4. Islom madaniyati va so’fiylik. IX-XII asrlar davri nafaqat dunyoviy fanlarning yuksaklab borishi bilan, shu bilan birga islomiy madaniyat va ma’naviyatning shakllanib, chuqur ildiz otib borishi, bu sohada talay yetuk olimu ulamolarning yetishib chiqib, Vatanimiz sha’nini olamaro, ulug’laganligi bilan ham tavsiflanadi. Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo’lsa-da, biroq yangi ilohiy ta’limot Turkiston zaminida ravnaq topdi, takomiliga erishdi. Islom dini ta’limotining ravnaqi va targ’ibotining kengayishida Buxoro shahri markaziy o’rin egalladi.
Islom va uning asosiy ta’limoti aks etgan Qur’oni Karim g’oyalarining o’lka hayotiga kirib kelishi va keng yoyilishi, shuningdek, mahalliy xalqlarning musulmonchilik tamoyillari va udumlarini qabul qilishi hamda ularga e’tiqod bog’lashi davomida asta-sekin islom madaniyati shakllanib, chuqur ildiz otib bordi. Bunda shu yurt zaminidan yetishib chiqqan buyuk islomshunos allomalarning xizmati benazirdir.
Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan islomolamining buyuk siymolari
● Imom al-Buxoriy (810-870) Hadis ilmining asoschisi
● Abu Iso at-Termiziy (824-892) Hadis ilmi peshvolaridan
● Abu Mansur Moturidiy (vafoti 945 y.) Moturidiya tariqati asoschisi
● Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy (1027-1114) Kalom ilmi yirik namoyandasi
● Xo’ja Ahmad Yassaviy (1041-1167) Yassaviya tariqati asoschisi
● Najmiddin Kubro (1145-1221) Kubraviya tariqati asoschisi
● Abdulloh G’ijdivoniy (1103-XII asr ikkinchi yarmi) tasavvuf ilmi asoschilaridan
● Bahouddin Naqshband (1318-1389) Naqshbandiya tariqati asoschisi.
● Xo’ja Ahror Valiy (1404-1490) Naqshbandiya tariqatining yirik namoyadasi
Imom al-Buxoriy (810.21.7, Buxoro-870.31.8, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog’i). Buxoriy, Imom al-Buxoriy (asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy)-islom olamining yirik mutafakkiri, buyuk muhaddis. Muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni deb ham yuritiladi. Buxoriy umr bo’yi hadislarni to’plash va tizimga solish bilan shug’ullangan, ularni sahih (to’g’ri, ishonchli) va g’ayri sahih (xato, zaif)ga ajratgan. U jami 600 mingga yaqin hadis to’plagan bo’lib, shundan 100 ming «sahih» va 200 ming «g’ayri sahih» hadisni yoddan bilgan.
Imom al-Buxoriy 20 dan ortiq kitob tasnif etgan. Ulardan ayrimlari bizgacha yetib kelgan. Imom al-Buxoriy ilmiy merosi ham boy bo’lib, bunga quyidagilarni aytish mumkin:
Imom al-Buxoriyning «Al-Jomi’ as-sahih» («Ishonchli to’plam») deb nomlangan («Sahihi Buxoriy» nomi bilan ham ataladi) 4 jild (juz) dan iborat hadislar to’plami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis to’plamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir.
1322 hadis va xabar jamlangan «Al-Adab al-mufrad» («Adab durdonalari») asari katta tarbiyaviy ahamiyatga molik benazir to’plamdir. Bu asar Turkiya va Misrda bir necha marta chop etilgan. Uning o’zbekcha tarjimasi 1990 yil Toshkentda nashr qilingan.
«Kitob al-kuna» («Kunyalar haqida kitob») roviylarning kunyalariga bag’ishlangan asari, u 1940 yil Hindistonda chop etilgan.
«At-Ta’rix al-kabiyr» («Katta tarix») kitobi esa Turkiyada 9 jildda nashr qilingan. Asar qo’lyozmasining ba’zi qismlari Haydarobod kutubxonasida saqlanadi.
«At-ta’rix as-sag’iyr» («Kichik tarix») asari. U hadis tarixiga oid qimmatli asar hisoblanadi. Bu asar Hindiston va Qohirada chop etilgan.
«Kitob al-favoid» («Foydali ashyolar haqida kitob»), «Al-Jomi’ al-kabiyr» («Katta tayanch»), «Xalq af’ol al-ibod», («Alloh bandalari ishlarining tabiati»), «Al-Musnad al-ka-biyr» («Katta tayanch»), «At-tafsir al-kabiyr» («Katta tafsir»), «Kitob al-xiba» («Xayr-ehson haqida kitob») va boshqa asarlarning ba’zilari bizgacha yetib kelmagan, ba’zilari jahonning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotganligi haqida ma’lumotlar bor.
«Tafsir al-Qur’on» («Qur’on tafsiri») asarini ham alohida ta’kidlash kerak.
Istiqlol sharofati bilan Buxoriyning o’lmas merosi el-yurti bag’riga qaytdi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim bo’yicha 1225 yilligini nishonlash to’g’risida»gi qarori (1997 yil 29 aprel) asosida Buxoriyning ilmiy merosini o’rganish va targ’ib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar qilindi. 1998 yil 23 oktyabrda Samarqandda yubiley to’y-tantanalari bo’lib o’tdi. Alloma abadiy qo’nim topgan Chelak tumanidagi Xartang qishlog’ida ulkan yodgorlik majmui ochildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |