotlar o’z davrida o’sha xalq hayotida muhim rolь o’ynagan.
Ta’limotlar esa qanchalik ezgu g’oyalarga asoslansa, uzoq davr o’tsa-da, hamon xalq o’rtasida o’z ahamiyatini yo’qotmaydi, aksincha xalqni ezgu maqsadlar, buyuk ishlar sari chorlab turaveradi.
Bundan 3000 ming yil avval yaratilgan muqaddas manba “Ovesto”da o’z ifodasini topgan Zardusht taьlimoti , undagi ezgu g’oyalar buyuk ta’limot sifatida odamlarni o’zaro ahillik, birodarlik, bunyodkorlik singari buyuk maksadlarga sodiq qolishga chorlab kelmoqda “Bu nodir kitob bundan XXX asr muqaddam ikki daryo oralig’ida, mangu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy tarixiy merosidir”2.
Har bir xalq o’z davlatini qurar ekan,o’zidan oldingi ajdodlari an’anasiga suyanadi, ular yaratgan g’oyalar, ta’limotlarga va tajribalarga tayanib ish ko’radi. Shuning uchun tarixni ibrat maktabi deyish mumkin. O’tmishda yaratilgan ezgu g’oyalar, alohida shaxslar tamonidan yaratilgan buyuk ta’limotlar o’sha xalqning hayotini belgilaydi, kerak bo’lsa taqdirini u yoki bu tamonga o’zgartirib yuboradi. Tarix-o’tmishda yul qo’yilgan nuqsonlarni anglamoq va ularni yana takrorlab qo’ymaslikka chorlovchi, ehtiyotkorlikka, sezgir va xushyorlikka, tashqi va ichki fitnalarga uchramaslikka, milliy birlik, hamkorlik va hamjihatlikka undovchi ko’zgu maktabdir.
Tarixga nazar solsak, O’rta Osiyo xalqi mudom ozodlik, erkinlikka intilib, o’z mustaqilligini qo’lga kiritish uchun doimo chet dushmanlarga qarshi ezgu g’oyalarni ilgari surib yashagan, shunday vaqtlar bo’lganki, ular faqat ozodlikka erishibgina qolmay, buyuk markazlashgan davlatchilik davrini ham boshidan kechirgan. O’zining tarixiy bosqichida buyuk g’oyalarni, yirik ta’limotlarni yaratgan o’zbek xalqi o’zining salmoqli tarixiga ega. Uning tarixi kabi u yaratgan g’oyalari, ta’limotlarining ham o’z tarixi, shakllanish bosqichi bordir.
Davlat dasturining asosiy tamoyili adolat g’oyasidan iborat bo’lgan A.Temur ilgari surgan markazlashgan davlat qurish mafkurasi biz uchun tarix sahifalarida qolgan bo’lsa-da, bugungi kunga kelib bu ezgu g’oya, bu buyuk mafkura mustaqil O’zbekiston davlatchiligining negizini tashkil etadi. Tarix, tarixiy jarayon o’tkinchidir, lekin unda yaratilgan muayan g’oyalar, mafkura, ezgu ta’limotlar odamlarning keyingi hayotiga xizmat qilaveradi, odamlarni buyuk maqsadlar sari etaklab boraveradi.
I.Karimov o’zining nutqlaridan birida “Tarixni bilmaganning kelajagi yo’q” degan edilar. Zero bugungi kunni qurmoq, ertangi kun rejasini tuzmoq uchun albatta kechagi kunda qilingan ishlardan xabardor bo’lmoq zarur. Yangi bir ta’limotni, yangi bir g’oyani yaratmoq uchun ham kechagi kun ta’limotini, g’oya va mafkurasini o’rganmoq, anglamoq kerak. Busiz yangi ta’limot ham, yangi g’oya, mafkura ham yaratib bo’lmaydi. Bugungi O’zbekistonning mustaqillik mafkurasi, ozodlik g’oyasi bugun paydo bo’lgani yo’q. U necha o’nlab ajdodlarimiz ilgari surgan buyuk va ezgu g’oyalarga asoslanib yaratildi. O’tgan asrning oxirlarida va asrimizning boshlarida zukko ma’rifatparvarlarimiz-Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Mahmudxo’ja Behbudiy, Fitrat va boshqa vatandoshlarimiz buyuk, tenglar ichra teng, hur va ozod, obod Vatan qurish g’oyasini ilgari surdilar, bu yo’lda shahid ketdilar. Ular ilgari surgan bu ezgu g’oyalar faqat istiqloldan so’nggina amalga oshdi. Ularning tarixga aylangan ma’rifatparvarlik ta’limotlari bugungi avlod uchun yo’lchi yulduz bo’lib xizmat qilmoqda.
Tarix-xalq o’tmishining ko’zgusi. Xalq hayotida nainki bo’lsa, bu ko’zguda aks etadi. Avlodlar esa o’sha ko’zguga qarab, o’z xalqi yutuq va kamchiliklaridan, xatolaridan baxobar bo’ladilar. Tarix ko’zgusiga qarab avlod-ajdodlar xatolarini tuzatishga intiladilar, buyuk ishlarini davom ettiradilar.
Temuriylar davridan so’ng boshlangan o’zaro nizo va parokandalik xonliklar davriga kelib avj oldi, Temur va temuriylar davrida ilgari surilgan adolat tamoyilining buzilishi, markazlashgan davlat g’oyasining barbod bo’lishi oqibatida kelgindilar yurtimiz tuprog’ini oyoq-osti qildilar va uzoq vaqt davomida bizni xalq, millat sifatida yo’qotib yuborishga qaratilgan siyosat qamchisini boshimiz uzra o’ynatib turdilar.
Turkiy xalqlarning boshiga tushgan bu ko’rguliklarni tarix hali unutgani yo’q. Bir butun xalqni parchalab tashlashga qaratilgan bu manfur kuchlarning ushbu g’oyasi turli xalqning ayanchli taqdiriga aylandi. Tarix saxifasida “Bo’lib tashla-yu, xukmronlik qil” g’oyasi kirib bormagan turkiy makon bo’lmasa kerak.
Ajdodlar qilgan xatolarni qaytarmaslik, ular yo’l qo’ygan kamchiliklarni takrorlamaslik uchun bugungi avlod o’zaro bahamjihat, birdamlik ila ish yuritmog’i zarur. Zero, bugungi globallashuv zamon, tezkor axborot davrida ongimiz va qalbimizni zabt etishga qaratilgan buzuq g’oyalar, ta’limotlarga nisbatan o’z ajdodlarimizdan qolgan va dunyo xalklari tamonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy merosni qunt bilan o’rganmoq, ular tamonidan yaratilgan ezgu goya va mafkuralar, buyuk ta’limotlarni o’zlashtirmoq, ularni iymon-e’tiqodimizga aylantirish orqali o’zimizni, kelajakni himoya qilishimiz zarur.
Shu o’rinda I.Karimovning ushbu fikrlarini keltirib o’tmoq joiz:
“... kim bo’lishidan qat’iy nazar, jamiyatning har bir a’zosi o’z o’tmishini yaxshi bilsa, bunday odamlarni yo’ldan urish, har xil aqidalar ta’siriga olish mumkin emas”.
Davlat siyosatining tarkibini tashkil etuvchi g’oyalar xilma-xil. Qanday bo’lishidan qat’iy nazar bu g’oyalar inson tafakkurining mahsulidir.
Inson tamonidan yaratilgan shunday teran fikrlar bo’ladiki, u ko’pchilikning maqsad manfaatlarini ifoda etadi, ko’pchilikni harakatlantiradi va birlashtira oladi. I. Karimov ta’kidlaganidek, o’zida gumanizm talablarini aks ettiradigan, inson kamolotiga, jamiyat rivojiga, millat taraqqiyotiga, xalqning iroda va intilishlariga xizmat qiladigan, uni jipslashtirib, oliy maqsadlar sari safarbar etuvchi g’oyalar borki, bunday g’oyalar odamlarni komillik va fozillik sari undaydi, imon-e’tiqodini mustahkamlaydi, hayotiga ijobiy mazmun baxsh etadi, buyuk va ulug’vor ishlarga chorlaydi, jamiyatni tabora taraqqiyot sari etaklaydi.
Insoniyat hayotini g’oyalar boshqaradi. Mustaqil hayotga qadam qo’yayotgan yangi avlod jamiyatda mavjud g’oyalar ta’sirida tarbiyalanadi, muayyan qarashlar va g’oyalarni o’z e’tiqodiga singdiradi, o’z navbatida yangi g’oyalarni yaratadi va targ’ib etadi. G’oyalar o’zida inson hayotini, mamlakat, xalq hayotini, taqdirini, aks ettiradi. Shu ma’noda “Insoniyat tarixi-g’oyalar tarixidir” deyish mumkin. Tarixda o’z jasorati, mardligi va qahramonligi bilan iz qoldirgan buyuk insonlar o’tganlar, ular hatto o’limga yuzma-yuz kelsa-da, o’z e’tiqodlariga aylangan g’oyalaridan voz kechmagan. Sibirning sovuq o’rmonlarida qahraton izg’irin jonidan o’tsa ham, zax erto’la azoblari holdan toydirsa ham yurt qayg’usi, vatan mehri, o’z g’oyasiga sodiqlik jadidlarga kuch bag’ishlab turdi. Sovetlarning zo’ravonlik siyosati qanchalik kuchaymasin, xalq o’z milliy g’oyalarini saqlab qolaoldi.
Insoniyat tarixida g’oyalar bilan birga, shu g’oyalarning yig’indisi sifatida turli-tuman mafkuralar ham katta rol o’ynaydi. Turli xalqlar va ijtimoiy kuchlarning g’oyaviy rahnamolari, mutafakkir va arboblari, o’zlarining manfaat va maqsadlaridan kelib chiqib, mafkuraviy ta’limot va dasturlar ishlab chiqqanlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |