Milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi va uning transmission xususiyati
Joriy yilning 10 oyida valyuta almashuv kursi dinamikasi iqtisodiyotning fundamental faktorlari va tashqi omillar, jumladan, iqtisodiy agentlarning inflyasion va devalьvatsion kutilmalari, to‘lov balansi joriy hisoblar hisobvarag‘ining holati va xorijiy valyutadagi kreditlarga bo‘lgan talabning oshishi ta’sirida vujudga kelgan talab va taklif holatidan kelib chiqqan holda shakllanib, o‘zining o‘rtacha qiymatidan deyarli uzoqlashmadi.
Mazkur davrda dunyoning aksariyat rezerv valyutalari hamda mamlakatimizning savdo hamkorlari milliy valyutalari kurslari AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanishiga qaramasdan, milliy valyuta almashuv kursi oldingi yillarda kuzatilgan doimiy devalьvatsiya tendensiyasidan farqli ravishda turli xil yo‘nalishdagi dinamikaga ega bo‘ldi (1-rasm).
2018 yilning yanvar-iyul oylarida valyuta kursi dinamikasi asosan mavsumiy omillar ta’sirida shakllandi. Bunda yanvarь oyida eksport tushumlari va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining nisbatan kam bo‘lganligi sharoitida milliy valyuta almashuv kursi 8139 so‘m/dollardan 8247 so‘m/dollargacha pasaydi.
SHu bilan birga, mart-iyulь oylarida eksport va xalqaro pul o‘tkazmalaridan valyuta tushumlarining oshishi natijasida so‘mning almashuv kursi teskari dinamikaga ega bo‘lib, birinchi avgust holatiga 7781 so‘m/dollargacha qadri oshdi.
Bundan tashqari, chet el valyutasidagi kreditlar hajmining tez sur’atlarda o‘sishi va dollarlashuv darajasining pasayishi ichki valyuta bozoridagi xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning qisman qondirilishiga xizmat qildi. SHuningdek, milliy valyutadagi muddatli va jamg‘arma depozitlar hajmining oshishi ham so‘m almashuv kursining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatdi.
2-rasm
Manba: Markaziy bank hisob-kitoblari.
Joriy yilning avgust oyidan boshlab tashqi omillarning almashuv kursi dinamikasiga ta’siri kuchaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalari kurslarining keskin o‘zgarishi so‘m almashuv kursiga bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatdan so‘ng o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
YUqorida keltirilgan omillar ta’sirida 2018 yilning avgust oyidan boshlab so‘m almashuv kursining ichki valyuta bozoridagi sharoitlarga javoban o‘zgarishi kuzatilib, joriy yilning 1 oktyarbь va 1 noyabrь holatlariga mos ravishda 8184 va 8247 so‘m/dollarni4 tashkil etdi (yil boshida – 8139 so‘m/dollar).
Milliy valyutaning qadrsizlanishi ichki narxlar shakllanishiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘m almashuv kursining bir foizga qadrsizlanishi yillik inflyasiya sur’atining o‘rtacha 0,2 foiz bandga tezlashishiga olib keladi.
2018 yilning sentyabrь oyidan boshlab O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor mamlakatlari moliya bozorlaridagi holatning mo‘tadillashuvini inobatga olsak, ichki omillar ta’sirida joriy yil oxirigacha so‘m almashuv kursining yil boshidagi darajasiga nisbatan keskin o‘zgarishi kutilmayapti.
Milliy valyuta almashuv kursining mavsumiy omillar ta’sirida shakllangan ortiqcha baholanish tendensiyasi (currency overvaluation) makroiqtisodiy disbalansni yaratadi. Joriy hisob- kitoblar uchun ochiq iqtisodiyot sharoitida foiz stavkalarining qoplanmagan pariteti (uncovered interest rate parity, UIP) buzilishi va foiz stavkasi tafovutlari ortishi ma’lum bir muddatdan keyin ichki valyuta bozoriga bosimni vujudga keltirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |