Abu Iso at-Termiziy(824, Termiz-892, Bug’ qishlog’i, hozirgi Sherobod tumani)
Termiziy Abu Iso, Imom Termiziy (to’liq nomi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zaxdok Sullamiy Bug’iy Termiziy)-buyuk muhaddis. Uning qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. Abu Iso at-Termiziy asarlari:
«Al-Jomi’ as-sahih» («Ishonarli to’plam») asari Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, «al-Jomi’ as-sahih» bo’lib, 6 ta ishonchli hadislar to’plamidan biridir. Ushbu asar ilmiy manbalarda «Jomi’ at-Termiziy», «Sahihi Termiziy», «Sunani Termiziy» nomi bilan ham ataladi.
«Ash-Shamoil an-nabaviya» yoki «Ash-Shamoil an-nabiy sallolohu alayhi va sallam» («Payg’ambar alayhissalomning shakl va sifatlari») nomli asari Muhammad (as)ning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o’z ichiga qamragan manbadir.
«Al-Ilal fil-hadis» («Hadislardagi illatlar»).
«Risola fil-xilof val-jadal» («Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola»).
«At-Ta’rix» («Tarix»).
«Kitob uz-zuhd» («Zohidlik kitobi»).
«Kitob ul-asmo val-kuno» («Ismlar va kunyalar kitobi») va boshqalar.
1990 yil at-Termiziy tavalludining 1200 yilligi yurtimizda keng nishonlandi.
Mustaqillik yillarida at-Termiziyning yodgorlik majmuasi qaytadan ta’mirlanib, qutlug’ ziyoratgohga aylantirildi.
O’rta Osiyo xalqlari hayotida yuz bergan uyg’oniy davrining yana bir muhim jihati shundaki, bunda islom dini va uning asosiy tamoyillarini har tomonlama chuqur tadqiq etish hamda rivojlantirishda tasavvuf, sufiylik ta’limotining yuzaga kelishi va kengayishi bilan uzviy bog’liqdir. Avvalo, tasavvuf, sufiylik-islomda insonni ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari yo’llovchi ta’limot. Tasavvuf so’zining o’zagi va mazmuni haqida olimlar turli fikr va taxminlar bildirishgan. Ular ichida Ibn Xaldunning fikri haqiqatga yaqin deb e’tirof etilgan. U «Muqaddima» asarida Tasavvuf «suvf»-«jun», «po’stin» so’zidan olingan bo’lishi kerak, zero qadimdan tarkidunyo qilgan zohidlar jundan to’qilgan kiyim yoki po’stin kiyib yurishni odat qilganlar, bu bilan ular bashang kiyinib yuruvchi axli dunyolardan farqli hayot tarzini o’zlarida namoyon etganlar, deydi. Tasavvuf va «sufiy» so’zlari IX asrning boshlarida yashagan Abu Hoshim Sufiydan boshlab joriy etilgan. Undan oldingi davrlarda bu atama o’rnida «zuhd» («zohidlik», «tarkidunyochilik»), «taqvodorlik», «parhezkorlik» kabi so’zlar ishlatilgan.
O’rta Osiyoda tasavvuf ta’limotining rivojlantirishi ulug’ ajdodlarimiz- Xoja Ahmad Yassaviy, Abduholiq G’ijdivoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiylar singari allomalar nomi bilan bog’liqdir. Tasavvuf ta’limotini kengayishi natijasida O’rta Osiyoda uning turli xil yo’nalish-tariqatlari (XII asrda Turkistonda «Yassaviya», XII asr oxirida Xorazmda «Kubraviya», XIV asrda Buxoroda «Naqshbandiya») paydo bo’ldi va tarqaldi. Ushbu tariqatlarda insonlar Alloh yo’lida, haq yo’lida tinimsiz toat-ibodat, tavba-tazarru qilish barobarida ularning peshona terisini to’kib, halolu pok mehnat qilish, doimiy sa’y-harakatlarda bo’lishlari kerakligi urg’ulanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |