Abu Abdulloh al-Xorazmiy (Vafoti 997). Xorazmiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy (X asr)-tarixchi. Balxda tug’ilgan, somoniylar amiri Nuh ibn Mansur saroyida xizmat qilgan. Uning mashhurligi vazir Abul Hasan al–Utbiy huzurida kotib bo’lib xizmat qilgan davrida cho’qqisiga chiqqan. Shu vazifasi tufayli u «al–kitob al–Xorazmiy» nomi bilan ham tanilgan. Somoniylar vaziri Utbiyga atab qomusiy asar «Mafotih al–ulum» («Ilmlar kaliti») nomli asar yozgan. Asarda arab tilida ko’p ishlatiladigan atamalarning izohlari berilgan. Atamalar fanlar bo’yicha alohida-alohida bo’lim (15 bo’lim) qilib berilgan. Ayniqsa, ma’muriy masalalarga (ish yuritish, soliqlar tartibi masalalari, suvdan foydalanish, shuningdek, ob-havo) oid bo’limlari muhim tarixiy ahamiyatga ega.
Abu Rayhon Beruniy(973.4.9. qadimgi Kot (Kat) shahri-1048.11.12. G’azna (hozirgi Afg’onistonda). Beruniy, Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad-ulug’ o’zbek mutafakkir olimi, o’rta asrning buyuk daholaridan. O’z zamonasining hamma fanlarini, birinchi navbatda falakiyot (astronomiya), fizika, riyoziyot (matematika), ilohiyot, ma’danshunoslik fanlarini puxta egallagan. U Urganch shahridan 120 km naridagi qadimgi janubiy Xorazmning poytaxti Kot (hozirgi Beruniy) shahri yaqinida tug’ilgan. Uning nasl-nasabida «berun» so’zi «tashqi shahar», «Beruniy» esa «tashqi shaharda yashovchi kishi» ma’nosini bildiradi.
Beruniyning ilm-fanga qiziqishi yoshligidanoq kuchli bo’lgan. Mashhur olim Abu Nasr ibn Iroq Mansur qo’lida ta’lim oladi. Ibn Iroq falakiyot va riyoziyotga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bag’ishlaydi. Beruniy ona tilidan tashqari yana bir qancha tillarni: arab, so’g’diy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o’rganadi.
O’z ilmiy asarlaridan birida yozishicha, u Xorazmda yashagan davrida, 990 yillardan boshlab Kot shahrida muhim astronomik kuzatishlar o’tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o’zi astronomik asboblar ixtiro etgan. Abu Rayhon Beruniy 17 yoshligidanoq Kotda mustaqil astronomik kuzatishlar olib bordi. O’shanda u Kotning geografik kengligini o’lchadi. 994 yili, 21 yoshligida, ekliptika tekisligini ekvatorga qanchalik qiyaligini o’lchab berdi, dunyoda birinchi bo’lib globusni ixtiro qildi. Biroq Xorazm zodagonlari orasida taxt uchun boshlangan kurashlar olimning bu ilmiy ishlarini davom ettirishga imkon bermaganligi bois, 22 yoshida vatanini tashlab chiqib ketishga majbur bo’ldi va bir qancha vaqt Kaspiy dengizining janubi-Sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida muhojirlikda yashadi. So’ng qadimgi Ray shahriga bordi, 998 yildan keyin yana Jurjonga keldi va bu yerda o’zining ikkinchi ustozi tabib, astronom, faylasuf Abu Sahl Iso al-Masihiy bilan tanishib, undan ta’lim oddi. O’sha vaqtda Kaspiy oldi viloyatlarida ziyoriylar sulolasi (928-1042) hukmronlik qilgan; bu sulolaning vakili Qobus ibn Vashmgir (1012 yil o’ldirilgan) yosh olimni o’z himoyasiga oladi. Yoqut Hamaviyning yozishicha, Qobus ibn Vashmgir Beruniyga vazirlik lavozimini taklif qilgan, lekin olim bunga rozi bo’lmagan.
Beruniy amir Qobusga bag’ishlab «Al–osor al boqiya an al–qurun al–holiya» («Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar») asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshladi va bu asarni 27 yoshida 1000 yili yozib tamomladi. Bundan tashqari Beruniy Jurjonda astronomiya, netrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozdi. Beruniy 1005 yillarda Xorazmga qaytadi va so’ngroq uni yangi hukmdor Ali Abbos Ma’mun II saroyga yaqinlashtiradi. O’sha davrda Urganchda Xorazmshoh saroyida ko’p mashhur olimlar to’planib, fanning turli sohalarida ilmiy ishlar olib boradilar. «Ma’mun akademiyasi» deb nomlanadigan bu anjumanning faoliyatida Beruniy muhim rol o’ynaydi. Shu bilan birga, u shoh Ma’mun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakat siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.
Beruniyning Ibn Sino bilan yozishmalari ham uning Xorazmda turgan davrida bo’lgan. Ularning savol-javoblaridan va Beruniyning Ibn Sinoga yozgan e’tirozlaridan bizgacha faqat 18 tasi yetib kelgan. Bu yozishmalar uning tabiat falsafasi va fizika masalalari bilan ham qiziqqanini ko’rsatadi. Bu savol-javoblarda ikki mashhur olim fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issiqdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borgan. Abu Rayhon Beruniy 1016 yil Kot shahrida yashab turganida birinchi bo’lib Sharq olamida dastlabki ilmiy globusini yasagan (P.G. Bulgakov uni 995 yilda yasalgan deb yozgan), u faqat Shimoliy yarim shardan iborat eng birinchi bo’rtma (relefli) globus bo’lib, aholi yashaydigan joylar aniq ko’rsatilgan.
Xorazm Mahmud G’aznaviy tomonidan (1017) bosib olingach, Beruniy Xorazmshoh saroyidagi boshqa bir qancha olimlar bilan birgalikda G’azna shahriga olib ketildi. Beruniyning G’aznadagi davri uning ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr bo’ldi.
Beruniyning «Xorazmning mashhur kishilari» asari ham shu davrda yaratilgan. Uning geodeziyaga oid muhim asari «Taxdid nihoyot il-amokin li tashih masofot il-masokin» («Turar joylar (orasidagi) masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash») 1025 yil 18 noyabrda yozib tugatilgan. Bu asarning birdan-bir qo’lyozmasi Istanbulda, birinchi marta rus tiliga shu qo’lyozmadan «Geodeziya» nomi bilan tarjima qilindi (Toshkent, 1966). «Geodeziya» Beruniyning dunyoqarashini belgilashda boy manbalardan biri bo’lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |