«Har bir ibodatxonada yuzingizni to’g’ri tuting».
Ya’ni, «Ibodatlarni Alloh ko’rsatganidek to’g’ri holda ado eting. Ibodatlarni haqqoniy va to’g’ri ado etish Qur’oni Karim va Sunnati nabaviyada ko’rsatilgan. Har kim o’z bilganicha, otasi, ishboshisi aytganidek ibodat qilishi durust emasdir.
«Uning diniga ixlos etgan holda duo qiling».
Ya’ni «Ibodatni yolg’iz va faqat yolg’iz Allohning O’ziga xolis niyat bilan qiling. Undan boshqaga ixlos qilish shirkdir.
«Sizlarni avvalda qanday yaratgan bo’lsa, o’sha holda qaytasizlar».
Ya’ni ibtido va intiho bir xil bo’ladi. Bu dunyoga yalang’och holda keldingiz, undan yana yalang’och holda ketasiz.
4855. Nuhmon ibn Bashir roziyallohu anhumodan
rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Duo ibodatdir», dedilar va «Robbingiz:
«Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman.
Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar
Jahannamga xoru zor hollarida kirurlar»ni
Qiroat qildilar».
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu rivoyatda keltirilgan oyati karimada duo ma’nosi ibodat ma’nosi bilan bir xilda ishlatilmokda. SHundan «duo ibodatdir» degan ma’no kelib chiqadi.
«Duo ibodatdir» degan ma’no boshqacha qilib aytganda, «Ibodat duodan boshqa narsa emasdir» degan ma’noni ifoda qiladi. Bu esa duo ibodatning ko’z qismini egallashini mubolag’a bilan ifoda etishdir. Xuddi boshqa bir hadisda «Haj arafadir» deyilgani kabi.
Bu iborada «Ijobat qilinsa ham, qilinmasa ham, duo ibodatdir» degan ma’no ham bor. Chunki duo orqali banda o’zining ojizligini va muhtojligini izhor qiladi. Alloh taoloning ijobatga qodir ekanini, baxil emas, balki karamli ekanini ehtirof etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Duo ibodatdir» degan ma’noni ta’kidlash uchun Qur’oni Karimdan bir oyatni dalil qilib keltirdilar.
«Robbingiz: «Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar», dedi» («G’ofir» surasi, 60-oyat).
Allohga banda tomonidan qilinadigan duo va ibodat lug’atda bir xil ma’noni bildiradi. Duo va ibodat xoh so’zdan iborat bo’lsin, xoh amaldan, banda tomonidan Alloh taoloning roziligini izlashdir, iymon ila U Zotning roziligini so’rashdir.
Duo va ibodat bandaning Alloh taolo huzurida hojatmand ekanini e’tirof etishidir. Uzining nochorligiyu ojizligini tan olishidir. Bu ishni faqat iymoni borlargina, qalb ko’zlari ochiqlargina, o’zining kimligini anglab yetganlargina, insof qilganlargina, qalbida Allohga nisbatan kibru havo bo’lmaganlargina qiladilar.
Buni bandaga Allohning o’zi buyurgandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |